Daniya atrof-muhit, yuk tashish va dengizchilar uchun xavf tug‘dirishi mumkin deb hisoblagan tankerlarga xavfsizlik choralarini kuchaytiradi. Bu haqda qirollik dengiz boshqarmasi saytida 5 fevral, chorshanba kuni chop etilgan bayonotda aytilgan. Departament bu qarorni «Daniya bo‘g‘ozlari orqali neft tashuvchi eski kemalar faoliyati»ga javoban qabul qilganini ta’kidladi.
«Portning davlat nazorati tankerlarga qaratilgan, chunki tankerlarning shikastlanishi yoki halokati bilan bog‘liq avariya xavfsizlik, sog‘liq va atrof-muhit uchun ayniqsa jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin», — deyiladi bayonotda.
Rossiyaning «soyadagi floti» xavfsizlikka tahdid sifatida ko‘rilmoqda
Kiyev Iqtisodiyot maktabi tomonidan 650 dan ortiq kema atrofida baholangan Rossiyaning «soyadagi floti» 2024 yilda nafaqat Rossiya neftini noqonuniy tashish, balki Boltiq dengizidagi infratuzilmaga yetkazilgan zarar tufayli ham diqqat markazida bo‘ldi.
Xususan, «soyadagi flot» kemalaridan biri 2024 yil oxirida Finlandiya ko‘rfazida Estlink-2 suvosti aloqa kabelini ataylab shikastlaganlikda gumon qilingan. Shuning uchun ham Yevropa harbiylari, razvedka xizmatlari va siyosatchilari Rossiyaning «soyadagi floti»ni xavfsizlikka jiddiy tahdid deb bilishadi.
Bundan tashqari, 4 fevral, seshanba kuni Germaniyaning NDR va WDR telekanallari xabar bergan xalqaro jurnalistlar konsorsiumi tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv natijalari shuni ko‘rsatdiki, «soyadagi flot» avvallari AQSh va Yevropa kompaniyalariga tegishli bo‘lgan 230 ta tankerni o‘z ichiga oladi. Bu kemalarning barchasi Ukrainada urush boshlanganidan keyin Moskvaga sotilgan.