YPX inspektorining ko‘krak nishoni, radioaloqa vositasi va jyezl tayog‘ini tortib olgan fuqaro 10 oyga qamaldi

Jamiyat 12:06 / 12.11.2019 55755

Joriy yilning 7 avgust kuni Buxoro shahrining “Markaziy bozor” chorrahasida xizmat faoliyatini olib borayotgan YPX inspektori bilan qoidabuzar haydovchi o‘rtasida sodir bo‘lgan janjal sud muhokamasigacha yetib bordi. 

Viloyat IIB matbuot xizmati xabariga ko‘ra, safdor Z.Jo‘rayev o‘sha kuni gavjum chorrahada yo‘l belgisiga amal qilmasdan harakatlangan «Neksiya» rusumli avtomashinani to‘xtatib, sodir etilgan huquqbuzarlik ma'muriy javobgarlikka sabab bo‘lishini bildirgan. 

U haydovchiga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirmoqchi bo‘lib, Buxoro shahrining Qizilqum ko‘chasida yashovchi, 1969 yilda tug‘ilgan M.Yo.dan avtomashinani boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarni talab qilib olgan. Shunda fuqaro M.Yo. xodimning qonuniy talabini bajarmasdan, o‘ziga tegishli bo‘lgan hujjatlarni tortib olib, avtomashinasini haydab ketib qolgan. Oradan 5 daqiqa o‘tgach, fuqaro M.Yo. YPX inspektori oldiga qaytib kelib, kuch ishlatib, uni qo‘lidan tortib, yo‘lning narigi tomoniga olib o‘tgan.

Qayd etilishicha, fuqaro janjal ko‘tarib, xizmat faoliyatini olib borayotgan xodimning ko‘krak nishoni, radioaloqa vositasi hamda jyezl tayog‘ini tortib olgan. Egnidagi xizmat ko‘ylagini yirtib, faoliyatini bajarishdan voz kechishga majbur qilgan.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro M.Yo.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlariga oid hujjatlar tegishli sud organiga oshirilgan.

Buxoro shahridagi 4-son Ichki ishlar bo‘limida tashkil etilgan sayyor sud majlisida mazkur jinoyat ishi keng jamoatchilik ishtirokida ko‘rib chiqildi. Sayyor sudda ichki ishlar organlari xodimlari faoliyatiga qarshilik ko‘rsatish bilan bog‘liq videolavha namoyish etildi.

Sud tomonidan qilmishning jamiyat uchun ijtimoiy xavfi inobatga olingani holda ayblanuvchi M.Yo.ga nisbatan 10 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. 
 

Ko‘proq yangiliklar: