Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani «Langar» MFY Tutli qishlog‘ida yashovchi oilaning 7 nafar a'zosi uy sharoitida tayyorlangan pomidor konservasidan zaharlanib, viloyat markazidagi shifoxonalarga yotqizilgan edi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, 18 noyabr kuni soat taxminan 08:00 atrofida mazkur oila boshlig‘ining turmush o‘rtog‘i Yu.U. vafot etdi, 20 noyabr kuni soat 09.30da mazkur oilaning katta farzandi, 2006 yilda tug‘ilgan A.T.ning ham joni uzilgan.
Eslatib o‘tamiz, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialiga keltirilgan oila boshlig‘i, uning turmush o‘rtog‘i va katta o‘g‘liga «Botulizm kasalligining og‘ir darajasi. O‘tkir toksemiya davri. Toksik neyropatiya. O‘tkir nafas yetishmovchiligi I darajasi» tashxisi qo‘yilgan edi.
«Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatining xabariga ko‘ra, sanitariya aviatsiyasi xizmati orqali zudlik bilan poytaxtdan ham malakali mutaxassis chaqirtirilib, kerakli tavsiyalar olindi. Ammo ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan 20 noyabr kuni 09.30da mazkur oilaning katta farzandi, 2006 yilda tug‘ilgan A.T. ham vafot etdi.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialiga keltirilgan oila boshlig‘i, uning turmush o‘rtog‘i va katta o‘g‘liga «Botulizm kasalligining og‘ir darajasi. O‘tkir toksemiya davri. Toksik neyropatiya. O‘tkir nafas yetishmovchiligi I darajasi» tashxisi qo‘yilgan edi. Joriy yil 18 noyabr kuni 08.00da mazkur oila boshlig‘ining turmush o‘rtog‘i Yu.U. vafot etgandi. Ayni paytda otaning ahvoli ham o‘ta og‘irligicha qolmoqda.
Oilaning qolgan to‘rt nafar a'zosi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Ularning ahvoli qoniqarli.
Shu o‘rnida yana bir bor eslatib o‘tamiz, aholi o‘rtasida xonadon sharoitida tayyorlangan, sifati kafolatlanmagan konserva mahsulotlarini iste'mol qilish oqibatida ovqatdan zaharlanish – botulizm kasalligi uchrab turadi. Chunki, uy sharoitida konserva mahsulotlari tayyorlashda zarur texnologik jarayonlar, sanitariya me'yorlari va shaxsiy gigiyena qoidalariga to‘la rioya qilinmaydi. Natijada konservadagi botulizm sporalari tez rivojlanadi va zaharli toksinlar chiqaradi.
Botulizm sporalari bilan zararlangan konserva mahsulotlarining tashqi ko‘rinishi va ta'mida deyarli o‘zgarish kuzatilmaydi. Ayrim holatlarda shisha idishning tunuka qopqog‘i shishadi. Bunday mahsulotni iste'mol qilib zaharlangan odamda uning belgilari paydo bo‘lish jarayoni ikki soatdan sakkiz – o‘n kungacha cho‘ziladi. Holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, qorin sohasida og‘riq paydo bo‘lishi, jismlar ko‘ziga ikkita bo‘lib ko‘rinishi (diplopiya), yutish va gapirish qobiliyatini pasayishi, bo‘yin va oyoq mushaklari zaiflashishi kasallikning klinik belgilaridir.
Kasallikni xonadon sharoitida o‘z bilganicha davolash qat'iyan man etiladi. Bunday vaziyatda zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak. Aks holda, kasallikning og‘ir shakllari – yurak, qon-tomir va nafas tizimi xastaliklari yuzaga kelishi, buning natijasida bemorning hayoti xavf ostida qolishi mumkin. Har qanday kasalliklar kabi, botulizmning oldini olish ham insonning o‘z qo‘lida», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.