Bugun, 6 fevral kuni Kanadaning Monreal shahrida professional boks oqshomi bo‘lib o‘tadi. Unda superog‘ir vazn toifasidagi o‘zbekistonlik bokschi, ikki karra Olimpiada chempioni Bahodir Jalolov ham ringa ko‘tarilishi rejalashtirilgandi.
Jang oqshomida Bahodir Jalolov fransiyalik Devid Spilmontga qarshi ringga ko‘tarilishi kerak edi. Ammo jangdan oldin shifokorlar tibbiy xulosasiga ko‘ra, o‘zbekistonlik sportchiga labidan chiqqan husnbuzar sabab jang qilishga ruxsat berilmadi va jang bekor qilindi.
O‘zbekistonlik bokschi shundan keyin instagramdagi sahifasi orqali muxlislarga murojaat qildi.
«Arzimagan uchuqni deb shunday holat bo‘ldi. To‘g‘risini aytsam, bu menda yoshligimdan bor, havo almashsam, bir davlatdan boshqa davlatga uchganimda bu narsa chiqadi. Raqibim ham, men ham jang qilishni xohladik, lekin bu yerda komissiya ruxsat berishmadi. To‘g‘risi, xayolga kelmagan narsalar bo‘ldi. Boks tariximda bunday holat bo‘lmagan. Olimpiada o‘yinlarida ham menda 2-3 ta uchuq chiqqan, ammo bu jangim bekor bo‘lishiga sabab bo‘lmagandi. Bu yerda esa komissiya bu masalaga jiddiy qararkan, biz hech narsa qila olmaymiz. Hammasi yaxshilikka», - deydi u.
Ma’lumot uchun, Bahodir Jalolov professional boksdagi faoliyati davomida hozirga qadar 14 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongandi. Devid Spilmont esa shu kunga qadar 27 ta jang o‘tkazib, 16 g‘alaba, 8 mag‘lubiyat va 1 ta durang qayd etgan. G‘alabalarining 11 tasini nokaut orqali qo‘lga kiritgan.
![](https://storage.kun.uz/source/11/tnZHDJ7uuMECJMfthfUGt1ibsD_DqUQ1.jpg)