Sirdaryoda bir-biriga tan jarohati yetkazgan ikki haydovchining mojarosi haqida ma'lumot berildi

Jamiyat 10:22 / 08.11.2019 8129

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani sudi tomonidan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimagan, o‘zaro janjallashib, bir-biriga turli darajadagi tan jarohatni yetkazgan ikki nafar haydovchining harakatlari yuzasidan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda «Postda» yozmoqda.

Ish hujjatlariga ko‘ra, sudlanuvchi A.B. «Lasetti» rusumli avtomashinasini yo‘lovchilarsiz Guliston-Dehqonobod yo‘nalishi bo‘ylab boshqarib kelayotgan bo‘lgan. Ushbu avtomobil yo‘lining qarama-qarshi yo‘nalishidan esa H.B. ichida yo‘lovchilar bo‘lgan «Captiva» rusumli avtomashinasini uzoqni yorituvchi chiroqlarni yoqqan holda boshqarib kelgan. Natijada A.B. boshqaruvidagi avtomashina yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib, «Captiva»ning harakatlanishiga to‘sqinlik qilgan.

Bu voqeadan so‘ng haydovchilar yo‘l chetida to‘xtab o‘zaro janjallashib,   bir-birini urib, turli tan jarohatini yetkazishadi. Shu vaqtda «Matiz» rusumli avtomashinasida harakatlanib kelgan profilaktika inspektori va boshqalar ularni zo‘rg‘a ajratadi. 

Voqeaga oydinlik kiritish maqsadida ular Mirzaobod tumani IIB binosiga keltiriladi. Ikki haydovchi shunda ham tegishli xulosa chiqarmaydi: Ularning dahanaki janjali bu joyda yana davom etadi.

Qisqasi, haydovchilarning janjali qimmatga tushdi. A.B.ning ukasi avtomashinani ta'mirlab berishni so‘rab borganida «Captiva» haydovchisi H.B. xarajatdan qochib, uni urib, og‘ir tan jarohati yetkazadi. Sud ekspertiza xulosalari va boshqa taqdim etilgan hujjatlarga tayanib, javobgarning qilmishiga yarasha ajrim chiqardi: u jabrlanuvchining davolanishi uchun ketgan xarajatlarni to‘lash barobarida, «Lasetti» avtomashinasini ham ta'mirlab berishga majbur bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: