O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori o‘zgardi

O‘zbekiston 20:46 / 21.11.2019 32197

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida rektor o‘zgardi.

Akademiyaga endilikda prezidentning Jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi Rustam Sobirovich Qosimov rahbarlik qiladi.

«Huquqiy axborot» ma'lumotiga ko‘ra, hukumatning 21 noyabrdagi qarori bilan Qosimovga akademiya rektori vazifasini bajarish yuklatilgan.

Rustam Qosimov (o‘rtada) prezident Shavkat Mirziyoyev va bosh vazir Abdulla Aripov bilan.
Toshkentda qurilishi davom etayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi, 2019 yil 20 noyabr.​

Xalqaro islom akademiyasini 2018 yil avgustidan buyon Shuhrat Akmalovich Yovqochev boshqarib kelayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev kecha, 20 noyabr kuni qurilishi davom etayotgan O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgan edi.

Ma'lumot uchun, Rustam Qosimov O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori hamdir.

U 2004 yil mayidan 2008 yilgacha Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri bo‘lgan, 2004 yil oktyabridan bir vaqtning o‘zida Bosh vazir o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan. 2009-2011 yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga rektorlik qilgan Qosimov faoliyatida bir muddat tanaffus yuzaga kelgan. U 2016 yilning sentyabrida yana Bosh vazirga o‘rinbosar bo‘lgan, Alisher Vahobov o‘rniga Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri etib tayinlangandi.

U 2017 yil iyunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisi birinchi o‘rinbosari – Tashkiliy-kadr xizmati rahbari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori lavozimiga tayinlangan, 2017 yil noyabr oyi oxirida esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi sifatida ish boshlagandi.

Qosimov 2018 yil iyulida prezidentning Jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi lavozimiga o‘tkazilgan.

Ko‘proq yangiliklar: