“Nasaf” “Paxtakor”ga qarshi, “Buxoro” Navoiydagi an'anani davom ettiradimi? Superliga 24-tur prevyusi

Sport 11:24 / 23.11.2019 5116

FIFA kunlari yakuniga yetib, ushbu haftaning dam olish kunlari Superliga bahslari davom ettiriladi. Uch haftadan ko‘proq vaqt davomida dam olgan jamoalarimiz endi bir haftada uchta uchrashuvni o‘tkazib, mavsumni yakunlashadi. Kelayotgan shanba va yakshanba kunlari Superliga 24-tur uchrashuvlari doirasida bizni bir qator qiziqarli uchrashuvlar kutib turibdi.

 Superliga. 24-tur
23 noyabr, shanba
QO‘QON-1912 – AGMK
Bosh hakam: 
Sherzod Qosimov
O‘yin boshlanish vaqti: 14:30
TV-translatsiya: Sport TV

Turnir jadvalida deyarli yonma-yon borayotgan jamoalar “Qo‘qon-1912” o‘z maydonida AGMK klubini qabul qiladi. Vodiyliklar so‘nggi turda Buxoroda g‘alabaga erishib, “xavfli zona”dan uzoqlashgan bo‘lishsa-da, butkul “qochishdi” deb bo‘lmaydi. Aynan ushbu turdagi bahsdan keyin jamoa ligada qolish vazifasini bajarishi mumkin. Ammo Mirjalol Qosimov jamoasi ham so‘nggi uchta bahsdan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmayapti. “Konchilar” “Nasaf” va “Bunyodkor”ni mag‘lub etishdi, “Lokomotiv” bilan durang qayd etishdi. O‘z navbatida qo‘qonliklar o‘z maydonlaridagi so‘nggi uchta o‘yindagi mag‘lubiyatli seriyani buzishga intilishlari aniq.

Qo‘qondagi o‘zaro oxirgi 3 o‘yin:
2018 yil. Qo‘qon-1912 – AGMK – 1:2
2017 yil. Qo‘qon-1912 – AGMK – 3:0
2016 yil. Qo‘qon-1912 – AGMK – 2:1
Imkoniyatlar:
 30/40/30 

MeTALLURG – DINAMO
Bosh hakam: 
Jasur Muxtorov
O‘yin boshlanish vaqti: 14:30

So‘nggi marta Bekobodda avgust oyida g‘alaba qozongan “Metallurg” jamoasi bu turda joriy mavsumda safardagi birorta o‘yinda ham 3 ochko ololmagan “Dinamo” klubini qabul qiladi. Turnir jadvalidagi holatdan kelib chiqsak, Bekoboddagi uchrashuv mezbonlardan ko‘ra, mehmonlar uchun muhimroq. Superligada qolish uchun kurashayotgan Samarqand klubi qator mag‘lubiyatlardan keyin safarga faqat g‘alaba ilinjida borishga majbur. Tachmurod Agamurodov shogirdlari oxirgi turlarda asosiy raqobatchilari “Buxoro”dan o‘zib keta olishmasa, Superligadan tushib ketishlari mumkin. Ammo, Bekobod jamoasi ham Qo‘qon va Navoiydan ochko bilan qaytib, yaxshi sport formasiga kirayotganligini namoyish etgandi. Shunday ekan, ushbu jamoalar o‘rtasida bahs ham jangovar ruhda o‘tishi aniq.

Bekoboddagi o‘zaro oxirgi 3 o‘yin:
2017 yil. Metallurg – Dinamo – 0:2
2015 yil. Metallurg – Dinamo – 4:2
2014 yil. Metallurg – Dinamo – 3:0

Imkoniyatlar: 40/35/25 

QIZILQUM – BUXORO
Bosh hakam: 
Akobirxo‘ja Shukurullayev
O‘yin boshlanish vaqti: 16:45

Qo‘shni viloyatlar Navoiy va Buxoro jamoalari o‘rtasidagi bahs har doim murosasiz kurashlarga boy o‘tgan. Bu safargisi ham bundan mustasno bo‘lmaydi. Har holda bu jamoalar ham ligada qolish uchun kurash olib borishmoqda. Ikki jamoaga ham g‘alaba suv va havodek zarur. Navoiy jamoasi o‘z uyida ko‘proq ochko olayotgan bo‘lsa, Muhsin Muhammadiyev qo‘l ostidagi buxoroliklar safarda yaxshiroq natija qayd etishmoqda. Demakki, Navoiyda bizni ajoyib bahs kutmoqda. Ikki jamoa ham oxirgi turlardagi og‘ir vaziyatga tushishni istamasa, faqat 3 ochko olishi kerak. E'tiborlisi, o‘zaro o‘yinlar statistikasiga ko‘ra, “Buxoro” mana so‘nggi uch mavsumdirki, Navoiydan g‘alaba bilan qaytmoqda. Ko‘ramiz, bu safar an'ana davom etarmikan..?

Navoiydagi o‘zaro oxirgi 3 o‘yin:
2018 yil. Qizilqum – Buxoro – 0:1
2017 yil. Qizilqum – Buxoro – 0:1
2016 yil. Qizilqum – Buxoro – 1:2
Imkoniyatlar:
 30/40/30

 NASAF – PAXTAKOR
Bosh hakam: 
Olim To‘ychiboyev
O‘yin boshlanish vaqti: 13:30 
TV-translatsiya: Sport TV

Mamlakatimiz futbolining yetakchi klublari bo‘lmish “Nasaf” va “Paxtakor” o‘rtasidagi so‘nggi yillardagi uchrashuvlar ancha murosasiz va kurashlarga boy o‘tayotgandi. Ammo, Qarshi klubining aksariyat yetakchilari poytaxtliklar safiga o‘tgach, jamoalar o‘rtasidagi farq kattalashib ketdi. Bu safar Toshkent klubi Qashqadaryoga chempion sifatida yetib kelsa-da, vohaga ochko tashlab ketish uchun kelmaydi. Jamoa so‘nggi 6 o‘yindan bor yo‘g‘i bittasida g‘alaba qozondi. “Nasaf” so‘nggi o‘yinlardagi mag‘lubiyatlardan keyin faqat g‘alabani ko‘zlashi aniq. Demakki, Qarshida ham muxlislarni tomoshabop bahs kutib turibdi.

Qarshidagi o‘zaro oxirgi 3 o‘yin:
2018 yil. Nasaf – Paxtakor – 2:3
2017 yil. Nasaf – Paxtakor – 4:0
2016 yil. Nasaf – Paxtakor – 2:1
Imkoniyatlar: 
30/35/35

 24 noyabr, yakshanba
SURXON - SO‘G‘DIYoNA
Bosh hakam: 
Viktor Serazetdinov
O‘yin boshlanish vaqti: 14:30

Uchinchi o‘rin uchun yaxshigina imkoniyat hosil qilgan Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubi bu turda raqobatchilaridan biri “Surxon” maydoniga safar qiladi. Turning markaziy bahsi sifatida qaralayotgan o‘yin murosasiz o‘tishi aniq. Zero, aynan mana shunday bahslardan keyin 2020 yilda Osiyo maydonlarida O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan yana bir klub nomi ma'lum bo‘ladi. Termiz va Jizzax jamoalari bahsini ikki tomon muxlislari intiqlik bilan kutishmoqda.

O‘zaro oxirgi 3 o‘yin:
2018 yil. Liga Kubogi So‘g‘diyona – Surxon - 2:1
2018 yil. Superliga. So‘g‘diyona – Surxon – 0:3
Imkoniyatlar:
 30/40/30

ANDIJON – LOKOMOTIV
Bosh hakam: 
Rustam Lutfulin
O‘yin boshlanish vaqti: 14:30

Samvel Babayan boshqaruvidagi «Temiryo‘lchilar» omadsizliklarga barham berishmasa, 2-o‘rindan ham quruq qolishlari mumkin. Jamoa bu safar Andijonga safar qiladi. Vodiyda “Lokomotiv”ga oson bo‘lmaydi. Aleksandr Xomyakov shogirdlari muxlislari qarshisidagi bahslarda yaxshi o‘yin namoyish etishmoqda. So‘nggi turda “Bunyodkor”dan ochko olindi. Bu turda ham “Lokomotiv” jiddiy qarshilikka uchrashi aniq.

Andijondagi o‘zaro oxirgi 3 o‘yin:
2016 yil. Andijon – Lokomotiv – 1:3
2015 yil. Andijon – Lokomotiv – 1:2
2014 yil. Andijon – Lokomotiv – 1:2
Imkoniyatlar:
 30/30/35

BUNYoDKOR – NAVBAHOR
Bosh hakam: 
Firdavs Norsafarov
O‘yin boshlanish vaqti: 16:45

Turning so‘nggi va e'tiborli o‘yini Toshkentda o‘tadi. Vadim Abramov qo‘l ostidagi “Bunyodkor” jamoasi Namanganning “Navbahor” klubini qabul qiladi. Toshkent klubi OChLdan umidini uzishni istamasa, vodiy jamoasini mag‘lub etishi shart. Aks holda jamoa Osiyo maydonlaridan bir yilga umidini uzadi. “Navbahor” esa uch ochko olgan taqdirda beshlikka kirishi mumkin, aks holda 7-o‘rinni ham qo‘ldan chiqarishi hech gapmas. Ko‘ramiz, navbatdagi tur bahslari kimlar uchun quvonchli, kim uchun esa alamli kelarkin.

Toshkentdagi o‘zaro oxirgi 3 o‘yin:
2018 yil. Bunyodkor – Navbahor – 2:0
2017 yil. Bunyodkor – Navbahor – 2:2
2016 yil. Bunyodkor – Navbahor – 1:1
Imkoniyatlar:
 35/30/30

Usmon Ibodov

Ko‘proq yangiliklar: