«O‘z uyimni GPS bilan topib boryapman» - Samarqanddagi yopiq ko‘chalar qachon ochiladi?

Jamiyat 15:30 / 23.10.2019 16338

Samarqand sayyohlar uchun juda qulay shahar. Chunki unchalik katta bo‘lmagan ko‘hna shaharni piyoda aylanish ham mumkin. Ixchamligi bilan sayyohlarga qulaylik yaratadigan Samarqandning hozirgi yo‘llari esa odamlar uchun qulay deb bo‘lmaydi. To‘rt tomon qazilgan, juda ko‘p yo‘llar yopiq, mashinalar signal bergani-bergan, odamlar yo‘l topolmay halak... Xullas, shahar yo‘llari qazilgani odamlarni qiynab qo‘ygan. Bu yopiq ko‘chalar qachon ochiladi?

Shahar ko‘chalari nega qazilayotgani ma'lum. Samarqandda 2022 yil Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti o‘tkaziladi. Shu bois, shahar bu ulkan tadbirga tayyor holatga keltirilishi kerak. Ammo tayyorgarlik o‘nlab ko‘chalarni bir vaqtning o‘zida harakatlanish uchun yaroqsiz qilib qo‘yish evaziga amalga oshirilishi kerakmi? ShHT sammitiga tayyorgarlik to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qarorida ham Samarqanddagi hamma yo‘llarni bir vaqtning o‘zida yopib qo‘yish kerak deyilmagan.

Keling, shahardagi qaysi katta yo‘llar ayni damda yopiqligi haqida gaplashsak. Shahar chekkasidagi bir yo‘lning yopilishi yuz minglab odamlarga qiyinchilik tug‘dirmoqda. «Kaftarxona» avtostansiyasidan Toyloq va Urgut tumanlariga olib boradigan asosiy yo‘l yopib qo‘yilgan. «Pulimug‘ob» mahallasi hududidagi ko‘prikda qazish ishlari olib borilmoqda. Ma'lum bo‘lishicha, u yerda elektr simlari olib o‘tilayotgani sabab yo‘l to‘sib qo‘yilgan. Shu bois 500 ming odam yashaydigan Urgut tumaniga, 200 mingga yaqin odam yashaydigan Toyloq tumaniga boradiganlar sarson-sargardon bo‘lib, aylanib yurishibdi.

O‘sha ko‘prikning ustini qazish boshlanganda yo‘lning bir chekkasidan mashinalar binoyiday o‘tib turgandi, ammo 3 kundan buyon yo‘l negadir butkul yopib qo‘yilgan. Shu bois Urgut va Toyloqqa «Kaftarxona» avtobekatidan qatnaydigan marshrutlar O‘zbekiston mahallasi orqali 3-4 kilometr ortiqcha yo‘l yurib borishga majbur bo‘lmoqda. Haydovchilarning aytishicha, ahvol shundayligicha qoladigan bo‘lsa, yo‘lkira narxi yana ko‘tariladi.

Navbatdagi nobop yo‘l Jo‘raqulov ko‘chasida. Bu yerdagi yo‘lning holatini tushunish mumkin, chunki eshkak eshish kanali atrofidagi turistik zonaga olib boradigan bu ko‘cha snos orqali kengaytirilmoqda. Yo‘l ustidagi odamlarning uylari deyarli buzib bo‘lingan, ammo yo‘l qurilishi hali boshlanmagan. Yo‘lning hozirgi holati esa juda yomon. Bu yo‘ldan ham minglab odamlar foydalanadi va o‘sha hududda yashayotganlar shahar markaziga borishda qiynalmoqda.

Ro‘dakiy ko‘chasidagi tramvay yo‘lining yopilganiga esa odamlar ko‘nikib bo‘ldi. Shaharda qurilishi intizorlik bilan kutilgan uchta ko‘prikdan biri aynan mana shu chorrahada boshlandi. Bu tunnel-ko‘prik qurilishi 2 yilcha vaqt olishi aniq. Shu bois bu yo‘l yopiqligi muhokama qilinmayapti ham.

«Ulug‘bek» mahallasidagi yo‘l yopiqligi esa Toshkent va boshqa viloyatlardan Samarqandga kirib keladiganlar uchun haqiqiy boshog‘riq bo‘lmoqda. Samarqandning bir nechta tumanidan ham mashinalar aynan mana shu yo‘l orqali shaharga kirib boradi. Bu yo‘lda ham har xil trubalar tashlash ishlari boshlangan.

Shahar markazidagi ko‘chalar ham qazish ishlaridan chetda qolmadi. Amir Temur ko‘chasi sobiq ehtiyot qismlari bozoridan boshlangan qismining bir tomonida yo‘l qazilgan. Shu bois ikkinchi tomondagi bir tomonlama yo‘l ikki tomonlama yo‘lga aylantirilgan. Mashinalar tinimsiz qatnagani sabab piyodalar ko‘chaning narigi tomoniga o‘tishi amri mahol. Katta ehtimol bilan yo‘lning birinchi tomonida qazish ishlari tugagach, ikkinchi tomon ham qaziladi...

Samarqand tumani boshlanishidagi yo‘l yopilganiga esa bir oydan oshdi. Bu yo‘l kengaytirilishi uchun odamlarning uylari buzilmagan. Butun Samarqand tumani, bundan tashqari Qashqadaryoga qatnaydigan taksilar foydalanadigan yo‘l hali beri ochiladiganga o‘xshamaydi. Odatda bu yo‘l mashina bozori bo‘ladigan kunlari juda gavjum bo‘lardi. Endi Samarqand tumanining chekka yo‘llari bozor kunlari «umrida ko‘rmagan mashinalar qatnovini ko‘rmoqda». Asosiy yo‘l bo‘lmagandan keyin haydovchi qo‘shimcha yo‘llardan yurishga majbur bo‘ladi-da. Mahallalar ichidagi tor yo‘llar esa harakatlanish ko‘pligidan mashina bilan to‘lib-toshmoqda. Oqibatda bu ko‘chalarda yashaydigan odamlar yosh bolalarini ham ko‘chaga chiqarishga qo‘rqadi.

Shaharning ichki qismidagi kichik ko‘chalar qazilganini aytib o‘tirmadik. Bu gaplarni yozishdan maqsadimiz mutasaddilarni qoralash emas, shunchaki odamlar yaxshi yashashini xohlaymiz. Odamlarni rozi qilish aslida qiyin ish emas. O‘qituvchilari 22 ming dollarlab oylik oladigan Lyuksemburgda odamlar o‘zini baxsiz deb his qilarkan. Bizda esa bunday emas. O‘zbek 2 million (200 dollar) oylikni yaxshigina pul deb hisoblaydi va shu pulga vatanida yaxshi yashay olishiga ishonadi.

Bizning odamlar davlatga Amerikada bo‘lgani kabi falon ming dollar maosh bering, bizga falon narsalar qilib bering demaydi. Odamlar shunchaki mavjud sharoitlar cheklanmasa deydi. Shunchaki tinchgina uyg‘onib, muammosiz ishga borib, kechasi asabiylashmay uyiga qaytishni, farzandlari davrasida o‘tirishni istaydi. Axir bu ko‘p narsa emas-ku?

Bugun Samarqand ko‘chalaridagi tirbandlikni, bu odamlarni qanchalik asabiylashtirayotganini ko‘rsangiz, ichingiz achiydi.

Bitta yo‘lning yopiqligi qanchadan-qancha odamlarga zarar keltiradi. Ko‘plab odamlar ishga kech qoladi, ularga jarima yoziladi, jarima esa farzandlarining rizqidan qiyadi. Bu jarimalar siz uchun arzimagan pul bo‘lishi mumkindir, ammo 1 200 so‘mlik avtobus 1 400 bo‘lganiga bir oylik xarajatlari qanchaga oshganini hisoblaydigan oddiy xalq uchun ko‘p. Balki yo‘llar yopiqligi siz uchun hech narsani anglatmas, ammo shaharga yaqin tumandan o‘qishga qatnaydigan, tirbandlik sabab darsga kechikib, darsxonada do‘stlari oldida sarg‘aygan talaba uchun bu ko‘p narsani anglatadi.

Yo‘llar yopiqligi sabab yo‘lkirani oshirishga majbur bo‘lgan, ammo buning uchun «noinsofga chiqqan» taksistdan so‘rang yo‘l yopilishi nima ekanini. Bugun bir taksichi shu haqda hasrat qilib qoldi: «Yo‘l yopiladi, aylanib boramiz, keyin ko‘proq so‘rasak, bizni noinsof deyishadi. Axir bizning ham ro‘zg‘orimiz bor, gaz olamiz, mashina ijara bo‘lsa...».

Bir tanishim Kaftarxonadagi yo‘l yopilgani uchun odatda hech yurmagan ko‘chalardan o‘tib adashib qolganini, keyin amallab GPS orqali uyiga yetib olganini aytdi. Odam o‘z uyini GPS bilan topib olishga majbur bo‘lsa-ya!

Yo‘llarning nega hammasi birdan qazib tashlangan degan savol bilan Samarqand shahar hokimiyatiga murojaat qildik. Hokimlikdagilar barcha ishlar Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan qilinayotganini aytishdi. Ammo o‘sha qarorda Samarqanddagi o‘nlab ko‘chalar bir vaqtning o‘zida qazib, yopib qo‘yilsin degan gap yo‘q.

O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, bir nechta ko‘chani birdaniga qazib tashlashdan nima ma'ni? Avval bitta obektni qurib, keyin navbatdagisiga o‘tsa bo‘lmaydimi? Axir shunda ish ham tez bitadi, odamlar ham kamroq ovora bo‘ladi.

Samarqand chiroyli shahar bo‘lishini hamma xohlaydi. Shaharda qurilishlar bo‘lishiga qarshi emasmiz, lekin har qanday ishni boshlashdan avval bu odamlarga foyda beradimi yo‘qmi deb hisob-kitob qilib ko‘rish kerak. Chindan bizning odamlarni rozi qilish qiyin emas. Ularni shunchaki mavjud sharoitlardan cheklamasangiz bo‘lgani...

O‘tkir Jalolxonov

Ko‘proq yangiliklar: