Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan «Biznes hamjamiyati bilan ochiq muloqotni o‘rnatish rejalashtirilgan iqtisodiy islohotlarga erishish garovi sifatida» mavzusidagi biznes forumda ma'lum qilinishicha, ushbu markazlarda 18 ming nafardan ziyod xotin-qizlar qisqa o‘quv kurslarida o‘qitildi. Joriy yilning 9 oyi holatiga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan ayollar soni 38 ming 267 nafar bo‘lib, ular tomonidan 60 mingga yaqin ish o‘rinlari yaratildi. 2019 yilning yanvar-sentabr oylarida tijorat banklari tomonidan jami 79 ming 645 nafar xotin-qizlarga 1 trillion 924 milliard 542 million so‘mlik kreditlar ajratildi.
«Yuksalish» umummilliy harakati, O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Germaniyaning Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda ta'kidlanishicha, so‘nggi yillarda tadbirkorlarga imtiyozlar yaratish va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida izchil islohotlarga qadam tashlandi.
Ayni paytda respublikada bo‘sh va samarasiz foydalanilayotgan yirik obektlar va yer maydonlarida yo‘lga qo‘yilgan 143ta kichik sanoat zonalari, 21ta sanoat, qishloq xo‘jaligi va sayyohlik zonalari faoliyat yurityapti. O‘tgan ikki yil ichida bojxona bojlari stavkalari ikki baravar kamaytirildi, 3 ming 550 nomdagi mahsulotlarga nol stavkadagi import boji va 1 ming 222 turdagi mahsulotlarga nol stavkadagi aksiz solig‘i joriy qilindi. Soliq tizimi tubdan isloh etilib, ruxsat beruvchi hujjatlarni olish tartibi sezilarli darajada soddalashtirildi. O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 22 yanvardagi farmoniga asosan mamlakatda ikki yil muddatga tadbirkorlik sub'yektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirishga moratoriy e'lon qilindi.
«Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining 2018 va 2019 yilgi resurs mablag‘lari hisobidan 5 ming 44 nafar xotin-qizlarga 119 milliard 560 million so‘m miqdorda kreditlar berildi», dedi Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova.
Biznes forumda aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etishga to‘sqinlik qilayotgan masalalarga yechim topish, davlat organlarining tadbirkorlar bilan faol muloqotga kirishishlari va buning natijasida tizimdagi mavjud muammolarga qarshi birgalikda kurashish muhimligi alohida qayd etidi.