Yarim tunda mast holatda bo‘lgan ikki nafar shaxs sanchilib kesilgan tan jarohatlari bilan tez yordam bo‘limiga keltirilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar qilmoqda.
Aniqlanishicha, 2019 yilning 5 noyabr kuni soat 00:30 da voyaga yetmagan 17 yoshli Ya.T. o‘zining tengdoshlari D.R., D.P.lar bilan birgalikda Toshkent viloyati Bekobod shahar 13-dahada joylashgan «Mohinur» kafesida bo‘la turib, shu yerda ovqatlanib o‘tirgan S.X. va Yo.S.lar bilan o‘zaro janjallashib, ularga qo‘l va oyoqlari hamda pichoq yordamida tan jarohati yetkazib, hodisa joyidan yashiringanlar.
Tergov tezkor guruhi tomonidan hodisa joyidan ish uchun ahamiyatli ashyoviy dalillar rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan 2019 yilning 5 noyabr kuni Bekobod shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi «ye» bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, bezorilik oqibatida) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha gumon qilinuvchilar ushlanib, voyaga yetmagan Ya.T. O‘zbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi 3-qismi «g» bandi (bezorilik) va D.R., hamda D.P. lar esa JKning 104-moddasi 2-qismi «ye» bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, holat yuzasidan so‘roq qilinganlar.
So‘roq jarayonida ular iqrorlik ko‘rsatuvlari berib, gumon qilinuvchi D.R. bir dona pichoqni o‘z xohishi bilan tergovga taqdim etgan.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.