U Kolizeyga o‘xshaydi. Ichkarisida ham bog‘i bor «Krasnodar» stadioniga fotosayohat

Sport 18:43 / 04.11.2019 27878

JCh-2018 Rossiyaga, xususan rus futboliga ko‘p narsa berdi. Masalan ajoyib stadionlarni. Krasnodarda JCh oldidan ana shu ajoyib stadionlardan biri ochilgandi.

Stadion tashqi ko‘rinishidan Rimdagi afsonaviy Kolizeyni eslatib yuboradi. Bu stadionni ko‘pchilik Rossiyadagi eng ko‘rkam arena deb ataydi. Uning atrofini aylangiz, bu gap bejizga aytilmaganini bilasiz. Agar «Krasnodar» ishtirokidagi o‘yinga 4-5 soat oldin kelsangiz ham, afsus qilmaysiz. Stadion atrofidagi bog‘lar, xiyobonlarni aylansangiz, o‘yin qanday boshlanganini bilmay qolasiz. Stadionning ichida ham bog‘ bor.

Arenaning bir tomonida chinorzor bor. Ularga chiroqlar ham o‘rnatilgan va kechasi ham atrof juda go‘zal bo‘ladi. Stadionning yana bir tomonida to‘rtburchak qilib butalgan noodatiy daraxtlarni ko‘rasiz. Bu manzarali daraxt stadion yonidagi katta ko‘chaning ikki tomoniga ham ekilgan. Bu daraxtlardan biroz oldinga qarab yursangiz, u yerda ko‘zgusimon katta tuvaklar bilan o‘ralgan yana bir turdagi o‘zgacha daraxtlar ekilgan. Bu daraxtlar Afrikadagi jirafalar yeb, ustini tekislab qo‘ygan daraxtlarni eslatadi. Bir qarashda uning tabiiy ekaniga ham shubha qilib qolasiz.

Stadion asosiy kirish tomonida esa juda katta xiyobon bor. U yerda shunchalik ko‘p urindiqlar borki, go‘yo butun shahar unga sig‘adigandek tuyuladi. Yo‘q, o‘rindiq deganda siz o‘ylagandek qator qilib terilgan tribunalarni nazarda tutmadik. O‘rindiqlar ham kamida o‘n xil dizaynda o‘rnatilgan. Ularning o‘rindiq ekani bir qarashda sezilmaydi ham. Xullas stadion atrofida o‘yin boshlanishini kutish umuman muammo tug‘dirmaydi.

Xiyobon oxirida o‘ziga xos tepalik bor. Unga aylanib chiqasiz. Yuqorida bir nechta stul qo‘yilgan va u yerda qahva ichish mumkin. O‘ziga xos tepalik atrofida archalar ekilgan. Ular orasidan stadion ko‘rinib turadi. Bu manzara qanday chiroyli ekanini ayniqsa fotograflar yaxshiroq his qilishadi.

Tepalikdan stadionga qarab yurganda favvorali hovuz keladi. Uning ichida har xil rangdagi bejirim marmar toshlar suvning zilolligi bilan qo‘shilib ajoyib ko‘rinish beradi. Hovuzdan keyin stadionning eng mashhur joyi boshlanadi. U yerda «Krasnodar» ramzi hisoblangan buqaning haykali bor. Uning oldida suratga tushish odatga aylangan.

Stadionning ichkarisi esa alohida go‘zallik bor. Uning ekrani tribunaga ulanib ketgan. O‘yin boshlanishidan oldin ekranda «Krasnodar» futbolchilarining «Bugun kim yutadi? «Krasnodar», deb islandcha qarsak chalayotgani videosi chiqadi. Butun stadion ularga qo‘shilib qarsak chaladi. O‘yin tugagach stadion tungi rejimdagi chiroqlar bilan yoritiladi.

Ha, bularning barchasi «Krasnodar» stadioni haqida. Quyida Kun.uz muxbiri «Krasnodar» — «Rostov» o‘yini oldidan stadiondan tayyorlagan fotogalereyani taqdim etamiz.

Muhammadjon G‘aniyev olgan suratlar

Ko‘proq yangiliklar: