O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining ilk rektori 4 oyda ishdan ketdi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida rektor o‘zgardi.
«Kun.uz» manbasi xabar berishicha, bugun prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Rustam Qosimov raisligidagi yig‘ilish o‘tkazilgan. Shu yig‘ilishda Ne'matulla Ibragimov akademiya rektorligidan ketgani ma'lum qilinib, Shuhrat Akmalovich Yovqochev yangi rektor sifatida tanishtirilgan.
Uzoq yillar Sharqshunoslik institutiga rahbarlik qilib kelgan Ne'matulla Ibragimov shu yilning aprelida tashkil etilgan akademiyaga birinchi rektor etib tayinlangandi. U nima sababdan 4 oy ichida lavozimdan olingani ma'lum emas.

Endilikda xalqaro islom akademiyasining yangi rahbariga aylangan Shuhrat Yovqochev 1964 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, 1988 yilda ToshDU (hozirgi O‘zMU)ning sharqshunoslik fakultetini tamomlagan, 1993 yilda Misr tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Diplomatiya akademiyasi diplomini olgan. Mutaxassisligi - sharqshunos va filolog. Siyosiy fanlar doktori, professor.

U 1986 yildan 1990 yilgacha Liviyada arab tili tarjimoni bo‘lib ishlagan, keyinroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan, 1999-2004 yillarda Toshkent davlat sharqshunoslik institutida dars bergan. 2004-2005 yillarda O‘zbekiston respublikasi prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida direktor, 2005-2006 yillarda O‘zbekiston prezidentining millatlararo munosabatlar va din masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi bo‘lgan, 2006-2007 yillarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universitetiga rektorlik qilgan.
2007 yildan Toshkent davlat sharqshunoslik institutida jahon siyosati kafedrasiga mudirlik qilgan.