O‘zbeklarda pedagogika va tibbiyot yo‘nalishida o‘qigan qizlar yaxshi kelin bo‘ladi degan tasavvur bor – Yoshlar ittifoqi raisi

Jamiyat 20:25 / 20.11.2019 6475

«E'tibor bersangiz, pedagoglar tayyorlash tizimida ayollarning dominantligini kuzatsa bo‘ladi. Pedagoglar tayyorlovchi oliy ta'lim muassasalarida ayollarimiz, qizlarimiz ko‘proq. Nega? Chunki pedagogika sohasida ko‘proq ayollar ishlashi kerak degan tushuncha bor. Vaholanki unaqa emas.

Xuddi shu sohadan kelib chiqqan holda tahlillarimga ko‘ra pedagogikada ishlaydigan ko‘pchilik qizlarimiz o‘qishni bitirgunlarigacha turmushga chiqishadi. Uylanish yoshidagi yigitlar ham pedagogika yo‘nalishida o‘qiyotgan qizlarga ko‘proq sovchi qo‘yishadi. Tibbiyot yo‘nalishidagi oliy ta'lim muassasalarida o‘qiyotgan qizlar bilan ham vaziyat xuddi shunday», deya Alisher Sa'dullayevning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mavjud pedagoglarni yetishtirib chiqarishda ham, ushbu yo‘nalishdagi institut va universitetlarga abituriyentlarni qabul qilishda ham mana shunday o‘ziga xos muammolar bor. Uning ta'kidlashicha, Xalq ta'limi vazirligi tomonidan xalq ta'limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu konsepsiyada pedagoglar tayyorlash tizimidagi muammolarga ham yechim taklif etilgan.

«Masalaning eng muhimi yechimi, XTV tomonidan ishlab chiqilgan 2030 yilgacha mo‘ljallangan konsepsiya Oliy ta'lim vazirligining 2030 yilgacha mo‘ljallangan konsepsiyasi bilan mos ravishda integratsiya qilinsagina, ya'ni muammolarga birgalikda hal qilinsagina, masalaga yechim topilishi mumkin. Yo‘qsa u muammoligicha qolib ketaveradi», deydi Alisher Sa'dullayev.

Uining qo‘shimcha qilishicha, yil davomida 20 ming nafarga yaqin pedagog universitetlarni bitirsa, shundan 10 ming nafari pedagog bo‘lib qoladi, qolganlari boshqa sohaga o‘tib ketadi. Bu ham yechimini kutayotgan masalalardan biridir.

Ko‘proq yangiliklar: