Joriy yilning 21 oktabr kuni o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda Prezidentimiz nutqidagi ustuvor g‘oyalarini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish maqsadida Bojxona institutida “O‘z tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir” mavzusida insholar tanlovi o‘tkazildi.
Tanlovni Bojxona instituti boshlig‘i Vositjon Ergashev ochib berar ekan, bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan tilimizning ravnaqi uchun qilinayotgan ishlarga alohida to‘xtaldi. Tilimizning naqadar boy ekanligini har kim o‘zida his etishi uchun, bunday insholar musobaqasi o‘tkazilishi ayni muddao ekanligini ta'kidlab o‘tdi. So‘z boyligi ustida ishlash har bir kursantning teran va tiniq fikrlashining asosi bo‘lishini, bu esa kelajakda asqotishini aytib o‘tarkan, institut boshlig‘i kursantlarga omad tiladi.
Shundan so‘ng start olgan musobaqada barcha kursantlar o‘z ijodini qog‘ozga tushira ketishdi. Institut o‘qituvchilaridan tarkib topgan komissiya a'zolari esa ularni kuzatib borishdi.
Ona tilimizning shaxs kamoloti va jamiyat taraqqiyotidagi o‘rnini yanada mustahkamlash, tilimizning xalqaro nufuzini oshirish maqsadida Yurtboshimiz tomonidan joriy yil 4 oktyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 4479-sonli “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” gi Qarorining qabul qilinishi va mazkur qutlug‘ sanani yurtimizda keng nishonlangani tilimiz rivoji yo‘lidagi qilinayotgan xayrli ishlarning yaqqol isbotidir.
Darhaqiqat, Alisher Navoiy e'zozlagan til bizning davlat tilimiz ekan, bu bilan faxrlanishimiz va uning ravnaqi yo‘lida tinmay mehnat qilish barchamizning muqaddas burchimiz ekanligini esdan chiqarmasligimiz lozim.