Uy-joy qurilishida yangi tartib: eskrou tizimi qanday ishlaydi?

O‘zbekiston 09:07 2064

2025 yil 1 iyuldan boshlab, ulush kiritish asosidagi qurilishlarda quruvchi va xaridor o‘rtasidagi oldi-berdining shakli va mazmuni o‘zgaradi. 2026 yil 1 yanvardan esa eskrou tizimi to‘liq joriy etilib, ulushdorlarning huquqlari mustahkamlanadi. Kun.uz muxbiri bu o‘zgarishlar bo‘yicha savollar bilan Qurilish vazirligi boshqarma boshlig‘i Davron Miliyevga murojaat qildi.

27 yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti ulush kiritish asosidagi qurilishlarni eskrou tizimiga o‘tkazishga doir farmon imzoladi.

Unga ko‘ra, 2025 yil 1 iyuldan boshlab, quruvchilar va mijozlar o‘rtasida tuziladigan ulush kiritish shartnomalari majburiy tartibda notariusda tasdiqlanishi va kadastr ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak bo‘ladi.

Shu sanadan e’tiboran eskrou tizimini ham joriy etish boshlanadi. Bunda, hali bitmagan uydan kvartira sotib olmoqchi bo‘lganlar quruvchining o‘ziga emas, bankka to‘lov qiladi. Quruvchilar va banklar o‘zaro kelishuv asosida bankda eskrou hisobvarag‘ini ochadi, ulushdorlar to‘lagan pullar shu hisobvaraqda yig‘iladi. Uy bitmaguncha quruvchi kompaniyalar bu pullardan foydalanolmaydi. Bu tartib 1 iyuldan 31 dekabrgacha ixtiyoriy bo‘ladi va agar kerakli qonunlar vaqtida qabul qilinsa, 2025 yil 1 yanvardan majburiy kuchga ega bo‘ladi.

Kun.uz yangi tizim bilan bog‘liq bir qator muhim savollarga Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Davron Miliyevdan javob oldi.

“Farmon bilan aytilyaptiki, "Shaffof qurilish" milliy axborot tizimida platforma tashkil etiladi va developerlarga uy-joyni shu platformaga ro‘yxatga qo‘ymasdan, aholi mablag‘larini ulush kiritish asosida jalb qilishga yo‘l qo‘yilmaydi”, – dedi u.

Miliyevning so‘zlariga ko‘ra, platformada kuruvchi kompaniya va obekt haqidagi barcha ma’lumotlar: obektning loyiha bo‘yicha joylashgan aniq manzili, qavatlari, kirish yo‘laklari, qolaversa, kompaniyaning barcha loyihaviy hujjatlari, ijobiy ekspertiza xulosasi, kurilish boshlanadigan sana va foydalanishga topshirish muddati kabi ma’lumotlar jamlab boriladi.

Bu axborotlarni xaridorlarning o‘zi ham platformadan kuzatib, kuruvchining ruxsatnomasi mavjudligi, uning reytingi va oldingi loyihalari haqida bilib borishlari mumkin bo‘ladi.

Platformada ma’lumotlari shakllangan quruvchi kompaniyalar bundan keyingi bosqichda xaridorlar va bank bilan 3 tomonlama ulushli shartnoma qilishi kerak bo‘ladi.

“Farmonga muvofiq, ulushli shartnoma bu – 3 tomonlama imzolanadiga shartnoma bo‘lyapti. Ya’ni bank, ulushdor (fuqaro) va developer tomonidan. Ulushdor developer qurayotgan uyga ulush bilan kiryapti, oldindan shuning qurilishiga o‘z mablag‘larini tikyapti, developer mana shu uyni qurib, vaqtida topshirish majburiyatini olyapti, bank esa bu yerda mana shu ulushdorning pul mablag‘lari eskrou hisobvarag‘ida yig‘ilishini, u yerda xavfsiz saqlanishini, shu bilan bir qatorda developerning uy-joy qurilishini bank tomonidan loyihaviy moliyalashtirish tartibini nazorat qiladi.

Farmon bilan ushbu ulush shartnomasi notarial ro‘yxatga olinib, kadastrdan o‘tganidan keyin, bu ulush mulk sifatida e’tirof etiladigan bo‘lyapti. Ya’ni ulushni hali uy bitmay turib, mulk sifatida sotib yuborish mumkin bo‘ladi. Ulush sotilgan taqdirda, developer va bankning yangi ulushdor oldidagi majburiyatlari saqlanib qoladi”, – deydi vazirlik boshqarma boshlig‘i.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bankda ochilgan eskrou hisobvarag‘idagi pullar qurilishga yo‘naltirilmaydi. Obekt to‘laligicha tadbirkorning va bank beradigan kredit hisobiga quriladi. Bunda, eskrou hisobvarag‘ida mablag‘lar jamlangani, ya’ni bankning risk darajasi yuqori emasligi sabab, kreditning foizi ham past bo‘ladi.

“Uy-joy qurib bitkazilib, ulushdorlarga berilganidan keyin, mana shu hisobvaraqdagi mablag‘lar developer kredit olgan bo‘lsa, kreditni so‘ndirishga yo‘naltiriladi. Faqat bitganidan keyin, ya’ni ulushdor uy-joyni qabul qilib olganidan keyin.

Farmon bilan, eskrou hisobvarag‘iga yo‘naltirilgan pul mablag‘larini to‘xtatib qo‘yish yoki hisobdan chiqarish taqiqlab qo‘yildi. Bu bilan ham aholi mablag‘lari yanada himoyalandi. Masalan, fuqaro MIBdan qarz bo‘lib qolishi mumkin, shu joyda ham eskrou hisobvarag‘idagi mablag‘lariga tegilmaydi”, – deydi mutasaddi.

Intervyu davomida Davron Miliyev uyni vaqtida bitirmagan quruvchi kopaniyalarga qanday choralar ko‘rilishi mumkinligi hamda yangi tizim sabab uy-joylarning narxi oshish ehtimoli haqida ham so‘z yuritdi. To‘liq videoni yuqoridagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: