JIEMda vafot etgan mahbus ishi: shifokorlarga jazo tayinlandi, jarohatdan vafot etganlik fikri inobatga olinmadi

Jamiyat 20:07 / 13.11.2019 44763

Joriy yilning 11 noyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida, sudya Zafar Nurmatov raisligida Navoiydagi 47-sonli jazoni ijro etish muassasasida vafot etgan Sh.S. ishi bo‘yicha sud jarayonlari yakunlandi.

Dastavval, so‘nggi so‘z sudlanuvchilarga berildi. Sudlanuvchi K.J. aybi yo‘qligini ma'lum qilib, o‘zi oqlanishini so‘radi. Boshqa sudlanuvchilar ham bu ishni atayin qilishmagani, qilmishlaridan afsusda ekanliklarini bildirishdi.

Ishda ishtirok etgan barcha shaxslarning so‘nggi so‘zlari tinglanib, sud maslahatga kirdi. Sud maslahatidan so‘ng ish bo‘yicha hukm o‘qildi.

Hukmga ko‘ra barcha sudlanuvchilar O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismi bilan aybli deb topildi.

Ayblanuvchilarning barchasi Oliy Majlis Senatining 2016 yil 12 oktyabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, asosiy jazodan ozod etildi.

Shuningdek, sud hukmi bilan sudlanuvchilarga O‘zbekiston Respublikasi JKning 45-moddasi qo‘llanib, turli ko‘rinishdagi muayyan huquqdan mahrum etish jazo choralari qo‘llandi.

Jumladan, sudlanuvchi K.J. bir yil muddatga tibbiyot muassasalarida statsionar jarrohlik amaliyoti bilan shug‘ullanish huquqidan, sudlanuvchi M.I. bir yil muddatga rahbarlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan, sudlanuvchi Sh.X. bir yil muddatga O‘zbekiston Respublikasi IIV jazoni ijro etish muassasalariga qarashli tibbiyot bo‘limlarida ishlash huquqidan, sudlanuvchi A.D. bir yil muddatga nefrolog ixtisosligi bo‘yicha ishlash huquqidan mahrum etildi.

Jabrlanuvchi, marhumning onasiga yetkazilgan moddiy va ma'naviy zarar fuqarolik sudlovi tartibida undirish huquqi tushuntirildi.

Sud-tibbiyot ekspertizasi ilmiy-amaliy markazi rahbariyatining e'tibori markazning kriminalistika bo‘limidagi Qurbanov va markazning Navoiy viloyat filiali bo‘lim eksperti O‘runov tomonidan yo‘l qo‘yilgan jiddiy xato va kamchiliklarga qaratish yuzasidan hususiy ajrim chiqarildi. Ularga nisbatan intizomiy jazo chorasi qat'iy hal qilinishi ajrimda belgilab qo‘yildi.

Raislik qiluvchi jinoyat ishini ko‘rib chiqib, jabrlanuvchining «marhum urib-do‘pposlab, jismoniy tazyiq oqibatida o‘lgan», degan so‘zlari bilan sud dalillar yetarli bo‘lmagani bois kelisha olmasligini ma'lum qildi.

Sudya hukm o‘qilganidan so‘ng, sudlanuvchilarga jazo tayinlashda nega bu to‘xtamga kelganini tushuntirib berdi.

Raislik qiluvchi tomonidan manfaatdor shaxslarga hukm ustidan shikoyat qilish huquqi mavjudligi va uning tartibi tushuntirildi.

Hukm bo‘yicha taraflarga mazmuni tushuntirib o‘tildi. Jabrlanuvchi hukmdan qoniqmaganini ma'lum qildi. Sud majlisidan so‘ng, jabrlanuvchi apellyatsiya shikoyatini berishini ta'kidlab o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yilning 13 aprelida Sh.S. jinoyat kodeksining bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish moddasi bilan aybli deb topilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining hukmi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Biroq oradan hech qancha vaqt o‘tmay 2016 yilning 30 iyunida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Navoiy viloyat filialida vafot etgan.

Keyinroq Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan ochilgan mazkur jinoyat ishi bo‘yicha E.M., X.Sh., K.J va D.A. sudga tortilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: