Mablag‘ yetishmovchiligi sabab «Qizil kitob»ning yangi nashri ming nusxada chop qilinadi

Jamiyat 23:55 / 06.11.2019 4436

Unda 2019 yilning oxiriga qadar nashr qilinishi reja qilinayotgan yangi tahrirdagi «Qizil kitob» va uni chop etishning sabablari bo‘yicha ma'lumot berildi.

Xususan, Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Baxtiyor Ibragimovning so‘zlariga ko‘ra, «Qizil kitob»ning amaldagi nashri 2009 yilda nashr etilgani sababli, undagi mavjud ma'lumotlar «ma'nan eskirgan» edi va shu tufayli so‘nggi 10 yil mobaynidagi tadqiqot natijalari umumlashtirilib, o‘simlik turlarining bugungi kundagi zamonaviy holati bo‘yicha ma'lumotlarni keng ommaga taqdim etish uchun kitobning yangi nashrini chop etish zarurati tug‘ilgan.

Baxtiyor Ibragimov

Tadbirda jurnalistlar tomonidan «Qizil kitob»ga kiritilgan hayvon va o‘simliklar aholi tomonidan ko‘p hollarda ularning kamyobligi borasida yetarli darajada xabardor emasligi uchun ham yo‘q qilinishi, aholining bu boradagi xabardorligini oshirish uchun targ‘ibot materiallarini ko‘proq chop etish borasida taklif bildirildi.

«Bunday targ‘ibot materiallarini chop etish va moliyalashtirish Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.

Fanlar akademiyasi bu masalaning faqat ilmiy tomoniga javob beradi, ya'ni hisob-kitoblarini olib boradi. To‘g‘risini aytsam, bizning bundan boshqa imkoniyatimiz ham yo‘q.

Albatta, 33 million aholi uchun bor yo‘g‘i 1000 nusxada chop qilinayotgan «Qizil kitob» bu – juda oz. Sababi, bu yerda aholini ekologik madaniyatini oshirish masalasi ham turibdi.

Qachondir akademiyaga ham shunday loyihalar uchun mablag‘ ajratilar, lekin hozircha homiy qidirishga majbur bo‘layapmiz», deya FA vitse-prezidenti Baxtiyor Ibragimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lumot uchun, «Qizil kitob» – bu noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan o‘simlik va hayvonot olami vakillarini himoyaga olish haqida ogohlantiruvchi signal. Bu kitob – kamayib va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan o‘simlik va hayvonlar turlarining hozirgi holati to‘g‘risidagi ma'lumotlarni umumlashtiruvchi asosiy xujjatdir.

Ko‘proq yangiliklar: