«U it kabi o‘lim topdi» - Tramp al-Bag‘dodiy yo‘q qilinganini tasdiqladi

Jahon 18:30 / 27.10.2019 93209

Donald Tramp IShID rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodiy Suriya hududida o‘tkazilgan maxsus amaliyot natijasida yo‘q qilingani haqida ma'lum qildi.

«O‘tgan kecha AQSh jahonning birinchi raqamli terroristiga nisbatan adolatni qaror toptirdi. Abu Bakr al-Bag‘dodiy o‘ldi. U dunyodagi eng shafqatsiz va zo‘ravon terrorchilik tashkiloti – IShIDning asoschisi va yetakchisi edi», dedi Tramp maxsus murojaatida. Trampning Oq uydagi nutqi jahonning ko‘plab agentliklari tomonidan translatsiya qilindi.

AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, ekspertiza natijalari aviazarba oqibatida o‘ldirilganlar orasida al-Bag‘dodiy ham bo‘lganini tasdiqlagan.

U o‘zini portlatgan

Prezident al-Bag‘dodiy amerikalik harbiylar uchun birinchi raqamli nishon bo‘lgani, u yashayotgan joy aniqlangach, o‘sha uyda bo‘lgan 11 bola u yerdan chiqarilganini ma'lum qilgan.

Tramp u qanday o‘lganiga aniqlik kiritdi. Uning aytishicha, al-Bag‘dodiy aviazarbalardan keyin «qo‘rqoqlarcha qochgan», ammo hududni tunnel orqali tark etish uchun harakati muvaffaqiyatsiz kechgach, o‘z belidagi portlovchi qurilmalarni portlatib yuborgan. Uning yonida bo‘lgan uch bola ham u bilan birga halok bo‘lgan.

«U oxiri o‘limga olib boruvchi tunnel ichiga dodlab baqirganicha yugurib kirayotganida o‘ldi. Bungacha voqea joyidagilar yo taslim bo‘lgan, yo otib tashlangan edi. Uydan 11 nafar bola olib chiqildi, ular jarohatlanmagan.

Tunnelda faqat uch bolasi bilan Bag‘dodiy qolgandi. Bizning itlarimiz uni ta'qib qilib borganida u tunnel oxiriga yetib qolgandi. Ustidagi portlovchi jiletini portlatib, o‘zi va uch bolasini o‘ldirdi. Portlash natijasida uning tanasi bo‘laklarga bo‘linib ketdi.

U xuddi it kabi o‘ldi. Qo‘rqoqlarcha o‘lim topdi. Dunyo yanada xavfsizroq», — dedi Tramp bayonoti so‘ngida.

Tramp mazkur amaliyotda ishtirok etganlarning barchasiga, birinchi navbatda amerikalik harbiylarga, shuningdek, Turkiya, Iroq, Suriya, Rossiya va kurdlarga minnatdorchilik bildirgan.

Tramp o‘z murojaatidan keyin jurnalistlar savollariga javob qaytarishi asnosida Suriya shimolidagi havo hududini nazorat qilayotgan Rossiya amerikaliklar aviatsiyasiga Idlib viloyati osmonida harakatlanishi uchun yo‘lak ochib berganini ma'lum qilgan.

«Hududga uchib kirish va undan uchib chiqish juda-juda xavfli edi. Biz juda jiddiy hujumga uchrashimiz mumkin edi. Rossiya biz uchib o‘tishimiz uchun o‘z nazoratidagi ayrim hududlarni ochib berib, juda ajoyib yo‘l tutdi.

Iroq tomoni ham juda yaxshi yordam berdi. Ular biz nima qilayotganimiz, qayerga ketayotganimizni aniq bilishmasdi. Ammo Rossiya va boshqa ba'zi davlatlar ham IShIDdan nafratlanadi», dedi Tramp.

U amaliyotda ishtirok etgan amerikalik harbiylarning hech biri shikastlanmaganini qayd etgan.

Havo zarbalari Turkiya va Suriya chegarasidan 5 km masofada - Turkiya armiyasining kurdlar ustiga yurishidan keyin Rossiya harbiy politsiyasi nazorat qilayotgan hudud yaqinida berilgan.

Birinchi marta emas

Abu Bakr al-Bag‘dodiyni 2014 yil 5 iyulidan buyon, Iroqning Mo‘sul shahridagi masjidda Suriya va Iroq hududida «xalifalik» tuzilganini e'lon qilganidan buyon hech kim ko‘rmagandi.

O‘tgan vaqt davomida ko‘p marta u halok bo‘lgani, asir olingani yoki og‘ir jarohatlangani haqida xabarlar tarqalgandi.

2015 yilda uning jarohati haqidagi ma'lumotlar tasdiqlandi.

2017 yil iyunida Rossiya Mudofaa vazirligi ham al-Bag‘dodiy Suriyaning Raqqa shahri yaqinidagi aviazarba oqibatida halok bo‘lganini ma'lum qilgandi. Aviazarba IShID yetakchilari yig‘ilgan binoga berilgandi.

2019 yil aprelida IShIDning tashviqot kanali al-Bag‘dodiyga o‘xshash shaxs ishtirokidagi videorolikni tarqatgandi, 2019 yil sentyabrida esa guruh yetakchisiga tegishli bo‘lgan audioyozuv tarqatildi.

Uni bu safar chindan o‘ldirishdimi?

Barisha qishlog‘idagi avtomobil vertolyotdan yo‘llangan zarbadan keyin to‘liq yonib ketgan
OMAR HAJ KADOUR/GETTY

27 oktyabrga o‘tar kechasiyoq amerikalik harbiylarning al-Bag‘dodiy o‘limi bilan yakunlangan amaliyoti haqida xabarlar tarqala boshlagandi.

Reyter agentligi Iroq va Suriya hukumatlaridagi manbalariga tayanib al-Bag‘dodiyning o‘limi haqidagi xabarlarni tasdiqladi. Manbalar ma'lumotiga ko‘ra, Bag‘dodiy Suriyaning Idlib viloyati hududida o‘ldirilgan. Newsweek nashri yozishicha, amaliyot AQShning maxsus harbiy topshiriqli harbiylari tomonidan amalga oshirilgan.

2019 yil, 27 oktabr / OMAR HAJ KADOUR/GETTY

Suriya demokratik kuchlari rahbari general Mazlum Abdi amerikaliklarning kurd razvedkachilari yordamida erishgan muvaffaqiyati haqida yozdi.

«Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan razvedka ma'lumotlari almashinuvi vositasida boshlangan tarixiy amaliyot muvaffaqiyatli yakunlandi», - degandi u tvitterdagi sahifasida.

General Mazlum aviazarbalarga besh oy davomida tayyorgarlik ko‘rilganini qo‘shimcha qilgan.

«Bizning qudratli, samarali harakatlarimiz yana bir bor kuchimiz va IShIDga qarshi kurashdagi qat'iyatimizni tasdiqladi», deya yozgan Suriya demokratik kuchlari matbuot xizmati rahbari Mustafa Bali.

Britaniyadagi Suriya inson huquqlari monitoring markazi amaliyotlar vertolyotlar orqali o‘tkazilgani, uning natijasida 9 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berdi.

Monitoring markazi ma'lumotiga ko‘ra, zarbadan maqsad Turkiya chegaralari yaqinida joylashgan Barisha qishlog‘idagi avtomobil va uy bo‘lgan.

Turkiya Mudofaa vazirligining tvitterdagi rasmiy sahifasida yakshanbaga o‘tar kechasi amerikaliklar Idlibda Anqara bilan muvofiqlashtirgan holda amaliyot o‘tkazganini tasdiqlagan.

Ko‘proq yangiliklar: