2019 yilda Toshkentdagi ko‘chmas mulk bozori qanday o‘zgarishlarga uchradi va bizni 2020 yilda nimalar kutmoqda?

Jamiyat 09:00 / 18.11.2019 15353

So‘nggi ikki yil ichida biz poytaxtda keng ko‘lamli o‘zgarishlarni kuzatmoqdamiz. Toshkent bu hajmdagi qurilish ishlarini ko‘pdan beri ko‘rmagan. Bu haqda bozor ishtirokchilarining fikri qanday? Axir ko‘chmas mulk sohasida sotish va xaridlar masalasi ko‘pchilikni qiziqtirishi aniq. 

Ko‘chmas mulkka ixtisoslashgan Uybor.uz sayti binokorlar va rieltorlar o‘rtasida Toshkent ko‘chmas mulk bozori holati yuzasidan kichik so‘rovnoma o‘tkazdi.

2019 yilda yangi qurilgan uylarga talab qanday bo‘ldi?

Burxon Ishankulov  (Dream House developerlik kompaniyasi direktori): 2018 yilga nisbatan olsak, 2019 yilda quruvchilar va yangi uylar soni ortdi. Xaridorlar talabi barqaror saqlanib turibdi.

Aleksandr Jigastov (Grand Capital Group developerlik kompaniyasi sotuv bo‘limi boshlig‘i): Hech shubhasiz, joriy yilning birinchi kvartali ancha dinamik kechdi, qo‘ng‘iroqlar ko‘p bo‘ldi – demak buning ortidan idoramizga xaridordar tashrifi ham ko‘paydi. Ikkinchi va uchinchi kvartallarda susayish kuzatildi. Ammo to‘rtinchi kvartalga kelib talab sezilarli darajada oshdi.

Murod Nazarov (Murad Buildings developerlik kompaniyasi sohibi va raxbari): 2019 yilda talab ham, taklif ham oshdi. Sohada raqobat kuchaydi, ya'ni takliflar yetarli. Buning ijobiy tomoni shuki, qurilishlar, quruvchilar ko‘paydi, raqobat esa soha vakillarini kuchaytiradi, ularga nisbatan talabni oshiradi. Salbiy tomoni, qurilish qilish osonlashdi, bu biznesga sohaga oid tajribasi bo‘lmagan insonlar ham kirib kelayotgani to‘g‘risidagi shubhalar tug‘ildi. Ayniqsa ayrim kompaniyalarning nafaqat tarixi, balki moliyaviy imkoniyatlari ham yo‘qligi ajaablanarli, bu ancha xavotirlarga sabab bo‘ladi.

Maya Abduvaliyeva (Delta Rielt Servis ko‘chmas mulk agentligi direktori): Ikkilamchi bozorga nisbatan afzalliklari bois yangi qurilgan uy-joylarga bo‘lgan talab yildan yilga barqaror oshib bormoqda. Lekin 2019 yilda bu talab taklifning ko‘proqligi tufayli jilovlab turildi. Bundan tashqari xorijiy valutaga bog‘langan yuqori narxlar omilini unutmaslik lozim.

O‘tgan yilga nisbatan nimalar o‘zgardi?

Burxon Ishankulov: Talablarning o‘zi o‘zgardi. Endi binokorlar xaridorlarni jalb qilish uchun biri-biridan qiziq takliflar bildirmoqdalar. Ichki ta'mirlash, mebel va maishiy texnika kabi bonuslarni qo‘shmoqdalar.

Aleksandr Jigastov: Birinchidan, quruvchi kompaniyalar soni oshdi, shu tarzda taklif talabga muvofiq keldi. Ikkinchidan, quruvchilar uylarning fasadlari eksklyuziv bo‘lishiga e'tibor qaratdilar va endilikda an'anaviy g‘ishtli fasadlar o‘tmishda qolmoqda. Uchinchidan, odamlarning baland binolarga qarashlari o‘zgardi, oldingi fikrlar ham ortda qoldi. Oldinlar quyi qavatlarga talab yuqori bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu borada talab keskin o‘zgardi.

Nadejda Makeyeva (New Realtor ko‘chmas mulk agentligi riyeltor): O‘tgan yilga nisbatan yangi uylar va noturar joy obektlari bo‘yicha takliflar miqdori oshdi.

Murad Nazarov: O‘tgan yili soha vakillari nisbatan oz edi. Sanoqli kompaniyalargina mavjud bo‘lib, ular ham biznes, komfort yoki premium darajasidagi uylar qurishardi. Oxirgi yilda nisbatan arzon narxdagi uylar soni oshdi, ular ham davlat tomonidan, ham xususiy firmalar tomonidan qurildi. Hozirgi kunda kam ta'minlangan oilalar ham, o‘rta daromadga egalar va boy qatlam vakillari uchun ham takliflar mavjud.

Maya Abduvaliyeva: Oldinlari (2015-2016 yillarda) bu bozorning bir necha vakillari bor edi. Ammo 2017 yildan boshlab quruvchilar soni ko‘payib ketdi. Bu bir tomondan narxni jilovlashga olib kelgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan raqobatni kuchayishiga sabab bo‘ldi.

Ayni paytda bozorda taklif talabdan ortiqmi?

Burxon Ishankulov: Juda katta hajmdagi takliflar oldida xarid quvvati kamayib bormoqda.

Aleksandr Jigastov: Bundoq o‘ylab qaralsa, qaysidir sinfdagi turar-joylar uchun taklifning talabdan ortiqchaligi ehtimoli past. Bunday holatni faqat ayrim yo‘nalishlardagina kuzatish mumkin. Taklif hajmining ortishi xaridorlar uchun o‘z talablariga, qulay joy hamyonlari quvvatiga ko‘ra tanlab olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Nadejda Makeyeva: Taklif ortiqcha bo‘lmaydi.

Murad Nazarov: hozircha taklifning talabdan ortiqchaligi yo‘q, ammo bunday holat yuz berishi mumkin. Ma'lumki, premium sinfdagi uylar bozorning bor-yo‘g‘i 5 foizini tashkil qiladi. Undan keyin biznes, komfort va standart sinfdagi uylar keladi. Premium va biznes sinfdagi uylar ko‘p bo‘lishi mumkin.

Maya Abduvaliyeva:  Hech shubhasiz, ha.

Kelgusi yil uchun sizning prognozlaringiz?

Burxon Ishankulov: Keyingi yildagi vaziyat joriy yildan aytarli farq qilmaydi, bir yil ichida sezilarli o‘zgarish bo‘lmaydi.

Aleksandr Jigastov: Bozordagi o‘zgarishlarning asosiy omili AQSh dollarining o‘zgaruvchan kursi. Uning qiymati oshishi ortidan qurilish materiallari bahosi ham oshib boradi. Bundan tashqari 2019 yilda joriy qilingan QQS narx oshishiga zamin yaratishi mumkin.

Mening fikrimcha, bundan buyon bozorda xaridorlar talablariga javob bera oluvchi raqobatbardosh kompaniyalargina qoladi.

Nadejda Makeyeva: narxlar ayrim joylarda asta-sekin tusha boshlaydi. Sababi, kichik budjetga mo‘ljallangan yangi uylar soni ortmoqda. Albatta, markaz yuqori narxlarni saqlab turadi, oldi-sotdilar soni ortishi kerak.

Murod Nazarov: Soha joriy yildagi suratlarni saqlab qoladi, katta o‘sish bo‘lmaydi. Developer bo‘lish istagidagi kompaniyalar soni ortishi mumkin, lekin yer maydoni cheklangan, yildan yilga qurilish uchun yer topish murakkablashaveradi. Raqobat susaymaydi, chunki faoliyat yuritayotganlar jarayonni qo‘llab turishadi. Talabga kelsak – ipoteka kreditlari ochish, xorij fuqarolariga uy-joy sotib olishga ruxsat berish talablarini yumshatish kabi jiddiy ma'muriy va iqtisodiy o‘zgarishlar bo‘lmasa, shu darajada saqlanib qoladi. Faqatgina arzon uy-joylarga bo‘lgan talab ortishi mumkin, ammo bu ham davlatning bu yo‘nalishga qay darajada e'tibor berishiga bog‘liq. Fikrlarni jamlab shuni aytishim mumkinki, bozor bir tekis ketadi: talab ham, taklif ham bo‘ladi.

Maya Abduvaliyeva: Quruvchilarning bitmagan uylari bo‘yicha keng ko‘lamli takliflari va qurib bitkazilgan hamda rasmiylashtirishga tayyor boshqa uy-joylar o‘rtasida kuchli raqobat ketadi.

Quruvchilar yangi uy-jyolar uchun narxni tushiradilar deb o‘ylamayman, ammo shunisi aniqki, xaridorlar «talabchan va injiqroq» bo‘lib boradilar. Ular uyning yaxshisini, to‘lov shakllari ham muddatli (oldindan, oyma-oy, keyinchalik) bo‘lishini, qurilish tugallanganligini, turar-joyning o‘z nomiga rasmiylashtirishga e'tibor qilishadi.

Xulosa qilishni o‘zingizga qoldiramiz. Agar siz ko‘chmas mulk xarid qilish yoki sotishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, yangi uy-joy yoki ikkilamchi bozor bo‘lsin Uybor.uz sayti sizga hamisha ko‘mak berishga tayyor. 

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: