2020 yil 1 yanvardan Toshkentda joriy etiladigan yo‘l haqi to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimi doirasida o‘qituvchilar, pensionerlar, o‘quvchi-talabalar hamda qonunchilikda belgilangan tartibda jamoat transporti xizmatidan imtiyozli asosda foydalanish huquqiga ega alohida fuqarolar toifalari uchun imtiyozlar saqlab qolinadi. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.
«Oylik yo‘l chiptalari saqlanib qoladi, faqat ular elektron shaklga o‘tadi. Qog‘oz ko‘rinishida bo‘lmaydi, har oy sotib olinmaydi. Hozir, masalan, talabalar oylik yo‘l chiptasiga 60 ming so‘m to‘layotgan bo‘lsa, xuddi shu imtiyozdan pulga plastik shaklidagi yagona transport kartasi orqali foydalanish mumkin. O‘qituvchilarimiz, pensionerlarimiz, o‘quvchi-talabalardan hech kim bu imtiyozni olib tashlayotgani yo‘q», deya Transport vazirligining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayevning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Transport vazirligi avtomobil va daryo transportini rivojlantirish departamenti boshlig‘i Ruslan Ro‘zimetovning ma'lum qilishicha, imtiyozli transport kartalari shaxsiylashtirish va karta tannarxi bo‘yicha sotish Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi.
«Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga ko‘ra, oylik yo‘l chiptasi jamoat transportidan bir oy davomida 133 marta foydalanish huquqini beradi. Bu Vazirlar Mahkamasi qarorida bor. Faqat shu paytgacha nazorat mexanizmi bo‘lmagani sababli buning hisobi yuritilmasdi. Shu sababli «proyezdnoy»dan bir kunda o‘n martalab foydalanilmoqda. Joriy etilayotgan avtomatlashtirilgan to‘lov tizimida ham xuddi shu oylik yo‘l chiptalari bo‘ladi», deydi Anvar Jo‘rayev.
Matbuot anjumanida joriy etilayotgan avtomatlashtirilayotgan tizim orqali yo‘l xaqi to‘lovlari yig‘imi 15-25 foizga ko‘payishi, zamonaviy texnologik yechimlarni qo‘llagan holda yo‘lovchilarning ayrim toifalari uchun joriy etilgan (imtiyozli tarif bo‘yicha va bepul tashuvlar) subsidiyalash mexanizmi maqbullashtirilishi kutilayotgani qayd etilgan.