Tohirjon Jalilov Rossiyada bankrot deb topildi

Jahon 07:46 / 21.11.2019 94671

Rossiya Federatsiyasining Voronej oblasti Arbitraj sudi GM Uzbekistan O‘zbekiston-Amerika avtomobil konserni sobiq bosh direktori, Uz-Daewoo avtomobillarining Voronejdagi dileri sobiq rahbari va «Km/ch» avtosalonlar tarmog‘i sobiq egasi Tohirjon Jalilovni bankrot deb topdi. Bu haqda «Kommersant'» Arbitraj sudi ma'lumotiga asoslanib yozmoqda.

Sud Jalilovga nisbatan qarzni qayta tuzish tartibini joriy qildi. Uning moliyaviy boshqaruvchisi etib «Razvitiye» SROdan bo‘lgan Kristina Tutova tasdiqlandi. Sud 2020 yil 18 mayda bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda tadbirkorning bankrotligi natijalarini ko‘rib chiqadi.

Tohirjon Jalilovni bankrot deb topishni 502,99 mln rubl qarzdorligi sababli «Vozrojdeniye» banki talab qildi. Bankrotlik to‘g‘risidagi da'vo 2019 yil mart oyida berilgan.

«Km/ch» avtosalonlarining moliyaviy muammolari haqida 2016 yilda ma'lum bo‘ldi, o‘shanda ularning yuridik shaxslari Investtorgbank va «Vozrojdeniye» bankidan bankrotlik to‘g‘risida da'vo arizalarini qabul qila boshladi. Salonlar Uz-Daewoo, Ravon, Iveco, ZAZ, Skoda hamda Volkswagen’ni sotgan. Barcha salonlar 2014 yilda olingan kreditlar bo‘yicha o‘zaro kafolatchi bo‘lgan, Rossiyada tarmoqning asosiy yuridik shaxslari qarzi 20 milliard rubldan oshishi mumkin ekani aytilgan.

Jalilovning o‘zi bundan avval bankrotlik to‘g‘risida da'volar qabul qilib olmagan, ammo korrupsiyada gumonlanib hibsda bo‘lgan. Biroq, 2017 yilda u barcha ayblovlar olib tashlangan holda ozodlikka chiqarildi.

Tohirjon Jalilov «O‘zavtosanoat» davlat xoldingi boshqaruvi raisining o‘rinbosari lavozimiga qaytdi, keyinchalik «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi boshqaruvi raisiga aylandi.

Ko‘proq yangiliklar: