Muhammad Yusuf uy-muzeyi uchun ajratilgan joy tadbirkorga berib yuborilgan. Chigallik qayerdan kelib chiqdi?

Jamiyat 11:11 / 28.10.2019 33747

O‘zbek millatining shoirlardan taqchilligi bo‘lmagan. Yaxshi shoirlarimiz ko‘p. Muhammad Yusuf esa ularning eng yaxshilaridan.

O‘zbekiston xalq shoiri nomi bilan bog‘liq ziddiyatli muammoni yozishdan oldin ko‘p o‘ylandik. Takror murojaatlardan so‘ng, tahliliy-tanqidiy maqolamiz tom ma'nodagi el suygan shoir xotirasi, uning oilasi hurmati, obro‘siga putur yetkazmasligi mas'uliyatini his etgan holda masalani o‘rganishni boshladik.

Balki, mubolag‘a bo‘lib ko‘rinar, lekin Muhammad Yusuf qoldirgan adabiy meros uchun har qancha e'tibor oz.

Maqola orqali marhum adibning hurmati uchun amalga oshirilgan samarali ishlarga soya solmoqchi emasmiz. Andijon shahrida uning nomi bilan atalgan go‘zal xiyobon qurilgani, Muhammad Yusuf ijod maktabi faoliyat yuritayotgani tahsinga loyiq ish.

Bugungi maqola esa biroz dilingizni xira qilishi mumkin. Marhum shoirning ayoli Nazira opa bizga Marhamat tumani hokimligi tomonidan shoir uy-muzeyi uchun ajratilgan yer maydoni tadbirkorga noqonuniy tarzda berib yuborilayotgani haqida shu yilning iyul oyi telefon orqali murojaat qilgan edi. Biz voqea chigallashishini istamay, o‘sha paytning o‘zida tuman va viloyat mutasaddilariga bu muammoni yetkazdik.

Biroq, o‘tgan uch oy davomida masala ijobiy yakun topmadi.

Ezgu niyat ortidan kelgan muammo

Shoir Andijon viloyati Marhamat tumani Qovunchi qishlog‘ida tug‘ilgan. Marhamatliklar «Mashhur shoir bizning tumandan», deya faxrlanadilar. 2016 yil may oyida tuman hokimining 240-14 sonli qarori bilan «Qoraqo‘rg‘on» MFY hududidan O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning uy-muzeyi qurilishi uchun 15 sotix yer maydoni ajratiladi. Aholi va shoirni yo‘qlab keluvchi ixlosmandlar bu voqeani katta xursandchilik bilan qabul qilishdi. Uy-muzey qurilishiga ajratilgan maydon zo‘r tanlangan. Andijon-Marhamat asosiy yo‘lining Qovunchi qishlog‘iga burilish joyi.

Muammolar oradan uch yil o‘tib boshlandi. Shoir Muhammad Yusufning qizi Madina Yusupova Kun.uz saytiga yuborgan murojaatida shunday deydi: «O‘zbekiston xalq shoiri, mening otam Muhammad Yusuf nomi bilan yuritiladigan fond ixtiyoriga Andijon viloyati, Marhamat tumanidagi Qoraqo‘rg‘on qishlog‘i, «Tosh yo‘li» MFY hududidan tuman hokimi X.Sultonovning qaroriga asosan 15,4 sotix yer maydoni uy-muzey qurish uchun ajratilgan edi. Ammo, tuman hokimi o‘zgargach, xalq hashari yo‘li bilan qurilishi kerak bo‘lgan obekt qurilmay qolib ketgan.

Bu haqda ayni paytdagi Marhamat tumani hokimi Shuhrat Qamchiyevga bir necha bor murojaat etdik. U fond yeriga hech kim daxl qila olmasligini aytib, bizni ishontirdi.

Ammo fondga tegishli yer 2019 yilning fevral oyida, Rossiyada ishlab yuradigan aka-uka Farhod va Furqat Yo‘ldoshevga mahalliy hokimiyat tomonidan bizni ogohlantirmay, uy-muzey uchun chiqarilgan qaror bekor qilinmay turib berib yuborilgan.

Biz yerimizni fondga qaytarib olish uchun Toshkent-Andijon-Marhamat o‘rtasida 4,5 oydan beri sarsonmiz. Ammo hech qanday foydasi bo‘lmadi. Muammo bo‘yicha viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonovga ham murojaat etganmiz.

Bu orada yurak xuruji bilan kasalxonada uzoq davolanib chiqqan onam Andijonga juda ko‘p marta qatnashga majbur bo‘ldi. O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf xotirasiga nisbatan hurmatsizlik, nohaqliklar, bizga bo‘lgan yomon munosabat onamning sog‘ligi yomonlashishiga olib keldi.

Opam Nozima fond yeriga noqonuniy qurilish qilayotgan Yo‘ldoshevlarga xatti- harakatlari noqonuniy ekanini tushuntirishga uringanida, ular opamga «Bizga bu yerni viloyat hokimi berdi. Qo‘lingizdan hech narsa kelmaydi!», deb javob bergan.

Ushbu noqonuniy harakatlar bugungi kunda prezidentimiz tomonidan otamizning mehnatlarini zo‘r e'tibor bilan qadrlab turganlarini ko‘ra-bila turib qilinayotganiga hayronmiz. Bu holatni - Andijon viloyati va Marhamat tuman rahbarlari tomonidan otamiz Muhammad Yusuf va bizning oilamizga hamda el suygan shoirning pok nomiga qilingan hurmatsizlik deb baholaymiz».

Muhammad Yusuf oilasi viloyat va tuman mutasaddilariga ko‘p bor murojaat qilgan.

O‘zbekiston prezidenti portaliga qilingan ikki murojaatdan biri Marhamat tumani hokimligi tomonidan o‘rganilib, arizachiga javob xati ham jo‘natiladi.

Tuman yer resurslari Davlat kadastr bo‘limi boshlig‘i S.Bo‘tayev tomonidan yuborilgan o‘rganish natijalarini «topishmoq xulosa», deb atash mumkin. Kadastr rahbari javob xatida, uy-muzeyga ajratilgan joyda qurilish qilayotgan tadbirkor o‘rganish davomida mutasaddiga hech qanday qaror va loyiha taqdim qila olmaganini aytadi. Xatda «Muallif javobdan qoniqmasa, yana yuqori turuvchi boshqarmaga murojaat qilishi mumkinligini bildiraman», degan yakun ham bor.

Marhamat tuman hokimligida

Iyul oyi oxirlarida xuddi shu muammo bilan tuman hokimi Shuhratbek Qamchiyevga bog‘langanimizda, muammmolar hal bo‘lishi, shoirning oilasi va tadbirkorni kelishtirib qo‘yishini aytgandi. Aynan «kelishtirib qo‘yish» iborasiga quyida to‘xtalamiz.

Voqeaga oydinlik kiritish maqsadida Marhamat tumaniga bordik. Maqsadimizni eshitgan tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Isroiljon Teshaboyev hokimlik yuristi Muhammadjon Ahmedov va arxitektor yodamchisi Ortiqali Ergashevni chaqirdi.

Hokim o‘rinbosarining talabi bilan tashkiliy-nazorat bo‘limi xodimlari bizga tuman hokimining 2016 yil 2 may sanasi bilan qabul qilingan «O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning uy-muzeyi xalq hashari yo‘li bilan qurilishi uchun «Qoraqo‘rg‘on» QFY hududidan yer uchastkasi tanlab ajratish to‘g‘risida»gi qarori, shu qarorga asosan tuzilgan dalolatnoma va yer maydoni ko‘rsatilgan xaritani taqdim qilishdi. Barcha hujjatlar tuman mutasaddilari tomonidan muhr va imzo qo‘yib tasdiqlangan. Qog‘ozlar yer uchastkasi qonunan uy muzey uchun berilganini ko‘rsatib turibdi. Qarorning 7- bandida qarorning tasdig‘i viloyat hokimligi viloyat hokimligi Yer masalalari bilan foydalanuvi komissiyasidan so‘ralsin, deya ko‘rsatilgan.

Mutasaddilar bilan birgalikda uy-muzey qurilishi uchun ajratilgan joyga bordik. Qoraqo‘rg‘on qishlog‘idagi yer maydonida tadbirkor Yuldashev Mirkomiljon tomonidan maishiy xizmat ko‘rsatish binolari qad rostlab, ikkinchi qavatida ishlar ketyapti.

Mutasaddining tushunib bo‘lmas izohi

Ma'lum muammo haqida tuman hokimi o‘rinbosari Isroiljon Teshaboyev bilan o‘sha joyning o‘zida suhbatlashdik.

«Marhamat tumani markazi va uchta qishloqda katta ko‘lamda ishlar olib borilyapti. Agar vaqtingiz bo‘lsa ana shunday bunyodkorlik ishlari ketayotgan uchta katta qishloqni aylanamiz. Aynan mana shu joydagi qurilish ishlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu yerda tadbirkor 15 sotix maydonda savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obektini qurishni boshlagan. Barcha hujjat, loyihalari bor. Qolgan o‘n besh sotixida Muhammad Yusuf uy-muzeyi qurilishi rejalashtirilgan.

2016 yilda uy-muzey qurilishi uchun yer uchastkasi ajratilgan bo‘lsada, uch yil davomida qurilish bo‘lmagani, ya'ni yer bekor yotgani uchun tadbirkorga berdik. Tadbirkor hozir bu joyda savdo, maishiy xizmat obektlarini quryapti. Shu bilan birga, tadbirkor mana shu joydan zal ajratib shoirimiz Muhammad Yusufning kichik muzeyini ochishini bildirdi. Yana haykalini o‘rnatadigan bo‘ldi. Tadbirkor uy-muzey eksponatlari uchun yetarli sahn ajratadi», deydi mutasaddi.

Muhammad Yusuf fondi a'zolari va tadbirkor o‘rtasidagi tortishuv yechimi haqida munozaraga Isroiljon Teshaboyev «ularni kelishtirib qo‘yamiz», deya izoh berdi. 

Mana shu joyda mutasaddiga, «Muammo paydo bo‘lganidan beri 6 oy o‘tgan bo‘lsa, tadbirkor tomonidan uy-muzey tashkil qilinishi haqida aytilmagan edi. Tadbirkorga berilgan hujjatlar bilan tanishsak bo‘ladimi?», degan savolni berdik.

Hokim o‘rinbosari hujjatlarni tadbirkor ko‘rsatishini aytdi.

Bu orada tadbirkor Mirkomil Yuldashevning ish yurituvchisi kelib, bizga o‘zida mavjud tuman hokimining qarori, dalolatnoma va qurilish uchun hudud ko‘rsatilgan xaritani taqdim qildi. 

Biz hujjatlar ko‘zdan kechirib tuman arxitektura xodimi Otabek Hamroqulovga qo‘limizdagi yer maydoni ko‘rsatilgan xarita bilan yuzlandik.

Mutaxassis qarorga ilova qilingan qishloq xo‘jalik xaritasidagi joy ikkala qarorga asosan bir xilligini tasdiqladi.

Qarangki, tuman hokimining 2016 yilgi qarori bekor qilinmasdan aynan o‘sha yer maydoniga ikkinchi qaror chiqarilibdi(!).

Tadbirkor: «Bizga yer maydonini fond rahbari, ya'ni Muhammad Yusufning ayoli sotamiz, degan!»

Tadbirkor Mirkomil Yuldashevning ish yurituvchisining so‘zlarini tingladik.

«Biz qurilishni o‘zimizcha boshlaganimiz yo‘q. O‘sha paytda shoir Muhammad Yusufning xotini kelib bizga bu joyni sotamiz degan va 30 ming dollarga kelishganmiz. Qo‘liga ming dollar ham berganmiz. Ular bizga yer qarorini ko‘rsatamiz, deb o‘yin qilishgan. Oradan ancha vaqt o‘tib bizga muddati o‘tib ketgan qarorni ko‘rsatishdi. Biz qurilishni boshlaganimizdan keyin viloyat hokimining o‘zi kelib ishlarimizni ko‘rib ruxsat bergan. Qaytarib aytaman, biz qurilishni o‘zimizcha boshlamaganmiz. Shoirimizning ayoli bizdan pul olgan. Kecha qizi yana telefonda mendan pul talab qildi. Ular viloyat hokimi o‘rinbosari bilan kelib tazyiq o‘tkazib ham ko‘rishdi, qurilishimiz to‘xtab ham qoldi. Keyin mana yozuv-chizuvga o‘tishdi. Maqsadini bilamiz.

Ming dollar berganimizning videotasvirlari ham bor. Hozir videolar Rossiyadagi akamda. Shuning uchun ko‘rsata olmayman. O‘sha jarayonda shoirning xolalari, ammalari, jiyani ham bor edi. Sotaman deyishgan, olganmiz. Biz tashlandiq joyni obod qilyapmiz. Ular baribir Marhamatga kelib uy-muzey qurmaydi. Shu paytgacha hech narsa qilishmadi-ku?!

Qarorini keyin ko‘rsatishdi. U eskirgan qaror ekan. Biz chiqindixona bo‘lib yotgan joyni obod qilyapmiz. Bizga e'tiroz qilishlari qiziq», deydi ish yurituvchi yigit.

Tadbirkor shoirning oilasiga berilgan pul hujjatlashtirilmaganini aytdi.

Tadbirkor haqmi?

Tuman hokimligi yer maydonini taqdim qilib, qaror chiqarib bergach, Mirkomil Yuldashev qurilishni boshlagan. Ayni paytda binoning ikkinchi qavatida ish ketyapti.

Tadbirkor hokimlik barcha hujjatlarni rasmiylashtirganidan so‘ng qurilish boshlagan. Boshqa joyni berishsa, savdo va maishiy xizmat binosini o‘sha joyga qurardi. Uning shoir oilasi bilan oldi-berdisi esa alohida masala.

Marhamat tuman hokimi Sh.Qamchiyev va boshqa mutasaddilar avvalgi qarorni bekor qilmay, ikkinchi qarorni chiqargani tadbirkor va fond o‘rtasidagi muammoni kelib chiqargan.

Uy-muzey uchun ajratilgan yerni hukumatning maqsadli foydalanilmayotgan, bo‘sh turgan yerlarni tadbirkorlarga ajratib berish to‘g‘risidagi qaroriga asosan tadbirkorga berilgani to‘g‘ri qarormidi?

2016 yilgi hokim qarorida uy-muzeyi xalq hashari yo‘li bilan qurilishi ko‘rsatilgan-ku?!

Demak, uy-muzeyi qurilishiga Muhammad Yusuf fondi bilan bir vaqtda tuman hokimligi ham teng mas'ul edi. Marhamat tuman hokimligi tadbirkorga «bu qarorning muddati o‘tgan», deyishi ham noto‘g‘ri.

Fondda mablag‘ yetishmagani sabab qurilish bo‘lmadi. Xalq shoirining uy-muzeyi qurish uchun hokimlik va fond xayriya tashkil qilganida ham mablag‘ yig‘ilgan bo‘lar edi.

Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Marhamatga kelgan vaqtida tuman hokimligi mutasaddilari yer maydoni uy-muzey uchun ajratilgani haqida batafsil tushuntirib aytishmagan degan taxmin ham bor.

Shundan so‘ng Muhammad Yusufning bevasi, fond rahbari Nazira as-Salom bilan gaplashdik.

«Shoir adabiy merosi bilan shug‘ullanib, uni to‘plash va keng targ‘ib qilish maqsadida 2003 yili mazkur fondni tashkil etgandik. 2013 yilda «Yosh tarjimonlar mahorat maktabi» nomli loyiha bo‘yicha davlat grantini qo‘lga kiritdik. Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda Muhammad Yusuf ijodidan foydalanish asosiy maqsadimiz.

Yer masalasida salkam bir yildan beri kurashib kelamiz. Aslida bu yerni Marhamat tumanining oldingi hokimi Xursandbek Sultonov o‘z tashabbusi bilan fondga o‘tkazib bergandi. O‘shanda 2016 yilning bahori edi. «Opa, har gal tumanimizga kelganingizda hali u qarindoshnikida, hali bu tanishnikida qolasiz. Fond nomiga yer ajratib, u yerga Muhammad Yusuf uy-muzeyi va uni ziyorat qiluvchilar uchun imorat, o‘zingiz uchun uy qursak. Siz ham, mehmonlar ham qiynalmaydi. Bularni xalq hashari asosida quramiz, bizdan yaxshi ish qolsin. Muhammad Yusuf yurtiga kelganlar xursand bo‘lsin», degan gaplarni aytdi.

O‘sha yilning may oyi boshida hokimning yer ajratish bo‘yicha qarori chiqdi. Yer tuman markaziga ketaverishdagi kasb-hunar kolleji oldida joylashgan bo‘lib, 15,4 sotixdan iborat edi.

Oradan hech qancha muddat o‘tmay Xursandbek hokimlikdan bo‘shab ketdi. Biroz vaqtdan keyin hozirgi hokim Shuhrat Qamchiyevning oldiga bordim. Yangi hokim suhbat davomida «Fondga berilgan yerga hech kim tegmasligi, hokimlik qurilish ishlarida ko‘maklasha olmasligi, qachonlardir imkoniyatim bo‘lganida o‘zim quraverishim mumkinligi» haqida aytdi. Shundan so‘ng ko‘nglim xotirjam yuraverdim.

Shu yilning aprel oyida bir kishi qo‘ng‘iroq qilib bizga ajratilgan yerda begona kishilar yurgani haqida xabar berdi. Darhol Marhamat tuman kadastr bo‘limi boshlig‘i Umidjon Qurbonovga aloqaga chiqdim. U turli mujmal so‘zlarni aytib, bu ishlardan bexabarligini bildirdi.

Bir oydan so‘ng Marhamat tumaniga borganimizda fond yerida ikki yigit va bir ayol boshchiligida ustalar ishlayotgani ustidan chiqdik. Ular hokimlikdan qaror chiqarilganini aytishdi. Qizim va qaynsinglim hamrohligida tuman hokimi oldiga yo‘l oldik. Tungi soat 22:00da hokim xonasida u bilan uchrashdik. Hokim tuman arxitektura bo‘limi boshlig‘ini chaqirtirdi. U bizning oldimizda hokimning qator savollariga javob berar ekan, orada fond yeridan boshqa shaxslar uchun ajratish bo‘yicha hokimning o‘zi qaror chiqartirganini aytib qo‘ydi. Keyin arxitektor tufayli bizning yerdan tadbirkorlar uchun fevral oyida 3,3 sotix ajratilgani va hokim qarori qabul qilinganidan xabar topdik. Hokimga bor holatni aytsak-da, fond yerida qurilish qilayotgan tadbirkorlarning ishi to‘xtatilmadi.

Iyun oyi boshida yana Marhamatga bordik. Bu safar tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘iga qo‘ng‘iroq qildim. U qurilish ketayotgan joyga kelishimni so‘radi. Fond yeriga borgunimizcha tuman hokimi qurilish ishlarini to‘xtatib ketgan ekan. Biz borgan joyga hokimning Isroiljon ismli o‘rinbosari (tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Isroiljon Teshaboyev) ham keldi. Unga yerga oid barcha hujjatlarni ko‘rsatdik. U meni bir chetga olib o‘tib, «hozir tuman «Obod tuman» dasturiga tushgani, bu yerga bino qurishga fonddagi mablag‘ yetmasligi, keyinroq qurilish qilsam boshqa joydan yer olib, boshlayverishim mumkinligi, shuning uchun bu tadbirkorlar bilan kelishib olaverganim ma'qulligi»ni aytdi.

Vaholanki, o‘shanda tadbirkorlar endigina yerni qazib, beton quyishni boshlashgan edi. Hali katta hajmdagi ishlar amalga oshirilmagandi. Hokim o‘rinbosariga «bu yerga o‘zimga uy yoki sotishga imorat qurmoqchi bo‘lmayotganim, shaxsiy manfaatim emas, xalq manfaatini o‘ylayotganim, yerni hech kimga sotmasligim»ni aytdim.

Ertasi kuni qaynsinglimning uyiga aka-uka tadbirkorlar kelishdi. «Opa, biz yer sizga tegishli ekanini bilmay qolibmiz. Ancha ish qilib qo‘ydik. Baribir mablag‘ingiz yo‘q ekan, qurilishni davom ettirolmaysiz», deyishdi. Ular hokimlik orqali men haqimda barcha ma'lumotga ega bo‘lib, oldimga borishgani ajablantirdi.

Men ularga Toshkentga qaytib, yer masalasida qanday huquqlarim borligidan boxabar bo‘lib, so‘ng yana gaplashishimizni bildirdim. Ammo tadbirkorlar u desam u dedi, bu desam bu dedi. «Yerni birovga sotib yubormang», deya qo‘limga 1 ming AQSh dollari tutqazib, tezda mashinaga o‘tirib ketib qolishdi. Hozir ularning puli menda turibdi. Yerimni qaytarib berishsa, mablag‘ini ham qaytaraman.

Tadbirkorlarni tuman hokimi, tuman kadastr bo‘limi boshlig‘i shu darajada qo‘llab-quvvatlayaptiki, bizning 15,4 sotix yerimizdan ularga 3,3 sotix ajratilsa-da, ular qurilish ishlarini fond yeridan boshlashgan. O‘zining yeriga qo‘shib 15,4 sotixni ham shaxsiy mulkiga aylantirib olishgan. Tadbirkorlardan yerga oid hujjatlarini so‘rasak, negadir ko‘rsatishmayapti. Bu ham bizda turli shubhalarni uyg‘otyapti.

Marhamatda yurgan paytim viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov tumanda yurganidan xabar topib, ko‘rishib dardimizni aytdim. Hokim 3-4 kun muddat ichida masalani o‘ylab ko‘rishini bildirdi. Lekin shu paytgacha ulardan ham biror fikr chiqmadi, jim-jitlik. Tadbirkorlar qaynsingillarimning farzandlariga mashina, katta miqdorda pul berganmiz, deya turli asossiz gap-so‘zlarni ham tarqatishdi.

Fond yeri katta ko‘cha bo‘yi, har tomonlama qulay joyda joylashgani bois undan voz kechgim yo‘q. Boshqa hududdan yer ajratib berishsa ham u yerda qurilish qilmaymiz. Qisqasi, avvalgi hokim izzat-ikrom bilan ajratgan yerni yangi hokim yuzimizga bir tarsaki tushirib tortib oldi. Eng qizig‘i, bizni ogohlantirishmadi, yerimiz haqidagi qaror bekor qilinmagandi.

Prezidentimiz Muhammad Yusuf nomini abadiylashtirish yo‘lida olib borayotgan shuncha islohotlar oldida bir tuman rahbari bunday ish qilib tursa, juda xunuk ko‘rinarkan. Shu paytgacha birovning ustidan tashkilotlarga arz qilgan emasman. Hozir ham fondga berilgan yer o‘zimizga qaytishiga ishonmayman. Tuman hokimining qandayligiga amin bo‘ldim. Uning qandayligini aholi ham bilsa, deyman. Xalq shoirining ijodiga uning o‘zi tug‘ilib, ulg‘aygan yurt amaldorlarining munosabatidan qattiq xafa bo‘ldim», deydi Nazira as-Salom.

O, ota makonim...

Yil davomida Marhamatga suyukli shoirni yo‘qlab, yurtimizning turli burchaklaridan minglab she'riyat ixlosmandlari keladi.

Ulkan adabiy merosga ega Muhammad Yusufning uy-muzeyini tashkil qilish nahotki tadbirkorga qolgan bo‘lsa? O‘zbekiston xalq shoirini el naqadar hurmat qilishi haqida takrorlash ortiqcha.

Qovunchi qishlog‘i yo‘lida maktab o‘quvchilarini uchratdik. «Qani edi shoirning uy-muzeyi bo‘lsa», degan jamalak soch qizchalar uning she'rlaridan yod aytib berishdi.

Uy-muzey kerak. Va bu juda dolzarb.

Yuqorida aytganimizdek, bizga kelgan murojaatdagi muammoli holatni o‘rganish oson bo‘lmadi. Maqolamiz el suygan shoir xotirasi, uning oilasi hurmati - obro‘siga putur yetkazmasligini xohlardik.

Uy-muzey masalasi esa hozircha ochiq qoladi...

Elmurod Ermatov, Sarvarbek Nazarov
Kun.uz muxbirlari
tasvirchi: Ahrorbek Yoqubjonov

Ko‘proq yangiliklar: