89 yoshli onaxonning Toshkentdagi xonadonini egallab olgan qarindoshlari uni Moskva aeroportida qoldirib ketishdi

Jamiyat 20:25 / 06.11.2019 21165

Agentlikning Rossiyadagi vakolatxonasi rahbari Saidno‘'mon Mansurovning Facebook sahifasida yozishicha, Klavdiya Redkina mehnat faxriysi va mehnat fronti qatnashchisi hisoblanadi. 

«Vakolatxonamizga O‘zbekiston fuqarosi, 1930 yilda tug‘ilgan Redkina Klavdiya Zaxarovna murojaat qildi. U boshidan o‘tkazgan voqeani jamoatchilikka yetkazishni lozim ko‘rdim», - deb yozadi u.

Onaxon o‘z qarindoshlarining aldovi ortidan Moskvaga kelib qolgan. Klavdiya Zaxarovnaning so‘zlariga ko‘ra, qizi va nabirasi aldov yo‘li bilan uning Toshkentdagi xonadoniga mulkdorlik huquqini beruvchi ishonchnomaga imzo qo‘ydirishib, evaziga Turkiyaga ko‘chib ketib nabirasi bilan birga yashashni va'da qilishadi.

Qizi Klavdiya Zaxarovnani Turkiyaga jo‘natib yuboradi. Nabirasi u bilan bir oz muddat birga yashagach, onaxonni qizi kutib olishini aytib Moskvaga jo‘natadi. Ammo aeroportda keksa ayolni hech kim kutib olmaydi. Bu yerda unga yordam beradigan tanishlari va qarindoshlari yo‘q edi. Onaxon ikki kun aeroportda qolib ketadi, so‘ngra uni Rossiya Federatsiyasining tegishli organlari vakillari olib ketishadi.

Bir necha haftalik azoblardan so‘ng Klavdiya Zaxarovna Toshkentga qaytdi. Rossiyada yashayotgan vatandoshlar himmati bilan onaxonga Moskva – Toshkent yo‘nalishida aviachipta olib berildi. Bundan tashqari, uning Toshkentdagi yuridik himoyasi masalasi hal etildi.

«Onaxonning muammosi hal etilishida ishtirok etgan barchaga alohida minnatdorligimni bildiraman. Bunday holatlar qonunchiligimizning zaif tomonlarini ko‘rsatadi va uni takomillashtirishga undaydi. Rahmat do‘stlar, kelinglar barcha narsaning ijobiy tarafini izlaylik, qiyinchiliklar bizni ajratishi emas, yaqinlashtirishi lozim», - deya xulosa qiladi Saidno‘'mon Mansurov.

Ko‘proq yangiliklar: