Bugun, 25 noyabr kuni, erta tongdan, qor yog‘ib, havo harorati keskin pasayib ketganiga qaramay avtobuslar yo‘nalishlarga soz va yetarli darajada chiqarildi, deb yozmoqda “Toshshahartransxizmat” AJ.
Qayd etilishicha, qishning dastlabki sinovli kunidan yo‘nalishlarda yo‘lovchi oqimi ortgani va bekatlarda yo‘lovchilarning yig‘ilib qolish holatlari kuzatildi.
Ushbu holat yo‘llardagi tirbandlik, yaxmalak sabab harakatlanish cheklanganligi bois yuzaga kelgan. Shunga qaramay, yo‘lovchilar uchun noqulaylik tug‘dirgan bunday vaziyatlar o‘z vaqtida bartaraf etilayotgani aytiladi.
“Aziz yo‘lovchilar va haydovchilar! Yirik hajmdagi avtobuslarni bunday ob-havo sharoitida boshqarish murakkab ekanligini hisobga olib, uning harakatiga xalaqit bermasligingizni so‘rab qolardik. Zero, birgina xato ko‘plab yo‘lovchilarning aziyatiga sabab bo‘lishi mumkin”, - deyiladi “Toshshahartransxizmat” ma'lumotida.