«Masalani siyosiylashtirmaslik kerak» - Davlatnazar Ro‘zmetov o‘limi bo‘yicha voqealar xronologiyasi keltirildi

Jamiyat 12:43 / 13.11.2019 66433

12 noyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Xorazmda jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetovning fojiali halok bo‘lishi yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirliklari va boshqa idoralar mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda dastlabki tergov-surishtiruv xulosalari asosida batafsil ma'lumot berildi.

Tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan AOKA direktori Komil Allamjonov agentlik Davlatnazar Ro‘zmetov bilan aslida nima ro‘y bergani yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazgani, mutasaddilarni taklif qilib vaziyatga oydinlik kiritishga qaror qilgani haqida gapirdi.

Shundan so‘ng tadbirga taklif etilgan mutasaddilar o‘z ma'lumotlarini taqdim etishdi.

Xorazm viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari, Tergov boshqarmasi boshlig‘i Ahmadjon Po‘latov o‘sha kungi voqealar xronologiyasini keltirdi.

Ahmadjon Po‘latov

«2019 yilning 6 noyabr kuni taxminan soat 23:00-23:30 oralig‘ida fuqaro Safarov o‘z boshqaruvida bo‘lgan «GAZel» avtomobilida Urganch-Xiva yo‘lida harakatlanib ketayotgan vaqtda 1971 yilda tug‘ilgan piyoda Davlatnazar Ro‘zmetovni urib yuborgan. Olingan tan jarohatlari oqibatida piyoda voqea joyida vafot etgan. Mazkur holat bo‘yicha Jinoyat Kodeksining 266-moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sizga tushunarli bo‘lishi uchun jinoyat ishi materiallaridan slayd tayyorlaganmiz. Hodisani tiklash uchun piyoda Ro‘zmetov YTH sodir bo‘lgan joyga qanday borib qolganini xronologik tarzda aniqlashtirdik.

6 noyabr kuni soat 17:23da marhum Ro‘zmetov o‘zining tanishi, advokat Umid Davletov bilan birga ovqatlanish maqsadida Urganch shahrida joylashgan «Yagona» kafesiga kirib kelishgan. Bu holat kafedagi kuzatuv kameralari tomonidan qayd etilgan.

Soat 21:52da Ro‘zmetovning do‘sti G‘ayrat Bobojonov ham ushbu davraga kelib qo‘shilgan.

Soat 22:11da uchovlon kafedan chiqib, «Xorazm palace» mehmonxonasiga kelishadi va xizmat safari bilan Urganchga kelgan Umid Davletovning tunashi uchun joy gaplashishadi.

Joy masalasi hal qilinganidan keyin bu shaxslar soat 22:18da mehmonxonadan chiqishadi. Marhum Davlatnazar Ro‘zmetov Qo‘shko‘pirga – uyiga qaytishi kerak bo‘ladi, sheriklari uni «Nexia-2» rusumli taksiga o‘tkazib yuborib, o‘zlari mehmonxonaga qaytishadi. Qo‘shko‘pirga ketishda Urganch tumani hududida «Mash'al» nomli do‘kon bor, uni Xorazmda barcha biladi, taksi shu joygacha gaplashilgan. Tergov jarayonida aniqlandiki, bu yerda Qo‘shko‘pirga ketadigan taksilar shoxobchasi bor. Marhum shu yerda Qo‘shko‘pirga ketish uchun «Nexia» rusumli boshqa bir taksini gaplashib, unga o‘tiradi.

Tergovning siri bor, shu sababli faqat ochiq ayta olishim mumkin bo‘lgan holatlarnigina gapirib beryapman. Urganch-Xiva yo‘lida ketaverishda yo‘l bo‘yida avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi bor. Soat 22:45da Davlatnazar Ro‘zmetov taksida shu yerga kirib kelganini tasdiqlovchi videotasvirlar bor. «Gazzapravka»ga kirishda yo‘lovchilarning xavfsizligini ta'minlash uchun ular avtomobildan tushiriladi, shu tartibga ko‘ra marhum ham mashinadan tushib turadi. «Gazzapravka»dan chiqqan Qo‘shko‘pir yo‘nalishi bo‘ylab yo‘lda davom etishadi. Bizda bu holatning videosi bor, tergovda tasdiqlangan.

Yo‘lning taxminan 5-kilometrida taksi haydovchisi va Davlatnazar Ro‘zmetov o‘rtasida dahanaki tortishuv yuzaga keladi hamda Ro‘zmetov jahl ustida shu yerdagi bekatda mashinadan tushib qoladi. Aynan shu yerda – mashinadan tushib qolgan joylarida YTH sodir bo‘lmoqda. «GAZel» chap tomoni bilan Ro‘zmetovni urib yuborgach, u yo‘lning qarama-qarshi tomoniga uchib ketgan. Yo‘l-transport hodisasi chizmasi chizilgan. Chizmada hodisa joyi, avtomobilning tormoz izi, marhum bilan to‘qnashuv sodir bo‘lgan joy va u YTH natijasiga qayerga borib tushgani aks etgan. Hodisa ro‘y berganidan ko‘p o‘tmay tezkor tergov guruhi tomonidan darhol tormoz izlari olingan, barcha dalillar, chizmalar rasmiylashtirilgan», deya tergovchining so‘zlarini keltirgan Kun.uz muxbiri.

Matbuot anjumanida hodisa aynan qanday ro‘y bergani, avtomobil qanaqa tezlikda harakatlanayotgani va haydovchiga nisbatan qanday chora ko‘rilishiga ham aniqlik kiritilishi so‘raldi.

«Tergovda haydovchi Davlatnazar Ro‘zmetov mashinani to‘xtatmoqchi bo‘lganday shapkasini yuqori ko‘tarib yo‘lga yugurib chiqdi, deya ko‘rsatma bergan. Demak, bekat tomondan yo‘lga qarab chiqilgan. Bu ko‘rsatmani bergan yana bitta guvohimiz ham bor. Haydovchi mashinani olib qochmoqchi bo‘lib chapga burgani, chapga burib tormoz bilan borganida marhum mashinaning chap tomoniga urilgani haqida ko‘rsatma bergan.

Bu oshkor qilsa bo‘ladigan ma'lumot bo‘lgani uchun aytyapman. Hozir dastlabki tergov jarayoni ketmoqda. Haydovchi gumonlanuvchi sifatida qo‘zg‘atilgan jinoyat ishiga jalb qilingan. Barcha ekspertizalar o‘tkazilgandan keyin unga nisbatan ayblilik masalasi ko‘rib chiqiladi. YTH sodir bo‘lgan vaqtda avtomobil qanday tezlikda harakatlanayotganini aniqlash bo‘yicha ekspertiza tayinlangan. Gumonlanuvchining ham bu borada ko‘rsatmasi bor. Holatga aniqlik kiritish uchun tormoz izlari o‘lchangan, hodisa chizmaga tushirilgan. Shularga asosan ekspertiza xulosasidan so‘ng ekspertlar avtomobil qanday tezlikda harakatlanganini aniqlab berishadi. Ekspert o‘n kundan bir oygacha bo‘lgan muddatda xulosa berishi mumkin. YTH sodir bo‘lgan hududda avtomobillar harakatlanishi uchun 70 tezlik belgilangan», deydi Ahmadjon Po‘latov.

Tadbirda o‘sha voqea sodir bo‘lgan kunda marhum bilan birga bo‘lgan tanishi, advokat Umid Davletov ham so‘z oldi.

Umid Davletov

ؘ«Menga Davlatnazar aka haqida gapirish qiyin. U inson kim uchundir oddiy jurnalist, kim uchundir oddiy odam, lekin men uchun qadrdon do‘st edi.

Haqiqatan ham 2019 yilning 6 noyabr kuni himoyamdagi Nafosat Olloshukurova ishi bo‘yicha Urganch shahriga bordim. Urganch aeroportidan chiqishim bilan Davlatnazar akaga qo‘ng‘iroq qilib, u kishi bilan uchrashmoqchiligimni aytdim. Shu kuni Davlatnazar aka bilan uchrashdik. Uchrashganimizda u nihoyatda xursandligini, unga nisbatan tuhmat qilib yozilgan arizalar bo‘yicha to‘liq tekshiruvlar o‘tkazilib, Xorazm viloyati IIB tomonidan unga nisbatan qo‘zg‘atilgan barcha ma'muriy ishlar tugatilganini, hozirgi kunda uning jurnalistik faoliyatiga hech qanday to‘sqinlik yo‘qligini, aksincha, viloyat IIB rahbariyati tomonidan uning xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha ijobiy ishlar qilinganini faxrlanib aytib berdi.

6 noyabr kuni Davlatnazar aka bilan kun bo‘yi birga yurdik. Tushlikniyam, kechki ovqatniyam birga qildik. Kechki ovqatdan keyin men mehmonxonada qoldim, u kishi uyiga ketdi. Men u kishidan mehmonxonada tunab qolishini iltimos qildim, lekin u kishi oilamning oldiga boraman deb unamadi. Ertalab qaytib kelishini aytdi. Keyin biz G‘ayrat aka bilan mehmonxonaning qarama-qarshi tomonidan u kishini taksiga o‘tkazib yubordik. Bu haqda yuqorida batafsil ma'lumot berildi. Do‘stimni oxirgi marta ko‘rganim shu bo‘ldi», deydi u.

Davlatnazar Ro‘zmetovning jiyani Farhod Ro‘zmetov amakisining o‘limi baxsiz hodisa bo‘lgani, endi uning yetim qolgan farzandlariga g‘amxo‘rlik qilish kerakligini ta'kidladi.

Farhod Ro‘zmetov

«Amakimning jurnalistik faoliyatini qiziqib kuzatib borardim. YTH sodir bo‘lgani haqida xabar yetib kelganida hayron bo‘lib dovdirab qoldik.

Zudlik bilan hodisa joyiga yetib bordik. Borganimizda YTH sodir bo‘lgan ko‘chaning qorong‘iligi yaqqol ko‘rinib turgandi. YTH amakim yo‘lning belgilanmagan qismidan kesib o‘tayotganda ro‘y bergani ko‘rinib turgandi. Hodisadan so‘ng u kishini tez tibbiy yordam kelib olib ketgan, bizga amakim vafot etganini aytishgandan keyin 7 noyabrga o‘tar kechasi soat 2-3larda feysbukda bu haqda post qoldirdim. Bundan maqsad u kishini asosan feysbuk orqali yaxshi tanishardi. Amakimning har bir viloyatda o‘ziga yarasha do‘stlari, tanish-bilishlari bor edi. Ular amakimni so‘nggi yo‘lga jo‘natishga kech qolmasin degandim. Ma'raka bilan bilan bo‘lib ijtimoiy tarmoqlarda kirolmadim. Ammo kechroq kirganimda amakimning o‘limi turlicha talqin qilingan postlarni ko‘rib juda xafa bo‘ldim. Musibat haqida, marhumning do‘stlari, yor-u birodarlarini janozaga taklif qilib qoldirgan xabarim turlicha talqin qilinayotgani uchun feysbuk foydalanuvchilaridan voqeani siyosiylashtirmaslik, bilib-bilmasdan turli izohlar qoldirmaslikni so‘rab yana bir post qoldirdim.

Davlatnazar akam qanday jurnalist bo‘lgan, qanday faoliyat yuritgan, bunga har kim har xil baho beradi. Uning o‘ziga yarasha auditoriyasi bo‘lgan, o‘ziga yarasha kuzatuvchilari bo‘lgan, o‘ziga yarasha mushtariylari bo‘lgan.

Davlatnazar akam faoliyati tufayli ko‘pgina viloyatlarda, tuman-shaharlarda bo‘lgan vaqtida aholining ijtimoiy muammolariga ko‘p e'tibor qaratgan. Otasiz yoki onasiz voyaga yetayotgan bolalarga yoki uy-joysiz oilalarga yo bo‘lmasam ijtimoiy muammosi bo‘lgan oilalarga ko‘proq yordam berishga harakat qilib jurnalistik faoliyatini olib borgan.

Lekin shu o‘rinda menga og‘ir bo‘lsa ham u kishining oilaviy ahvoli haqida ikki og‘iz gapirib o‘tmasam bo‘lmaydi. Bugungi kunda amakimning ortida uch farzandi qoldi. Ayoli ishsiz. Oilamiz bilan birgalikda u kishining farzandlarini yolg‘izlatib qo‘ymaymiz. Biroq har bir oilaning o‘ziga yarasha tashvishlari bor. Mavridi kelganda ommaviy axborot vositalariga, bu yerda yig‘ilgan jurnalist va blogerlarga iltimos bilan murojaat qilmoqchiman. Amakimning oilaviy sharoiti bilan tanishsangiz, u mol-dunyo, davlatga qiziqmagan. O‘zini jurnalistikaga bag‘ishlagan. Hattoki haftalab, oylab uyiga kelmasdan ish bilan shug‘ullangan. Shuning uchun u kishining oilaviy ahvoli bilan qiziqsangizlar. Bu yerga kelishdan oldin kelinoyimning yoniga bordim. U kishi bir bir gap aytdi, shu omonat gapni yetkazib qo‘ymoqchiman. Kelinoyim «Davlatnazar Ro‘zmetov jamiyatdagi insonlarga qanday yordam bergan bo‘lsa, farzandlarim kelajagi uchun jurnalistlar ham qo‘llaridan kelgancha yordam berishsin», deb iltimos qildilar.

Jurnalistlar bugungi matbuot anjumanidagi ma'lumotlardan kelib chiqib jarayonni xolis yoritishadi, ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lib turgan noto‘g‘ri fikrlarga o‘z munosabatlarini bildirishadi, deb o‘ylayman. Chunki jarayon feysbuk yoki boshqa joylarda yozilganidek bo‘lmagan. Bugungi anjumanda berilgan ma'lumotlarga asoslangan holda to‘g‘ri axborot berilishi va marhumning xotirasini hurmat qilishlarini so‘rab qolaman», deydi u.

Komil Allamjonov ham voqeani siyosiylashtirmaslikni so‘radi.

Komil Allamjonov

«Fursatdan foydalanib, Davlatnazar Ro‘zmetovning oila a'zolari va yaqinlariga yana bir bor chuqur hamdarligimizni bildiramiz, ta'ziyamizni izhor qilamiz. Jurnalistlardan, mazkur baxsiz hodisani g‘arazli maqsadlari yo‘lida siyosiylashtirishga urinayotganlardan hech bo‘lmasa shu odamning ruhi haqqi bu ishlarni to‘xtatishni iltimos qilardik. Chunki hammasi mana oyday ravshan bo‘lib turibdi. Oila a'zolariyam shuni aytishyapti. Huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillariyam. Endi hech bo‘lmaganda shu odamning haqqi-hurmati masalani siyosiy tomonga burib, ro‘y bergan baxsiz hodisani «jurnalistga suiqasd qilingan» deya qilinayotgan chiqishlarni bas qilishni iltimos qilardik», deydi agentlik rahbari.

Jurnalist Toshtemir Xudoyqulov Davlatnazar Ro‘zmetov vafotidan oldin, ya'ni oktabr oyida «Jamiyat» gazetasidan ishdan bo‘shagani, shu tufayli uning oyligi saqlanadigan ish joyi bo‘lmagani tufayli oilasiga yordam puli berilmasligiga e'tibor qaratdi.

Komil Allamjonov esa agentlik marhumning oilasiga albatta yordam ko‘rsatilishini va'da qildi.

Ma'lumot uchun, xorazmlik taniqli jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetov 6 noyabr kuni yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: