SSV: Toshkent shahri 150ta «Ford» rusumli zamonaviy tez tibbiy yordam reanimobillari bilan ta'minlanadi

Jamiyat 17:50 / 07.11.2019 3734

Sog‘liqni saqlash vazirligi tez tibbiy yordam ko‘rsatish sohasidagi yangilanishlar ko‘lami va qamrovi ortib borayotgani, bu boradagi sa'y-harakatlar bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgani, bu ishlar doirasida Toshkent shahriga 150ta «Ford» rusumli zamonaviy tez tibbiy yordam reanimobillari olib kelinishi haqida ma'lumot berdi.

«Tez tibbiy yordam xizmatining tezkor va samarali bo‘lishi, zamonaviy avtomobillarning soni va ulardagi shart-sharoitlarga ham har jihatdan bog‘liq. Shu bois 11,9 million AQSh dollari qiymatidagi «Toshkent shahrida tez tibbiy yordam xizmati faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish» loyihasi doirasida Xitoyning «Henan Costar Group» kompaniyasi tomonidan zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari va tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan 150ta «FORD» rusumli tez tibbiy yordam reanimobillari yurtimizga yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan edi. Hozirda ularning dastlabki 9tasi yetkazib berildi. Yil yakuniga qadar 141ta ana shunday tez tibbiy yordam avtomobillari olib kelinishi rejalashtirilgan», — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori o‘rinbosari Ilhom Islomov.

E'tiborli jihati, ushbu tez tibbiy yordam avtomobillarining salon qismiga zamonaviy videokuzatuv kamerasi o‘rnatilgan bo‘lib, bu masofadan (call-markazdan) shifokor tomonidan ahvoli og‘ir bemorlar uchun kerakli maslahat va tegishli ko‘rsatmalar berish imkoniyatini yaratadi.

Shuningdek, «Huawei» kompaniyasi bilan 155 million AQSh dollari qiymatidagi «Respublikaning barcha hududlarida tez tibbiy yordam xizmati faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish» loyihasini amalga oshirish maqsadida xitoylik hamkorlar bilan kerakli mablag‘larni jalb etish bo‘yicha muzokalar olib borilmoqda. Loyiha doirasida mamlakatimizning barcha hududlarida tez tibbiy yordam xizmati call-markazlarini zamonaviy AKT bilan jihozlash va mavjud tez tibbiy yordam transporti avtoparkini yangilash rejalashtirilgan.

Zamonaviy sall-markazlari ishga tushirilishi bilan ham qator muammolar bartaraf etiladi. Ayni paytda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasining Call-markazida joriy ta'mirlash ishlari yakuniga yetkazilib, «Henan Costar Group» kompaniyasi tomonidan yetkazib berilgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari uskunalarini o‘rnatish ishlari yakunlanmoqda. Shuningdek, avtomatlashtirilgan tez tibbiy yordam xizmati boshqaruv tizimi sinov tarzida joriy etilib, hozirda mazkur tizimdan foydalanadigan xodimlarni o‘qitish ishlari boshlanmoqda. Joriy yil 1 dekabrdan boshlab Toshkent shahrida ushbu tizim to‘liq ishga tushiriladi.

Bundan tashqari, keyingi bosqichda onlayn, ya'ni mobil ilovalar ishlab chiqilmoqda. Ya'ni bemorning o‘zi bevosita planshet yoki telefon orqali murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu vazifalar bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilmoqda.

«Bu kabi qulayliklar tufayli har bir chaqiriqni qayta ishlash uchun bir daqiqadan kam vaqt sarflanadi. Natijada tezkorlikka erishiladi. Aholiga malakali va zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yanada ortadi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: