Joriy yilning 28 oktabr kuni soat 07:30larda Andijon viloyatining Buloqboshi tumani «Baynalminal» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan oqib o‘tuvchi «Janubiy Farg‘ona» kanalining 1-sonli GES to‘g‘onidan erkak kishining murdasi topildi.
«Postda» nashrining yozishicha, tashqi ko‘rinishidan jarohatsiz bo‘lgan murda Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi A.S.niki ekani ma'lum bo‘lgan.
O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, fuqaro «yuqori nafas yo‘llarining suyuqlik bilan berkilishi oqibatida kelib chiqqan mexanik asfiksiya»dan hayotdan ko‘z yumgan.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi ma'lumotda.