Rasul Kusherbayev va Alisher Sa'dullayev JIDU kontrakti ikki barobar oshirilganiga munosabat bildirdi

Jamiyat 01:47 / 22.11.2019 42080

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida 2018/19 o‘quv yili oldidan kontrakt to‘lovi ikki barobar oshirilgan edi. Talabalar bunga norozilik bildirishganida, kontrakt to‘lovi universitetni yangi turdagi ta'lim maskaniga aylantirish, ilg‘or xorijiy tajribadan foydalangan holda mutaxassislar tayyorlashning yuqori sifatiga erishish maqsadida oshirilgani aytilgan edi.

20 noyabr kuni Davlat boshqaruvi akademiyasida o‘tkazilgan «Yangilanayotgan jamiyatda yoshlarning ijtimoiy faolligi: muammo va yechimlar» mavzusidagi konferensiyada yuqoridagi mavzu eslab o‘tildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Xususan, oradan 1,5 yil o‘tgan bo‘lsa-da, JIDUda jiddiy o‘zgarish kuzatilmayotgani ta'kidlandi va spikerlardan mazkur masalaga yechim topish imkoni bor-yo‘qligi so‘raldi.

Savolga javob berarkan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ta'lim sohasida kontrakt miqdorini va stipendiya to‘lovini xohlagancha o‘zgartirish amaliyoti borligi, bu – universitetlar yoki Oliy ta'lim vazirligining vakolatidagi masala ekanini ta'kidlab, xalqning oldida javob berishga kelganda ular chetda qolib ketishi, odamlarning savollariga qolganlar javob berishiga to‘g‘ri kelishini aytdi.

Foto: Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti

«Ta'lim tizimida moliyaviy masalalarda eksperimentlar qilish to‘g‘rimas. Bu ish universitetlarning moliyaviy mustaqilligini ta'minlash uchun qilinyapti, deyilayapti. Buning natijasida chetdan kelgan yoki oydan tushgan odamlar emas, o‘zimizning fuqarolarimiz qiynalayapti-da. Shuning uchun ko‘pchilikka daxldor bo‘lgan bunday ishlarni amalga oshirishda bizni ham eshitishlari kerak.

Ko‘pchilik qarshi bo‘lsayam, nasib qilib bo‘lsa-da bu masalani qonunchilikka ham olib kiramiz. Ma'lum bir kriteriyni belgilab, kontrakt summasini mana shundan oshirmaysan yoki stipendiyaning minimum miqdorini mana bunchadan tushirmaysan, degan talabni qonun bilan belgilab qo‘ysak, toki vazirlik yoki universitetlar o‘z bilganini qilmasin, deyapmiz.

Hozir ham stipendiya masalasida ishlayapmiz, mana, Alisher akaning ham xabari bor. Vakolatimiz doirasida harakat qilyapmiz. Lekin bitta kamchiligimiz bor: parlament juda ko‘p masalalar bo‘yicha vakolatlarni qonun bilan boshqa organlarga berib yuborgan. Endi buni qaytarib olish vaqti keldi», – dedi deputat.

Kusherbayevga ko‘ra, «tariximizning ma'lum bir davrida shu narsalar talab qilingan bo‘lsa, bugunga kelib ko‘p narsa o‘zgargan, demokratik islohotlar yangi bosqichga chiqishi jarayonida parlament lokomotiv bo‘lishi kerak».

Mazkur masalaga prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari, Yoshlar ittifoqi raisi Alisher Sa'dullayev munosabat bildirdi.

«Bu savolga javob yo‘q. Rasul aka bilan birgalikda bu savolga javob qidirib yuribmiz. Eng achinarlisi – bu kabi muhim masalalarning jamoatchilik o‘rtasida muhokama qilinmasligidir.

Foto: Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti

Qandaydir yangilikni amaliyotga tatbiq qilishdan oldin joriy qilinayotgan o‘zgarishlar ta'siriga tushuvchilardan fikr so‘ralmaydi. Stipendiya masalasiniyam, kontraktlar oshishi masalasiniyam balki qandaydir hujjatlar, rejalar, maqsadlar bilan asoslab berish mumkindir. Ya'ni universitetlarni mustaqil qilamiz, buning uchun shu bosqichga chiqishimiz kerak, diplomat puli yo‘q bo‘lsa, budjetga kirsin, puli bo‘lmasa, bu yerda o‘qishi shartmas, degan javobniyam berishlari mumkin. Lekin bu kabi o‘zgarishlar avval albatta jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi, qandaydir yangilik joriy etilishidan oldin unga odamlar tayyorlanishi shart.

Stipendiya masalasida bildirgan eng katta e'tirozimiz ham bu masalaning hech qanaqa muhokama qilinmaganidir. Bu nima uchun bunday qilinyapti, bu qarorga nima sabab bo‘ldi, hech qanaqa izoh berilmagan.

Stipendiya masalasida ijtimoiy tarmoqlarda to‘polon boshlanganidan so‘ng Yoshlar ittifoqi, Rasul Kusherbayev mazkur masalani ko‘tarib chiqishgan. Oliy ta'lim vaziri Yoshlar press-klubiga chaqirilgan», – deydi Sa'dullayev.

YoI yetakchisining aytishicha, odamlarga daxldor o‘zgarishlar qilishdan oldin ularning fikrini o‘rganish kerak.

«Har qanday ezgu maqsad ko‘zlanmasin, odamlarning fikrini o‘rganmasdan ularning hayotiga daxldor o‘zgarishlarga qo‘l urilmasligi kerak. Bu – mening pozitsiyam va barchani shunga chaqiraman», – dedi Alisher Sa'dullayev.

Eslatib o‘tamiz, oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga asosan respublikadagi barcha OTMlar bosqichma-bosqich o‘z-o‘zini moliyalashtirish tizimiga o‘tkaziladi.

Ko‘proq yangiliklar: