2019 yilning 20 noyabr kuni kech soat 2:30lar atrofida Andijon viloyatining Buloqboshi tumani, “Shohguzar” MFY hududida yashovchi 1972 yilda tug‘ilgan fuqaro X.S. xonadonida gaz va havo aralashmasidan portlash sodir bo‘ldi.
“Hududgazta'minot” matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur portlash natijasida X.E.ning turmush o‘rtog‘i S.E. 5 foiz, 2001 yilda tug‘ilgan o‘g‘li O.M. esa 45 foiz tana qismining kuyishi oqibatida kasalxonaga yotqizilgan.
Ushbu ko‘ngilsiz holatning sabablari “Hududgaz Andijon” MChJ va tegishli idoralar tomonidan o‘rganilganda, fuqaro X.E. xonadoniga qo‘lbola (yumaloq shakldagi) isitish moslamasi o‘rnatib, unga 1,5 metr oddiy rezina shlang ulab foydalanishi hamda rezina shlangning yemirilishi oqibatida, sizib chiqqan gaz hidini sezmasdan elektr chiroqni yoqib yuborishi oqibatida kelib chiqqanligi aniqlandi, deyiladi ma'lumotda.
Hozirda voqea yuzasidan tuman prokuraturasi va IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
“Eslatib o‘tamiz, kuni kecha o‘zboshimchalik va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilmaslik oqibatida, Farg‘ona viloyatida ham xonadon egasining mutlaqo xavfsizlikka zid ravishda, gaz quvuriga velosiped rezina kamerasi ulab qo‘yishi natijasida mana shunday holat sodir bo‘lgan edi.
“Hududgazta'minot” AJ va uning respublikadagi filiallari tomonidan, aholi o‘rtasida gazdan va ayniqsa, is gazidan zaharlanish kabi baxsiz hodisalarning oldini olishga qaratilgan ogohlantirishlarga qaramay, afsuski, fuqarolar tomonidan uskunalarni ishlatish yo‘riqnomasi talablari va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilinmasligi hamda o‘zboshimchalik bilan ish tutayotganliklari oqibatida, ko‘ngilsiz hodisalar kelib chiqmoqda.
“Hududgazta'minot” AJ yana bir bor gaz iste'molchilaridan ogoh bo‘lishlarini, xonadonlaridagi mavjud barcha gaz uskunalaridan yo‘riqnoma talablari va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilgan holda foydalanishlarini so‘raydi.
Texnik nosozlik kuzatilganda darhol gaz ta'minoti korxonalariga 104, 1104, 71 200-08-04 raqamlari orqali murojaat etishni unutmang!” - deyilgan xabarda.