Qiziltepa tuman adliya bo‘limi tomonidan tumandagi kollejlarda ishlovchi ishchi va xodimlarning mehnatga oid huquqlariga rioya etilishi monitoring qilinganda, bu borada ularning huquqlari buzilayotgani aniqlangan. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva xabar bermoqda.
Tumandagi 6ta kasb-hunar kolleji jumladan, Qiziltepa agroservis, Qiziltepa qishloq xo‘jalik, Qiziltepa yengil sanoat, Qiziltepa agroiqtisodiyot, Qiziltepa maishiy xizmat ko‘rsatish, Qiziltepa qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi kasb-hunar kollejlari tomonidan jami 380 nafardan ortiq ishchi va xizmatchilar bilan kollej ma'muriyati o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomalari joriy yilning iyul-avgust oylarida Mehnat Kodeksining 100-moddasi, 2-qismi 1-bandiga binoan bekor qilingan.
Biroq, amaldagi Mehnat Kodeksiga muvofiq, mehnat shartnomasi bekor qilinganda bir necha shartlar bajarilishi lozim. Bular:
– ish xaqi berilgani,
– xodimga foydalanmagan asosiy va qo‘shimcha ta'tillari uchun pullik kompensatsiya to‘langani,
– mehnat shartnomasi bekor qilinganda Mehnat Kodeksining 109-moddasiga binoan xodimga o‘rtacha oylik ish haqidan kam bo‘lmagan ishdan bo‘shatish nafaqasi berilgani,
– xodimning mehnat shartnomasi bekor qilinishi bilan uni qonunlarda o‘rnatilganidan yuqori pul to‘lovlari (masalan, ishdan bo‘shatish nafaqasi oylik ish xaqidan ortiq to‘lash) yoki qonunlarda ko‘rsatilmagan pul to‘lovlari to‘g‘risidagi talablari – agar bu to‘lovlar berilishi jamoa kelishuvi, jamoa shartnomasi hamda xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasida ko‘zda tutilgan bo‘lsa.
Yuqoridagi talablar asosida xodimlarga mablag‘lar to‘lanmagan. Tuman adliya bo‘limining viloyat moliya boshqarmasi, viloyat kasbiy ta'limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi boshlig‘i hamda kasb-hunar kollejlari direktorlari nomiga taqdimnomalar kiritilib, qonunga zid qabul qilingan 40ta mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqlar bekor qilinib, qayta rasmiylashtirilgan.
Jami bo‘lib, ishchi va xizmatlarga 449 mln 831 so‘mdan ortiq bir martalik beriladigan ishdan bo‘shatish nafaqasi hamda homiladorlik va tug‘ish nafaqalari to‘langan.
Sudlarga kollej ishchi va xizmatchilarning manfaatlarini ko‘zlab, mehnat munosabatlaridan kelib chiqqan nizolar yuzasidan 22ta da'vo arizalari kiritilgan.