Ko‘chadimi, qoladimi? Andijon viloyati bolalar stomatologiya poliklinikasi vrachlarini qiynayotgan savol

Jamiyat 20:00 / 20.10.2019 11618

Birinchidan, aynan bolalarda uchraydigan tish kasalliklarini davolash – alohida soha.

Andijon viloyatidagi 14ta shahar va tumanlarning davlat poliklinikalarida stomatologlar faoliyat yuritishyapti. Bundan tashqari, hozir barcha hududlarda xususiy tish davolovchi muassasalar ham ko‘p. Lekin, hammamiz bilamiz, yosh bolalar tish do‘xtirlarini yoqtiravermaydilar. Tishlarini davolash paytida baqir-chaqir qilishi, yig‘lashi tayin.

Bolalar nozik, tish og‘rig‘i esa azobli. Kattalar tishini davolovchi stomatologlar har doim ham bolalarni davolashga urinmaydi. Shuning uchun viloyat markazidagi tish kasalliklari poliklinikasiga eng chekka tumanlardan ham bemor bolajonlarni olib kelishadi.    

Ikkinchi sabab, mazkur poliklinikada Andijon tibbiyot institutining ikkita kafedrasi ish olib boradi. 450 nafar talaba  o‘quv jarayoni va amaliyotni shu yerda o‘taydi. Kasb nazariyasi va amaliyotini o‘rganish uchun sharoitlar yetarli.

Andijon shahri Baynalminal ko‘chasida joylashgan viloyat bolalar stomatologiya poliklinikasini boshqa yerga ko‘chirib, o‘rniga bog‘cha yoki ko‘p qavatli uy qurilishi mo‘ljallanayotgani haqida o‘qigach, voqeaga oydinlik kiritish uchun muassasaga bordik.

Aftodahol, eski binolarni ko‘ramiz, degan xayolda edik. Unday bo‘lib chiqmadi. Ikki qavatli binoyidek bino. Shanba kuni bo‘lishiga qaramay, poliklinika lunjini ushlab olgan bolajonlar va ularning ota-onalari bilan gavjum edi.

Poliklinika bir kunda 400dan ziyod bemor bolalarga xizmat qilar ekan.

Andijon davlat tibbiyot instituti stomatologiya va stomatologik kasalliklar propedevtikasi kafedrasi xodimlari – Irodaxon Sodiqova, Feruza Rahmonova va Maxfirat Rasulova bilan suhbatda bo‘ldik. Talabalar qurshovida yosh bolani davolayotgan vrachlar vaqt ajratib, masala yuzasidan izoh berishdi.

«Kafedramiz 2014 yildan beri shu yerda ish olib boradi. Poliklinikada 9 nafar o‘qituvchi faoliyat yuritadi. O‘quv xonalarimiz, auditoriyalarimiz bor. Dars bilan birgalikda talabalarga amaliyot o‘tamiz.

O‘tgan yakshanba, 13 oktabr kuni hammamizni chaqirishib, viloyat hokimi kelishini aytishdi. Hammayoqni tozalab, chiroyli holga keltirib kutdik. Nega chaqirishganiga tushunmadik. O‘sha kuni mutasaddilardan hech kim kelmadi. Ketdik. Ertasiga poliklinika rahbarlari bizga boshqa joyga ko‘chishimizni, binoni bo‘shatishimiz kerakligini aytishdi. Dushanba kuni yana rahbarlar kelishini aytishdi. Kelishmadi. Ko‘chish masalasi yana ko‘tarildi. Lekin, qachon ko‘chishimiz aniq emas edi.

Aytishlaricha, bizga 5-poliklinikaning 4-5 qavatidan joy berilibdi. Rasman ogohlantirilganimiz yo‘q hali. Biz tashvishga tushib qoldik. Chunki, poliklinikada dars jadvali bo‘yicha ertalab 150-200 nafar, tushdan keyin 150 nafar, hafta davomida 450 nafar talabaga dars o‘tiladi. Ular ichida xorijiy davlatdan kelib o‘qiydigan talabalar ham bor. Talabalar nazariy bilimlarini mana shu joyda amaliyot bilan bog‘laydi. Shu paytgacha qo‘limizga «mana bu joyga ko‘chasizlar» degan hujjatni ko‘rsatishmagan bo‘lishsa-da, xavotirga tushib qoldik.

Talabalarning darslari qolib ketishini o‘ylab siqilib yuribmiz. 18 oktabr kuni poliklinikaning bosh vrachi Baxtiyorjon Mamajonov shaharning narigi chetidagi Markaziy poliklinikaning to‘rtinchi qavati ajratilganini aytdi. Ta'kidlab o‘tamiz, o‘sha joy – faqat poliklinika uchun, kafedra o‘quv jarayoni uchun emas. Qizig‘i, stomatologik kreslolarni ko‘chirish, demontaj va montaj qilish, kanalizatsiya masalasi ishlari oson emas.

O‘sha kresloni o‘rnatish uchun ustalar 400 ming so‘m oladi. Oylar ketadi. Umuman sharoit yo‘q joyga ko‘chirishdan oldin o‘ylab ko‘rishsa bo‘lardi.

Xonalarni o‘zimizning pulimizga o‘zimiz ta'mirlaganmiz, hech qanday kamchilik yo‘q. Hozir omonat o‘tiribmiz. «Poliklinika ko‘chirilib, o‘rniga bog‘cha qurilar ekan», degan gaplar asoslimi yoki yo‘q, bilmadik. Lekin butun viloyat bolalariga xizmat qilayotgan muassasani ko‘chirishdan oldin rahbarlar bir o‘ylanib, biz bilan suhbatlashib ko‘rishsa bo‘lar edi.

Qayerlarnidir taklif qilishibdi, umuman davolash mumkin bo‘lmagan joylar ekan. Axir tibbiyot – bu inson hayoti bilan bog‘liq-ku? O‘zining sohaviy me'yor va talablari bor.

Hozir ko‘chirishsa, bemorlar va talabalar sarson bo‘lishi tayin», – deydi shifokorlar.

So‘ng ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhalarda poliklinika muammosi haqida gapirgan tajribali stomatolog, 40 yillik mehnat stajiga ega Vasilaxon Mo‘minova bilan suhbatlashdik.

«Yarim asrga yaqin mehnat stajim bor. Aynan siz ko‘rib turgan xonani o‘zim ta'mirlab, kerakli qimmat uskunalar (stomatolog kursisidan tashqari) – anjomlar, sterilizatsiya asbobini ham shaxsiy pulimga olganman. Kanalizatsiya ham qildirdim. Maqsadim – mehnat qilish, bolalarni davolash.

Binomiz kimgadir kerak bo‘lib qolibdi chog‘i. «Rekonstruksiya qilamiz», deyishganiga hayronman.

Muassasamiz o‘rniga xususiy bog‘cha qurilar ekan. Bog‘cha ko‘p, bizning poliklinikamiz esa viloyatda bitta-ku?

Axir kuniga 400 nafar bemor bolaning sarson-sargardon bo‘lishini tasavvur qilishmadimi? Farg‘ona va Namanganda namunaviy viloyat bolalar stomatologiya poliklinikalari qurishdi. Avval bir yerga chiroyli bino qurib, so‘ng ko‘chirish nahotki qiyin bo‘lsa? Rahbarlar bir ishni qilishdan oldin reja qilishni o‘ylab ko‘rishsin».

Poliklinika bosh shifokori Baxtiyorjon Mamajonovdan ham savollarimizga javob olishga harakat qildik.

«Muassasamiz xodimlari bilan «ko‘chasizlar», degan gapni boshqacha tushunib olibmiz. Binomiz ta'mirlanar ekan. Shuning uchun vaqtincha ko‘chib turar ekanmiz.

Hokimiyat tomonidan bizga 740-sonli qaror bilan poliklinikamizga 800 million so‘m pul ajratilgan. Hozircha 300 millioni tushgan. Bu – 800 milliondan tashqari. Fasadlar ta'mirlandi, kanalizatsiyani to‘g‘riladik, xonalarga inventarlar oldik, hojatxonalar qurildi.

Shu kungacha rahbarlar kelib rasmiy ravishda «ko‘chasizlar» degani yo‘q. Ko‘rib turibsiz, vrachlar ishlayapti. Lekin bizga markaziy poliklinikaning 4-qavatiga ko‘chishga taklif bo‘lgan edi. Boshqa joylarni ham aytishdi. Rahbarlarning maqsadi – biz u yerga ko‘chib tursak, binomizni ta'mirlash bo‘lgan ekan. Kollektivimiz noto‘g‘ri tushunibdi.

Hokim keladi deyishgan edi, kelmadi. Menda boshqa hech qanday ma'lumot yo‘q. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i kelib, «Ishni davom ettiraveringlar. Hech kim ko‘chmaydi», deb ketdi. Ijtimoiy tarmoqlardagi gap-so‘zlardan keyin, ko‘chish masalasi qoldirildi», deydi bosh shifokor.

Mutasaddilar nima deydi?

Andijon viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Avazbek Abdurahmonov bilan bog‘langanimizda, mutasaddi poliklinika hech qayerga ko‘chmasligi, bino o‘rniga bog‘cha qurilishi haqidagi gap-so‘zlar noto‘g‘ri ekanini aytdi.

Andijon shahar hokimi Bahromjon Haydarov poliklinika rekonstruksiyasi uchun viloyat hokimining qaroriga asosan mablag‘ ajratilgani, agar xodimlar ko‘chib chiqishmasa, ta'mirlash ishlarini olib borib bo‘lmasligini bildirdi. Uning aytishicha, ta'mir paytida ko‘chib turish haqida poliklinika xodimlariga tushuntirish olib borilmagani turli gap-so‘zlar chiqishiga sabab bo‘lgan.

Xulosa

Poliklinika bosh shifokori Baxtiyorjon Mamajonov «bu vaqtincha ko‘rish bo‘lishi, rekonstruksiyadan keyin qaytilishi» haqida bilishmaganini aytdi.

Vrachlar ham hech narsani ochiq-oydin bilmasliklarini aytishdi. Balki, chindan ham shundaydir.

Lekin kuniga butun viloyatning 400 nafarga yaqin bolalari davolanadigan, Tibbiyot institutining 450 nafar talabasi ta'lim oladigan bino rekonstruksiyasini boshlashdan oldin poliklinika bosh shifokori va xodimlari bilan suhbatlashish, tug‘ilishi mumkin bo‘lgan muammolarni hal etish zarur emasmidi?

Andijon viloyat bolalar stomatologiya poliklinikasi – 1 yoshdan 18 yoshgacha bolalarga xizmat ko‘rsatadigan viloyatdagi yagona muassasa hisoblanadi. Ushbu muassasadan 1997 yildan Andijon shahri aholisi, 2014 yildan beri esa butun viloyat ahli foydalanib kelmoqda.

Mutasaddilarning aytishicha, poliklinika hozircha ko‘chmaydigan bo‘ldi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan berilgan ma'lumotda ham shunday deyilgan.

Demak, shifokorlar va talabalar biroz tin olib turishar ekan.

Elmurod Ermatov,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: