Toshkentda ikki oilani AQShga jo‘natishni va'da qilgan shaxslarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Jamiyat 09:59 / 21.11.2019 4808

Oilani AQShga jo‘natishni va'da qilgan shaxslarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi, deb xabar bermoqda Toshkent shahar IIBB.

Jinoiy ish bo‘yicha olib borilgan tergov davomida ma'lum bo‘lishicha, joriy yilning iyul oyida Mirzo-Ulug‘bek tumanida 62 yoshli N.S., 46 yoshli Z.I. va 46 yoshli D.A. 34 yoshli G.A.ga uning oilasini AQShga jo‘natishda yordam berishlarini va'da qilishgan. 

Buning uchun ayollar jabrlanuvchilardan 16 490 AQSh dollari olganlar. Ammo va'dalariga xilof tarzda pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborishgan. 

Ushbu fakt asosida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Tergov davomida aniqlanishicha, 2018 yilning may oyidan joriy yilning apreligacha 46 yoshli Z.I., 62 yoshli N.S. va 46 yoshli D.A. 37 yoshli L.A.ga ham uning oilasini AQShga jo‘natishni va'da qilishgan. L.A. ularga jami 17 420 AQSh dollari bergan. Ammo va'dalarida turmagan fuqarolar pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborishgan.

Ayblanuvchilarga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi ("Firibgarlik") bo‘yicha qo‘shimcha ayblov yuklandi. Tergov davom etmoqda.

“Hurmatli hamshaharlar va Toshkent mehmonlari! Haddan tashqari ishonuvchan bo‘lmang! Turli xil masalalarni hal etishni va'da qilayotgan notanish shaxslarga ishonch bildirmang. Rasmiy vakolatxonalarga murojaat qiling”, - deyiladi IIBB ma'lumotida.

Ko‘proq yangiliklar: