24 noyabr kuni Moskvada O‘zbekiston va Qirg‘izistondan bo‘lgan mehnat muhojirlari o‘rtasida ommaviy mushtlashuv ro‘y berdi. Bu haqda RF Ichki ishlar vazirligining Moskva shahri bo‘yicha bo‘limi matbuot xizmati xabar tarqatgan.
Internetda ushbu ommaviy mushtlashuv videosi ham tarqalgan, unda belkurak va lomlar bilan qurollangan o‘nlab ishchilar janjaliga guvoh bo‘lish mumkin.
OAV ma'lumotiga ko‘ra, yakshanba kuni kechqurun politsiyaga Moskva shahri markazidagi Yefremova ko‘chasida istiqomat qiluvchilardan chaqiriq tushgan. Guvohlar ko‘chada o‘nlab kishilar o‘rtasida nizo yuzaga kelgani haqida ma'lumot berishgan.
Voqea joyiga yetib kelgan politsiyachilar janjallashgan ishchilarni qo‘lga olgan. Ularga nisbatan mayda bezorilik bo‘yicha ma'muriy bayonnoma tuzilgan.
Hodisa oqibatida hech kim jarohat olmagani qayd etilgan.
«ReN.TV» ma'lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston va Qirg‘izistondan bo‘lgan mehnat muhojirlari o‘zaro futbol o‘yinidan keyin bahslashib qolishgan va bu nizo mushtlashuvga aylanib ketgan. Uchrashuv vaqtida ishchilardan biri o‘yin qoidasini qo‘pol ravishda buzgani ikkinchi tomonning «jahlini chiqargan».
«O‘yinchilar» keyinroq «gaplashib olish»ga kelishishgan hamda kechqurun lom va belkuraklar bilan uchrashishgan», deyiladi OAV xabarida.