29 oktabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Raqamli bank: «Asaka» bankda ushbu tizimning dastlabki bosqichlari» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda ma'lum qilinishicha, mijozlarga sifatli xizmatni qulay tarzda taqdim etish maqsadida «Asaka» bank tizimida raqamli texnologiyalarning bir qator ko‘rinishlari joriy qilinmoqda.
«Bank va uning mijozlari orasidagi munosabatlarning qulaylik va tezkorlikka asoslangan yangi yo‘nalishi bu raqamli bank hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi aholisining 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. Ularning barchasi smartfondan foydalanadi, internetdan foydalanadi. Ya'ni xizmat iste'molchilari eskicha fikrlashdan yiroq. Ular har qanday tashkilotning xizmatidan foydalanishda operativ va qulaylikni istaydi. Bank ham bundan mustasno emas. Shu bois bank xizmatlarini ko‘rsatishda ham raqamli texnologiyalardan foydalanish davr talabiga aylangan», – deydi «Asaka» banki boshqaruv raisi o‘rinbosari Boboxon Abdullayev.
«Asaka» banki mijozlar uchun dunyoning istalgan nuqtasida hamda istalgan vaqtda bank xizmatlaridan foydalana olish imkoniyatini yaratish maqsadida korporativ internet bank moduli – 24/7 rejimida masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bank axborot texnologiyalari departamenti boshlig‘i Umid Nabiyevning ta'kidlashicha, Asaka mobile dasturiy kompleksining mobil ilovasi ichki imkoniyatlari kengaytirildi. Mazkur tizim orqali kommunal, budjet, internet, mobil aloqa kabi amaliyotlarni bajarish yo‘lga qo‘yildi. «Shuningdek, mobil telefoni mavjud bo‘lmagan shaxslar ham bu qulayliklardan cheklovlarsiz foydalanishlari uchun internet tarmog‘ida My Asaka web dasturi ishga tushirildi», – deya ta'kidlaydi departament boshlig‘i.
«Asaka» bank ijro apparati boshlig‘i Bekzod Tangmatovning ma'lumot berishicha, mijozlarga mablag‘ ajratishning yangicha usuli tatbiq etilmoqda.
«Mijozlarga ma'lum muddatli mablag‘ ajratishning tahlillash moduli – Scoring yordamida bank o‘z mijozining to‘lov madaniyati haqida to‘liq ma'lumotga ega bo‘lishi mumkin. Ya'ni mijoz tomonidan taqdim etilgan INN kod orqali u haqidagi ma'lumotlar – kommunal xizmatlardan qarzdorligi, ularga yondashuvi, jarima va turli ma'muriy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash-to‘lamasligi haqida axborot oladi. Shu ko‘rsatkichlar asosida mijozga beriladigan mablag‘ miqdori va foizi belgilanadi. Mijozning to‘lov madaniyati qanchalik yuqori bo‘lsa, uning bank tomonidan beriladigan qulay imkoniyatlarga ega bo‘lishi ehtimoli ham ortadi», – deydi Bekzod Tangmatov.
Bank mas'ullarining ta'kidlashicha, bank tizimida xizmat sifatini oshirish uchun xodimlar ishiga baho berish – KPI tizimi ishga tushirilgan. Bunda bank xizmatchilari ishga kelib-ketgan soatlari uchun emas, balki mijozlarga qancha hajmda va qay darajada sifatli xizmat ko‘rsatganiga qarab rag‘batlantiriladi. Shuningdek, bankning korporativ tarmog‘ini yaxshilash uchun bank filiallarida shisha tolali kabel (VOLS) asosida ma'lumotlar almashish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Anjumanda qayd etilganidek, mazkur raqamli texnologiyalarning barchasi bank xizmatlarini yaxshilash va mijozlar manfaati uchun xizmat qiladi.
«Asaka» bank – Sizning biznes faoliyatingizdagi ishonchli hamkoringiz!
Call-markaz: 1152
Veb-sayt: www.asakabank.uz
Telegram: t.me/bank_asaka
Facebook: fb.com/bankasaka
Instagram: @asaka_bank
Reklama huquqi asosida