Zangiotada yuziga niqob kiygan shaxslar bosqinchilik sodir etdi

Jamiyat 08:13 / 07.11.2019 12668

Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashovchi fuqaroning uyiga yuziga niqob kiygan shaxslar g‘ayriqonuniy ravishda kirib, bosqinchilik yo‘li bilan uni tunab ketishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar Vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, 2019 yil 5 noyabr kuni soat 03:30da A.E. va Sh.A.lar yuzlariga niqob kiyib, bolta bilan qurollangan holda, fuqaro R.A.ning uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, unga tan jarohati yetkazib, qo‘l oyoqlarini elektr simi yordamida bog‘lab, yerto‘lada saqlangan 30 mln. so‘m pullarni bosqinchilik yo‘li bilan egallab, hodisa joyidan yashiringanlar.

Birlamchi tibbiy ma'lumotnomaga ko‘ra, R.A.da «bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, chap tirsak suyagi o‘rta uchligidan yopiq maydalanib sinib siljishi, o‘ng yelka sohasi yuqori uchligi kesilgan» jarohatlari aniqlangan.

Tergov tezkor guruhi tomonidan hodisa joyidan ish uchun ahamiyatga molik ashyoviy dalillar rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB huzuridagi TB tomonidan A.E. va Sh.A.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi «v» bandi (bosqinchilik - uy-joyga g‘ayriqonuniy ravishda kirgan holda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari jarayonida A.E. va Sh.A.lar ushlanib, ish bo‘yicha gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, so‘roq qilinganlar. So‘roq davomida ular iqrorlik ko‘rsatuvlarini berganlar hamda gumon qilinuvchi A.E.ning uyidan 13 mln. 140 ming so‘m naqd pullar, 1 dona qora rangli niqob va 3 dona rezina qo‘lqoplar ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Hozirda ushbu jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda va natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta'minlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: