O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y berayotgan muhim voqea va hodisalar sharhi bilan odatdagidek tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
G‘azoning janubida joylashgan BMTning falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkillashtirish Yaqin Sharq agentligi klinikasiga Isroil zarbasi tufayli mahalliy jurnalistlarning xabariga ko‘ra, 14 nafar falastinlik halok bo‘lgan.
Dengiz qirg‘oqlarida qorin to‘ydirish uchun baliq tutayotgan falastinliklarga ham Isroil vertolyotlari o‘q uzgan.
Isroil samolyotlari G‘azoning shimolidagi Jabaliya shahriga hujum qilgani oqibatida ham 3 nafar falastinlik halok bo‘lgan. Bir necha kishi yaralangani xabar qilinmoqda.
HAMAS harakati Isroil qo‘shini bilan Jabaliya shahridagi to‘qnashuvlarning kadrlarini e’lon qildi.
«Al-Aqso» toshqini operatsiyasining 224-kuniga kelib «Al-Qassam brigadasi» rasmiy vakili Abu Ubayda so‘nggi o‘n kun ichida isroillik okkupantlarning 100 ta tanki va zirhli texnikasiga hujum qilganini ta’kidlagan.
«Harbiy mojaroning barcha zonalarida dushmanning o‘nlab askarlari halok bo‘lishmoqda va yarador qilinmoqda. Jasadlarni olib chiqish bir fursatga ham tingani yo‘q. Biz dushman bilan uzoq jang qilishga tayyormiz», — degan Abu Ubayda.
Urushning 224-kuniga kelib Falastinda halok bo‘lganlar soni 35 ming 303 nafarga yetdi. Yaralanganlar soni 79 ming 261 kishini tashkil etmoqda.
So‘nggi bir sutka ichida Isroil qo‘shini 4 ta ommaviy qirg‘in o‘tkazgan, unda 31 kishi halok bo‘lgan va 56 kishi yaralangan.
2023 yilning 7 oktyabridan buyon G‘azoda halok bo‘lgan jurnalistlar soni 147 nafarga yetgan. O‘ldirilgan so‘nggi jurnalist Hael an-Najor bo‘ldi. U Rafahga uyushtirilgan aviazarba natijasida hayotdan ko‘z yumdi.
Arab davlatlari Falastin haqida
Bahrayn poytaxti Manama shahrida 11 ta arab davlatlari yetakchilari ishtirokida Arab davlatlari ligasining 33-sammiti o‘tkazildi.
Arab davlatlari yetakchilarining muhokamasidagi asosiy mavzu Falastinning G‘azo sektoridagi vaziyat va umuman Falastin muammosi bo‘ldi.
Bahrayn qiroli Hamad ibn Iso Ol xalifa Manamada o‘tgan Arab davlatlari ligasi sammiti ochilish marosimida Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazishga chaqirdi.
Bahrayn qiroli o‘z mamlakati Falastinni to‘laqonli tan olish va uni Birlashgan Millatlar tashkilotiga qabul qilishni qo‘llab-quvvatlash masalasiga sodiq ekanini tasdiqladi. U shuningdek, Falastin davlatining tuzilishi mintaqaga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.
O‘zining sammitdagi chiqishida Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon Ol Saud xalqaro tan olingan Falastin davlatini tuzishga chaqirdi. O‘z nutqida shahzoda xalqaro hamjamiyatni G‘azo sektorida o‘t ochishni bas qilish, Falastindagi tinch aholiga nisbatan tajovuzni to‘xtatishga bo‘lgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Ukrainadagi urush
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Xarkiv oblastida vaziyat barqarorlashganini ma’lum qildi. Ukraina qo‘shinlari Xarkiv oblasti shimolida Rossiyaning bostirib kirishi bilan bog‘liq vaziyatni «barqarorlashtirish»ga muvaffaq bo‘lgan — RF qo‘shini so‘nggi hafta davomida frontning mazkur uchastkasida kamida o‘n kilometrga ilgarilagandi. Bu haqda Zelenskiy jurnalistlar bilan muloqotda ma’lum qilgan.
«Bugungi kun uchun asosiysi — bizning mudofaa kuchlarimiz vaziyatni barqarorlashtirishdi… Bugun mudofaa kuchlarimiz rossiyaliklarni turgan joyida to‘xtatdi. Ularning eng chuqur kirib kelgan nuqtasi — 10 kilometr. Yo‘nalishda dushmanning ayrim brigadalarida hech qanday ilgarilash yo‘q — bungacha ham bo‘lmagandi».
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shini «mudofaaning beton liniyasi»gacha yetib kelmagan va birinchi liniya atrofida bo‘lib turibdi.
«Birinchi liniya — chegara emas, u yerda istehkom qurib bo‘lmaydi, chunki u yerda ishlagan odamlar rossiyaliklar ishlatgan qurollardan halok bo‘ldi. Ular hozir taxminan o‘sha yerda. Bu birinchi liniya, ya’ni harbiylarimiz to‘xtovsiz otishmalar ostida qurgan liniya. Birinchi va ikkinchi liniyani harbiylar qurishgan, uchinchisini esa mahalliy hukumat. Bunisi eng kuchlisi — bu ular harbiylardan yaxshiroq ekani uchun emas, shunchaki bu chiziq qurollardan, snaryadlardan, otishmalardan yiroq bo‘lgani uchun mustahkamroq qurilgan», — degan Zelenskiy.
Ukraina prezidentiga ko‘ra, bu yo‘nalishda Rossiya qo‘shinlarining asosiy nishoni Vovchansk shahri hisoblanadi.
Shuningdek, Volodimir Zelenskiy mahbuslarni safarbar qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Qonun og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar uchun sudlanganlarga harbiy safarbarlik evaziga ozodlikka chiqish imkonini beradi.
Xarkiv fronti haqida gapirar ekan, Xitoyda bo‘lib turgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xarkivni egallash rejasi yo‘qligini aytgan. U bu yurish harakatlarini Ukraina qurolli kuchlarining zarbalariga javoban chegara hududda sanitar zona tashkil etishga harakat deb atadi.
«Agar bu davom etsa, biz xavfsizlik zonasi tashkil etishga majbur bo‘lamiz, deb ochiq aytgandim. Sanitar zona. Mana buni qilyapmiz. Xarkivga keladigan bo‘lsak, bugungi kunda bunday reja yo‘q», — degan Putin.
Putin Rossiya muzokaralardan bosh tortmasligi, ammo endi «yerdagi mavjud reallik»dan kelib chiqilishini aytgan.
Ukrainaga hujum paytida Rossiyadan kamida 53 ming 586 askar halok bo‘lgan, deb hisoblab chiqishgan jurnalistlar ochiq manbalardan foydalangan holda. Bu faqat OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi nekrologlar va aniqlangan qabrlarga qarab qilingan hisob-kitoblar. Bedarak ketganlar va ko‘milmaganlar hisobga olinmagan. Haqiqiy son bundan 2-3 barobar yuqori bo‘lishi mumkin.
Rossiyaning tashqi savdosi
Xitoy, Hindiston va Turkiya Rossiya ko‘mirini xarid qilishni keskin qisqartirgan. Bu uch davlat Rossiya ko‘mirining eng yirik importyorlaridan hisoblanib kelgan va 2024 yilning birinchi choragida xarid hajmini keskin qisqartirishgan.
Turkiya va Hindistonga eksport o‘tgan yilga nisbatan ikki barobarga qisqargan. Xitoy esa ko‘mir xaridini 16 foizga qisqartirgan. Shuningdek, Janubiy Koreya, Yaponiya va Tayvanga ham eksport qisqargan.
Faqat Birlashgan Arab Amirliklari dastlabki chorakda xarid hajmini 8 foizga, Hongkong esa 1 foizga oshirgan.
Putinning Xitoyga qilgan safari chog‘ida Si Jinping Rossiya gazi xaridi bo‘yicha yangi shartnoma imzolanishini rad etgan. Katta dabdaba bilan o‘tkazilgan tashrif Kreml ko‘p yillardan buyon kutayotgan asosiy kelishuvsiz yakunlangan.
Putin o‘zining beshinchi muddatiga inauguratsiya marosimini o‘tkazganidan so‘ng Pekinga hukumatdagi barcha asosiy mansabdorlar bilan kelgan bo‘lsa-da, Rossiya gazini Xitoyga qo‘shimcha yetkazib berish va «Sila Sibiri-2» gaz haydash quvurini qurish bo‘yicha shartnomalar imzolashga Si Jinpingni ko‘ndira olmagan.
Tramp migrantlarni quvmoqchi
AQShning sobiq prezidenti va galdagi prezidentlik saylovlariga o‘z nomzodini surgan Donald Tramp agar qayta prezident etib saylansa, ilk kundayoq AQSh va Meksika chegaralaridan migrantlar oqimiga nuqta qo‘ymoqchi.
Tramp ma’muriyatining sobiq mansabdorlari guruhi hamda immigratsiya masalalari bo‘yicha mutaxassislar guruhi farmonlar va boshqa hujjatlar loyihasini tayyorlashga kirishgan.
The Washington Post nashrining yozishicha, Donald Tramp Jo Baydenning immigratsion dasturini bekor qilmoqchi va o‘zining so‘zlariga ko‘ra, AQSh tarixidagi eng yirik ommaviy deportatsiya uchun asoslar yaratmoqchi.
Qo‘yiladigan qadamlar ichida xorijliklarni mamlakatdan chiqarib yuborish uchun hujjatlarni ko‘rib chiqishni tezlashtirish va yuz minglab migrantlarning deportatsiya qilinishdan himoyasini bekor qilish kabi masalalar bor. Shuningdek, Tramp ma’muriyati butun dunyodagi davlatlarni deportatsiya qilingan o‘z fuqarolarini qabul qilishga majburlash niyatida.
Garchi avvalroq Tramp migrantlar mamlakat «qonini buzayotgani» haqidagi bayonotlaridan so‘ng qattiq tanqidlar ostiga olingan bo‘lsa-da, aksilmigratsion ohang Donald Tramp saylovoldi kampaniyasining bosh shioriga aylanib ulgurgan va u saylovlarda bu chaqiriqlar tarozi pallasini uning foydasiga og‘dirishi ehtimoli katta.