Trampning G‘azo sektori bo‘yicha bayonoti AQShning Isroil va Falastin masalasidagi pozitsiyasini qayta belgilashi mumkin. Xo‘sh, AQSh mintaqaga qo‘shin yuborsa, u yerdagi vaziyat qanday shakllanadi?
G‘azo sektoridagi HAMAS va shunga o‘xshash guruhlar bilan harbiy to‘qnashuvlar ehtimoli ortadimi? Mintaqadagi Turkiya va Saudiya Arabistoni kabi davlatlarning ushbu mavzuda pozitsiyalari qanday? «Geosiyosat»da siyosatshunoslar Farhod Karimov va Habibulloxon Azimov kunning eng bahsli mavzusi yuzasidan o‘z fikrlarini bo‘lishdi.
— Farhod Karimov: Netanyahuning tashrifi, AQShda Trampning yangi davrida birinchi xorij davlat rahbarini qabul qilishi bo‘ldi. Bunda ham o‘ziga xos belgilar bor.
Netanyahu ham aynan G‘azodagi qirq ikki kunlik sulhning o‘n oltinchi kuni AQShga ketdi. Ya’ni o‘n oltinchi kunida ushbu sulhning ikkinchi bosqichiga o‘tish kerak edi, bu degani TSAHAL shimolga qarab yurib hududni tark etishi kerak edi. Aynan shu jarayon hozir Bibining rasmiy tashrifi bilan kechiktirildi. Uchinchidan esa Isroilning ichki koalitsion hukumatida bosimlar kuchaymoqda.
Qirq ikki kunlik muhlat tugashiga yaqinlashgani sari bu sulhni uzaytirish haqidagi ayrim takliflar jiddiy e’tirozga sabab bo‘lyapti. Hattoki koalitsion hukumat Netanyahudan voz kechishga va hukumatni qayta shakllantirish haqida ham gap-so‘zlar yuribdi.
Mana shunday bosimlar ortida Netanyahu nafaqat G‘azoning kelajak taqdiri, balki o‘zining siyosiy taqdiri haqida ham bosh qotirib Vashingtonga ketdi.
AQSh tomonidan ushbu hududlar to‘liq nazoratga olinishi kerak bo‘lsa, harbiylar ham yuborilishi nazarda tutilgan. Shu yerda qayta qurish vayron bo‘lgan hududlarda avariyaviy holatlarda portlamay qolgan bombalardan tozalashni va yangi turistik iqtisodiy zonani tashkil etishni taklif etdi. Shu orqali Netanyahuga go‘yoki Tramp yangi bir versiya berganday bo‘ldi. Bu versiya bilan Netanyahu o‘zining kabineti bilan muhokama qiladigan bo‘lsa, unga ayrim bosimlar kamayadiganga o‘xshaydi.
Tramp so‘nggi paytlardagi chiqishlarida Grenlandiya, Panama, Meksika qirg‘og‘i va Ukrainaning siyosiy masalalari haqida ham shunaqa chiqishlar qilgan edi, lekin hali bir aniq qadamlarga o‘tgani yo‘q.
Xuddi shunday o‘ylayman, Falastin yoki G‘azo masalasida ham qattiq qo‘rqitishlar orqali siyosiy bosim qilish orqali masalaga yechim topishga harakat qilmoqda. Tramp uchun bu oson bo‘lmaydi va birinchi navbatda u izolyatsiyaga tushmoqda.
Undan tashqari u cheksiz urushlarni to‘xtatmoqchi. Iqtisodiy xarajatlarni kamaytirmoqchi bo‘lyapti, moliyaviy xarajatlarni kamaytirdi, hatto NATOdagi ulushni ham qisqartirib, kerak bo‘lsa Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi ulushni ham qisqartirmoqchi bo‘layotgan paytda hozir yana cheksiz katta bir xarajatlarga sabab bo‘luvchi urush yoki harbiy operatsiya boshlash, Trampning o‘ziga ham kerak bo‘lmasa kerak.
Ya’ni Yaqin Sharqda bu yangi siyosiy yo‘nalish emas, balki HAMASni qurolsizlantirish holatini tezlashtirish uchun aytayotgan takliflar yoki o‘ziga xos bir chaqiriqlar bo‘lishi mumkin.
Turkiya ham G‘azo masalasini shunchaki tashlab qo‘ymayapti, shuning uchun ham Tramp bu yerda yangi o‘yinlar amalga oshirishi qiyin. Bundan tashqari, bunday harbiy operatsiyani hali Kongress ham tasdiqlashi kerak, chunki bu xarajat bilan bog‘liq.
— Habibulloxon Azimov: Xalqaro munosabatlarda rahbarlarning xarakterini belgilovchi «Medmen» nazariyasi bor, ya’ni «aqldan ozgan rahbarlar» tushunchasi bor. Haqiqatan bugun ko‘pchilik xalqaro munosabatlar bo‘yicha mutaxassislar Trampni xuddi shunaqa bir shaxs sifatida ko‘radi, ya’ni uning nima deyishi, qanaqa fikr aytishi bu masalalarga qanday yondashish masalasi haqiqatan qiyin. Ya’ni oldindan aytib bo‘lmaydigan bir shaxs sifatida ko‘riladi.
Xo‘sh, demak, bugun biz bilamiz, Tramp siyosiy hokimiyatga kelish jarayonida saylov oldidagi dasturlar orasida G‘azodagi urushni tugatish masalasini ilgari surdi va urushni tugatish masalasini aytgan edi. Urushlarni to‘xtatish va tinchlik olib kelish boshqa masala. Urush tugashi mumkin, lekin tinchlikka erishilmasligi mumkin.
Bugun Tramp saylov kompaniyalarida uni dastaklagan Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi yahudiy lobbisidan katta qarzdor. Jumladan, birinchi marta prezidentlik davridagi saylovlarda Qo‘shma Shtatlardagi yahudiy lobbisi eng katta vakillaridan biri Sheldon Adelson degan shaxs tomonidan juda katta moliyalashtirilgan.
Trampning siyosiy qarorlar olishida, bevosita yaqin shartlar bilan bog‘liq siyosiy qarorlarini ishlab chiqishiga urg‘u berishida, albatta, Amerika Qo‘shma Shtatlari yahudiy lobbisining ta’sirini alohida ta’kidlash kerak.
— Falastin mavzusida Isroilga yon bermaydigan Yaqin Sharq davlatlari, xususan, Saudiya Arabistoni tomonidan qanday qabul qilinishi mumkin?
— Habibulloxon Azimov: Tramp aytgan loyiha mintaqadagi boshqa mamlakatlarning yordamisiz amalga oshmaydi. Agar ular yordam bermasa, bu loyiha amalga oshirilishining imkoni yo‘q, chunki biz bilamiz, bugun G‘azoda ikki millionga yaqin aholi mavjud. Ularni ko‘chirish masalasi va ular qayerga ko‘chirilishi, qaysi mamlakat g‘azoliklarni qabul qilishi haqida savollar bor. Va masalan, deylik, Misr bugun G‘azodagi aholini o‘zining hududlariga oladimi, albatta yo‘q, chunki Misr uchun bu xavf — ichki xavf,
— Farhod Karimov: Agar majburiy ko‘chirish bo‘ladigan bo‘lsa, Jyeneva konvensiyasini unutishimiz kerak emas. Jyeneva konvensiyasiga ko‘ra ma’lum bir hududdagi aholini, uning roziligisiz yoki ma’lum bir sababsiz boshqa hududga o‘tkazish mumkin emas.
Bu konvensiyani birinchilardan bo‘lib AQSh ham, Isroil ham qabul qilgan. O‘sha qirq sakkizinchi yildagi (1948 yil) ko‘chishlarni eslatib o‘tish kerak bo‘ladi. Aynan o‘zlari yaratgan xalqaro normalariga bugun o‘zlari zid gapiryapti, birinchi navbatda AQSh.
Tarixiy bir haqiqat bor: bu falastinliklar bu hududlarda asrlar davomida yashab kelmoqda. Bu majburiy bir ko‘chirishni nafaqat xalqaro nuqtayi nazardan, insoniylik nuqtayi nazardan juda ham nojiddiy bir vaziyat sifatida baholash kerak.
Suhbatni to‘liq holatda rasmiy sahifalarimizda tomosha qilishingiz mumkin.