Xonadonlarda o‘rnatilgan hisoblagichlarni qiyoslashda byurokratik to‘siqlar mavjudligi tan olindi

O‘zbekiston 11:16 / 21.10.2019 8732

Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi “Metrologiya to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘yicha muhokamalar o‘tkazdi. Unda deputatlarning o‘rganishlari, aholi bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda ko‘tarilgan muammolar, ishlab chiqarish korxonalari, tadbirkorlar duch kelayotgan holatlar tahlil etildi.

Deputatlarning ta'kidlashicha, mamlakatning metrologiya sohasidagi huquqiy bazasi xalqaro talablar bilan to‘liq uyg‘unlashmagan. Respublikada amalga oshirilgan o‘lchashlar va sinovlar natijalari xorijda tan olinishiga jiddiy to‘siqlar mavjud. Sohada xususiy sektor ulushining kamligi, metrologik laboratoriyalar texnik bazasini modernizatsiya qilish masalalariga e'tiborning sustligi sanoat tarmoqlarida hamda ijtimoiy sohalarda metrologik ta'minotini amalga oshirishda bir qator muammolar yig‘ilib qolishiga asos bo‘lmoqda.

Shuningdek, o‘lchashlarning asosiy poydevori bo‘lgan milliy etalon bazasi yetarli darajada rivojlanmagan. Bugungi kunda O‘zbekistonda 12 ta milliy etalon mavjud bo‘lib, bu taraqqiy etgan mamlakatlarga qaraganda past ko‘rsatkich hisoblanadi. Shu bois, ayrim ishlab chiqaruvchi korxonalar texnologik jarayonda foydalaniladigan o‘lchash vositalarni kalibrovka qilish maqsadida xorijiy mamlakatlarga olib borishga majbur bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, aholi va yuridik shaxslar ixtiyorida bo‘lgan o‘lchash vositalari (maishiy hisoblagichlar)ni qiyoslashda bir qator noqulayliklar, byurokratik to‘siqlar, taraflarning manfaatlari to‘qnashuvi ham mavjud.

Ushbu nomutanosibliklarni bartaraf etish masalasi yangi tahrirdagi “Metrologiya to‘g‘risida”gi qonun loyihasining asosiy maqsadi bo‘lib, mazkur qonun deputatlar hamda soha mutaxassislari fikrlari va tavsiyalari asosida ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda.

Deputatlarning 2017-2018 yillar davomida joylarda olib borilgan o‘rganishlari davomida aholining elektr energiyasi va gaz sarfi hisoblagichlarini davlat qiyoslovidan o‘tkazish bilan bog‘liq muammolarning bir qismi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari nomiga parlament so‘rovining yuborilishi natijasida o‘z yechimini topdi. Biroq yechimini kutayotgan masalalar to‘liq hal etilmadi va bu ishlarni oxiriga yetkazishni deputatlar o‘z nazoratida qoldirdilar.

Metrologik xizmatlarni amalga oshirishning shaffof, soddalashtirilgan interaktiv tartib-tamoyillarining yo‘qligi, sanoat tarmoqlarida kalibrlash ishlarini joriy etish masalalarining yetarli darajada olib borilmayotgani, ijtimoiy sohada, jumladan, maishiy energoresurslarni hisobga olish priborlarini metrologik ta'minoti bo‘yicha yagona tizim mavjud emasligi kabi muhim masalalar yangi tahrirdagi qonun bilan tartibga solinishi ta'minlanadigan bo‘ldi.

Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash bo‘yicha muhokamalar qizg‘in o‘tkazilib, unda deputatlar aholi xonadonlarida o‘rnatilgan hisoblagichlarni qiyoslashda avvalgi sarsongarchiliklarga barham berish, byurokratik to‘siqlarni olib tashlash, hisoblagichlarni davlat ko‘rigidan o‘tkazish xarajatlarini to‘lig‘icha energiya ta'minoti korxonalari tomonidan qoplash lozimligiga alohida e'tibor qaratdilar.

– Yangi tahrirdagi “Metrologiya to‘g‘risida”gi qonun loyihasining birinchi o‘qishdagi muhokamalari qizg‘in kechib, deputatlarning turli xil fikr-mulohazalari, savollari va haqli e'tirozlariga sabab bo‘ldi. Asosiy e'tibor “O‘zstandart” agentligi tomonidan ushbu qonun loyihasi bilan belgilangan normalarning ijro etilishini nazorat qilish, qonunchilik bazasini xalqaro normalar bilan uyg‘unlashtirish, iste'molchi va yetkazib beruvchilar huquq va burchlarini aniq belgilab berish, qonun normalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashini ta'minlash bo‘yicha deputatlarning taklif va tavsiyalariga qaratildi, – deydi “O‘zstandart” agentligi bosh direktori D.Sattorov.

Yangi tahrirdagi qonun loyihasida, metrologiya faoliyatini amalga oshirishda xususiy sektorning ulushini oshirish, investitsiyaviy loyihalarni sohaga kengroq jalb qilish, aholiga sifatli metrologik xizmatlar ko‘rsatishni ta'minlashning qonuniy asoslarini ta'minlovchi normalar bilan to‘ldirilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: