«Xavfli zona»dagi kurash. Superligadan qaysi jamoa tushib ketadi?

Sport 16:39 / 20.11.2019 16914

FIFA kunlaridan keyin ushbu haftadan chempionatimiz o‘yinlari yana davom ettiriladi. Superliganing bu yilgi yakuni ham chempionlik poygasi bilan emas, odatdagidek elitada qolish uchun kurash bilan qiziqish uyg‘otmoqda. «Paxtakor» muddatdan avval katta ustunlik bilan bosh sovringa ega chiqqan bo‘lsa, chempionat yakuniga uch tur qolayotgan bir paytda Superligada qolish uchun jiddiy kurash kechmoqda.

Turnir jadvaliga nazar solsak, liganing quyi qismi - 10-14-o‘rinlardagi jamoalarga Pro-ligaga tushib ketish xavfi mavjud. Xo‘sh, bu borada klublarning imkoniyati qay darajada? Qolgan turlardagi o‘yinlarni tahlil etib, Tribuna.uz voqealar rivojidan o‘zishga intildi.

Superliga. 10-14-o‘rindagi klublar holati:

 

 10-o‘rin. «Andijon» – 24 ochko

Aleksandr Xomyakov shogirdlari oldingi turlardagi g‘alabalar evaziga «xavfli zona»dan qochishga erishishdi. Ammo hozirgi 6 ochkolik farq «Burgutlar»ning Superligada qolishlari uchun kafil emas. «Andijon»ning ayni damdagi raqobatchilaridan eng katta ustunligi taqvimning qulayligidir. Vodiy klubi qolgan uch o‘yinni ham muxlislari qarshisida o‘tkazadi. Dastlab «Lokomotiv» qabul qilinsa, mavsum ligada qolish uchun kurash olib borayotgan «Qo‘qon-1912» va «Qizilqum»ga qarshi muhim o‘yinlar bilan yakun topadi. Debyutant klubning oxirgi 5 ta o‘yinidan 4 tasida ochko olganligini inobatga olsak, klubning elitadagi o‘rnini saqlab qolishiga ishonish mumkin.

So‘nggi turlardagi o‘yinlari:

24-tur. “Andijon” – “Lokomotiv”

25-tur. “Andijon” – “Qo‘qon-1912”

26-tur. “Andijon” – “Qizilqum”

Superligada qolish imkoniyati: 95 %

 11. «Qo‘qon-1912» - 24 ochko

Qo‘qon jamoasi mavsumning dastlabki qismini inqirozli o‘tkazgan bo‘lsa-da, ikkinchi qismida vaziyatni o‘nglay oldi. “Dinamo”, “Surxon”, “Nasaf” mag‘lub etilgach, Qo‘qondagi so‘nggi uchta o‘yinda ketma-ket mag‘lubiyatlarni tan olgan «Shunqorlar» kelasi uchta o‘yinda ham vodiydan chiqishmaydi – ikkitasi Qo‘qonda, bitta bahs Andijonda o‘tkaziladi. O‘tgan turda Buxoroda erishilgan muhim g‘alaba Qo‘qon klubiga raqobatchilaridan uzoqlashish imkonini berdi. Temur Kapadze va Aziz To‘xtaboyev “murabbiylar tandemi” “Qo‘qon-1912” jamoasini ligada olib qolishiga ishonsa bo‘ladi.

So‘nggi turlardagi o‘yinlari:

24-tur. “Qo‘qon-1912” – AGMK

25-tur. “Andijon” - “Qo‘qon-1912”

26-tur. “Qo‘qon-1912” – “Navbahor”

Superligada qolish imkoniyati: 90 %

 12. «Qizilqum» - 23 ochko

Budjeti jihatdan barqaror sanalgan Navoiy klubida joriy mavsum moliyaviy uzilishlar kuzatilib turdi. Bu haqda bosh murabbiy Hamidjon Aktamov ham matbuot anjumanlarida aytib o‘tgandi. Shunga qaramay, «Qizilqum» bu mavsumda ham bir qator legionerlar xizmatidan foydalandi. «Oltin izlovchilar» oxirgi uchta bahsda uyida «Lokomotiv» va «Metallurg»dan ochko olishi va asosiy raqobatchisi «Qo‘qon-1912» maydonidan g‘alaba bilan qaytishi natijasida «xavfli zona»dan 4 ochkoga uzoqlashdi. Ammo bu xotirjamlikni ta'minlay olmaydi. Sababi 24-turda aynan yonma-yon borayotgan qo‘shni viloyatlar jamoalari - «Qizilqum» va «Buxoro» o‘zaro to‘qnashishadi. Mezbonlarning g‘alabasi «Qizilqum»ning muddatdan oldin elitada qolishini kafolatlasa, mag‘lubiyat qiyin vaziyatga tushiradi – navoiyliklar oxirgi ikkita turni safarda AGMK va «Andijon»ga qarshi o‘tkazadi.

So‘nggi turlardagi o‘yinlari:

24-tur. “Qizilqum” – “Buxoro”

25-tur. AGMK – “Qizilqum”

26-tur. “Andijon” - “Qizilqum”

Superligada qolish imkoniyati: 70 %

 13. «Buxoro» – 19 ochko

«Buxoro» klubi Baxtiyor Ashurmatov qo‘l ostida chempionatni bo‘sh boshlab, shundan so‘ng oldingi mavqeiga qayta olmadi. Muhsin Muhammadiyev ikkinchi davrada jamoada katta hajmdagi o‘zgarishlarni amalga oshirgan bo‘lsa-da, og‘ir vaziyatdan chiqib keta olmayapti. So‘nggi turlardagi «Navbahor», «So‘g‘diyona», «Bunyodkor» bilan durang, «Dinamo» va «Nasaf» ustidan qozonilgan g‘alabalar ham «Buxoro»ni «xavfli zona»dan «qochishi»ga yetarli bo‘lmadi. Sababi klub oxirgi ikki turda «Lokomotiv» va «Qo‘qon-1912» jamoalariga mag‘lub bo‘ldi. Statistikaga ko‘ra, «Buxoro» o‘tgan 23 tur davomida o‘z uyida bor yo‘g‘i 1 ta o‘yin – «Andijon»ga qarshi bahsda g‘alaba qozona olgan. Bu muvaffaqiyatsizlik Buxorodagi maydonning sifatsizligi bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ushbu faktni inobatga oladigan bo‘lsak, so‘nggi 3 o‘yindan 2 tasini «Buxoro» o‘z maydonida o‘tkazishi Muhammadiyev jamoasiga ustunlik bermaydi. Qolgan uchta to‘qnashuv ham «Buxoro» uchun final darajasiga teng bo‘ladi. Ko‘hna shaharliklar hech bo‘lmaganda 13-o‘rin saqlab qolishsa, elitada qolishadi.

So‘nggi turlardagi o‘yinlari:

24-tur. “Qizilqum” – “Buxoro”

25-tur. “Buxoro” – “Metallurg”

26-tur. “Buxoro” – AGMK.

Superligada qolish imkoniyati: 50 %

 14. «Dinamo» - 18 ochko

Mavsum boshida kutilmaganda quyi ligadan Superligaga olib chiqilgan «Dinamo» Davron Fayziyev qo‘l ostida Pro-Liga uchun tayyorlangan tarkibi bilan to‘p surib, birinchi davrada katta ishtiyoq evaziga beshlikka kira olgandi. Ikkinchi davrada esa jangovar, ishtiyoqmand jamoani butkul tanib bo‘lmay qoldi – raqobatchilari bilan taqqoslaganda tarkibida nomdor futbolchilar yoki kuchli ijrochilar yo‘qligi pand berishni boshladi, go‘yo. Fayziyevdan so‘ng, tajribali Tachmurod Agamurodov ham «Dinamo»ni mag‘lubiyatlar ko‘chasidan olib chiqa olmayapti. Shunga qaramay, Agamurodov 2015 yilda xuddi shunday vaziyatda «Buxoro»ni so‘nggi turda elitada olib qolgan, «Dinamo» quyi ligaga ravona bo‘lgandi. Ko‘ramiz, oldindagi «Metallurg», «Surxon», «Nasaf»ga qarshi uchrashuvlarda Agamurodov kerakli natijaga erishib, bu safar «Dinamo»ni ligada olib qolarmikan? Qiyin vazifa, ammo u buni avval uddalagan…

So‘nggi turlardagi o‘yinlari:

24-tur. Metallurg – Dinamo

25-tur. Dinamo – Surxon

26-tur. Nasaf – Dinamo

Superligada qolish imkoniyati: 40 %

Usmon Ibodov

Ko‘proq yangiliklar: