Buyragi almashtirilgan bemorlar va Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasidagi dori mojarosi qanday yechim topadi?

Jamiyat 00:44 / 20.10.2019 36484

O‘zbekistonda buyragi almashtirilgan bemorlar soni 600 nafardan ortiq. Ular immunitetni pasaytiruvchi dori vositalarini muntazam qabul qilishlari kerak va bu dorilar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bepul ta'minlanadi.

Ammo joriy yil avgust oyidan boshlab bemorlarga taklif etilayotgan «Roligraf» dori vositasini ko‘pchilik qabul qilishni istamay, o‘rniga shu paytgacha qo‘llanilib kelingan «Pangraf» dorisi berilishini talab qilishmoqda.

Bahs-munozaralar bir necha oydan beri davom etib kelmoqda. Bu orada bemorlar bir necha marta vazirlik qoshida to‘planib, o‘z noroziliklarini namoyish qilishgan, talablarini bildirishgan.

Ularning so‘zlariga quloq tutilsa, aksariyatlari «Roligraf» dori vositasini qabul qila boshlaganlari uchun ahvollari og‘irlashganini aytadilar. Yangi vosita o‘rniga shu paytgacha qabul qilib kelingan va asoratlarini bildirmagan «Pangraf» dorisini berishlarini so‘rashyapti. Bemorlarning mutlaq ko‘pchiligi asoratlar haqida eshitishlari bilan bu dorini ichishni to‘xtatishgan. Ichib ko‘rib, natijasini kuzatishga qo‘rqishgan ham. Chunki ular kimningdir buyragi bilan hayot kechirayotgan, o‘z ta'birlari bilan aytganda «narigi dunyo ostonasiga borib qaytgan», o‘z tanalari ustida tavakkal qila olmaydigan insonlar bo‘lib, har bir doriga hadik bilan qarashlarini tushunish mumkin.

Bu masala bo‘yicha munozaralar kuchaya borib, ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda qator chiqishlar bo‘lganidan keyin, SSV binosi oldidagi bir necha marta yig‘ilishlardan so‘ng vazirlik 7 oktabr kuni quyidagicha rasmiy bayonot berdi (qisqartirildi):

«Yurtimizda ishlab chiqarilgan yoki import qilingan har bir dori vositasining har bir seriyasi sifat nazoratidan o‘tkazilib, muvofiqlik sertifikati ham rasmiylashtiriladi.

Ta'sir etuvchi moddasi takrolimus bo‘lgan, ta'siri jigar, buyrak yoki yurak allotransplantatlari ajralishi reaksiyasining oldini olishda qo‘llaniladigan, beshta kompaniya tomonidan ishlab chiqariladigan 5 savdo nomidagi dori vositalari hamda to‘rtta kompaniya tomonidan ishlab chiqariladigan, ta'sir etuvchi moddasi mikofenolat mofetil saqlovchi 4 savdo nomidagi dori vositalari O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishga ruxsat etilgan.

— Ayni paytda bemorlarimizga berilayotgan «Roligraf» dori vositasining tarkibi va ta'sir etuvchi moddasi «Pangraf» dori vositasi bilan bir xil, — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh transplantologi Ulug‘bek Yo‘ldoshev. — Yana bir e'tiborli jihati, «Pangraf», «Prograf», «Takrolimus» dori vositalari sutkasiga ikki marta qabul qilingan bo‘lsa, ulardan farqli o‘laroq «Advagraf» va «Roligraf» dori vositalarining ta'siri uzaytirilgan bo‘lib, ular sutkasiga bir marta qabul qilinadi, xolos. Eslatib o‘tamiz, mazkur dori vositalarini o‘z vaqtida va belgilangan miqdorda iste'mol qilish tavsiya etiladi...» — degan so‘zlar bor Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi tarqatgan ma'lumotda.

Ammo bu bayonot ham, vazirlikning keyingi harakatlari ham norozi bo‘layotgan bemorlarni qoniqtirmadi va 17 oktabr kuni 50 nafarga yaqin bemorlar hamda ularning yaqinlari yana Sog‘liqni saqlash vazirligi oldiga to‘plandilar.

«Bu yerdagi odamlar qaysidir jigarining bir a'zosini olganlar, narigi dunyo ostonasidan qaytgan odamlar. 2 yil yoki 4–5 yil Xudoning bergan umrini yashab yuribdi. Bizning ustimizda tajriba o‘tkazib bo‘lmaydi. Bir marta organizmni ishdan chiqarsak, qaytib o‘zimizga kela olmaymiz. Buni tushunish uchun katta professor bo‘lish shart emas, o‘n odamda yomon ko‘rsatkich bo‘lgani bizga yetarli», — deydi Ravshan Murodov.

«Mening turmush o‘rtog‘imga 64 yashar qaynonam bir buyragini bergan. O‘zi operatsiyaga juda ko‘p xarajat qildik. Kamiga yangi doridan oshqozon-ichak tizimi buzilib, kreatini 1000 ga chiqib ketibdi. Hozir yana dializga tushib qolishi mumkin. Men endi qayerdan pul topaman? Erimning sog‘ligi nima bo‘ladi? Oldingi dorida bunaqa muammo bo‘lmagan, berishsin bizga o‘sha dorini, bizning boshqa talabimiz yo‘q», — dedi bemor Bahodir Po‘latovning ayoli Dilorom Po‘latova.

Yig‘ilganlarning barchasi shu talabni takrorlashayapti.

Vazirlik mutasaddilari yig‘ilganlarni ko‘chadan binoga, majlislar zaliga taklif qilishdi. Barchani qabul qilgan vazir o‘rinbosari Bahodir Nizomov sohaga oid mutaxassislarni ham muhokamaga jalb qildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh transplantologi Ulug‘bek Yo‘ldoshev oldin aytgan fikrini yana takrorladi va «Roligraf» dori vositasining tarkibi va ta'sir etuvchi moddasi «Pangraf» dori vositasi bilan bir xil ekanligini ta'kidladi.

Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirsh davlat markazi bo‘lim boshlig‘i Mukarram Ergasheva yurtimizga kirib keluvchi har bir dori vositasi singari «Roligraf» ham qator tekshiruvlardan o‘tkazilganligi, ammo klinik sinovlardan avval o‘tganligi sabab jahon tajribasiga ko‘ra qayta o‘tkazilmasligi, bu juda ko‘p vaqt va mablag‘ talab qilishini bildirdi.

— Bu dorilar GMP talablariga muvofiq ishlab chiqarilgan. Kerakli klinik sinovlar o‘tkazilganidan keyingina o‘z davlatida va boshqa davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazilib, tibbiyot amaliyotida qo‘llashga ruxsat etilgan, — dedi M.Ergasheva.

Bemorlar bu dori vositasi haqida internetda ham ma'lumot topa olmaganliklari, o‘zlari operatsiya qilingan Hindistonning qator klinikalari, Turkiya, Rossiya va AQSh kabi davlatlarda ham bu dorini bilishmasligi, ishlab chiqaruvchisi ham noma'lumligi bo‘yicha e'tiroz bildirdilar.

Bunga javoban «Roligraf» yetkazib bergan «PharmHealth» firmasi huquqshunosi Shuhrat Qayumov shunday dedi:

— Bu dorining zavodi 1965 yildan beri faoliyat yuritadi. Xorijda bu dorini bilishmayotgani sababi «Roligraf» nomi faqat O‘zbekiston uchun qo‘llangan. Tarkibi «Pangraf» kabi aynan takrolimus moddasi. Bu nom bilan faqat O‘zbekistonda chiqqanligiga sabab insulin bilan bo‘lgani singari bepul berilgan dori vositasining chetga sotuvga chiqarib yuborilishining oldini olish. Nega «Pangraf»ning o‘zi olib kelinmagani sababi bizning firma tenderda yutgan hamda «Roligraf»ni uch barobar arzon narxda yetkazib bermoqda. Mana, zavod, firmamiz haqida, dori haqida hujjatlarni taqdim etaman.

Berilgan hujjatlarga ko‘ra ayni zavodning mahsulotlari Keniya, Nigeriya, Filippin, Shri-Lanka, Kuvayt, Katar, Butan, Lesoto, Zambiya kabi qator davlatlarning Sog‘liqni saqlash vazirliklari tomonidan ma'qullangani ko‘rsatilgan.

Bemorlarning dorining arzonligi sifatiga kafolat bo‘lmasligi, aksincha, bahosiga uchib, qabul qiluvchilarning hayotini xavf ostida qoldirish mumkin emasligi bo‘yicha e'tirozlariga vazir o‘rinbosari Bahodir Nizomov shunday javob berdi:

— Tender jarayoni belgilangan tartiblarga muvofiq shaffof o‘tkazilgan. Biz dori vositasi xarid qilganimizda uning nomini ko‘rsatmaymiz. Uning faol moddasi va qo‘yilgan talablarni bildiramiz. Bu jarayonda narx oxirgi bo‘lib o‘rganiladi va hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lmaydi.

Bemorlardan biri Qurbon Sultonov quyidagi taklifni bildirdi:

— Mayli, bizning «Roligraf»ga e'tirozimiz yo‘q, kimga ma'qul bo‘la, organizmi ko‘tarsa ichaversin. Lekin bizga to‘g‘ri keladigan «Pangraf» dorisini ma'lum muddatdan keyin yetkazib berishning iloji bormi? Mayli, biz ikki-uch oy, boringki, to‘rt oy kutaylik. Lekin shundan keyin vazirlik kerakli dorini olasizlar, deb va'da bersin. Bizning boshqa talabimiz yo‘q.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Bahodir Nizomov ko‘pchilik bemorlar qo‘llab-quvvatlagan bu taklifni o‘rganib chiqish va javob berish uchun 24 soat so‘radi.

Belgilangan muddat o‘tganidan so‘ng uchrashuvga kelganlarning aytishicha, vazirlik mutasaddilari bu tender bo‘lib o‘tganligi, endi keyingi tenderda albatta talab qilingan dorilarni xarid qilinishini bildirganlar.

Shu kunning o‘zida Sog‘liqni saqlash vazirligining navbatdagi bayonoti e'lon qilindi. Unda shunday so‘zlar bor:

«BUYRAK TRANSPLANTATsIYaSI O‘TKAZILGAN BeMORLARNING DORI TA'MINOTIDA XAVOTIRGA O‘RIN YO‘Q

Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda buyrak transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkazilgan bemorlarga davlat tomonidan berilayotgan immunosupressor dorilar masalasida turli fikr-mulohazalar bildirilmoqda. Xususan, davlat tomonidan berilayotgan dorilar ba'zi bemorlarning sog‘lig‘iga ta'sir etayotgani, «Pangraf» o‘rniga berilayotgan «Roligraf» dori vositasidan bemorlar xavfsirayotgani haqida so‘z yuritilayapti. Bu boradagi barcha murojaatlar Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari tomonidan atroflicha o‘rganildi.

Ma'lumki, mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasining «Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq, dori vositalarining sifati, samaradorligi va bezararligi tegishli ekspertizadan o‘tkazilib, o‘rnatilgan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan so‘nggina tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etiladi. Bundan tashqari, yurtimizda ishlab chiqarilgan yoki import qilingan barcha dori vositasining har bir seriyasi sifat nazoratidan o‘tkazilib, muvofiqlik sertifikati ham rasmiylashtiriladi. Jumladan, buyrak transplantatsiyasi o‘tkazilgan bemorlarga berilayotgan dorilar ham har tomonlama chuqur sinovdan o‘tkazilgan.

Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasida buyrak va jigar ko‘chirib o‘tkazilgan 664 nafar bemor ro‘yxatda bo‘lib, ulardan 590 nafar bemor takrolimus va mikofenolat mofetil preparatlari bilan davlat tomonidan bepul ta'minlanmoqda. Dori vositalarining o‘z vaqtida bemorlarga yetkazib berilishiga ham alohida e'tibor qaratilgan bo‘lib, qat'iy nazoratga olingan.

Biroq, keyingi vaqtlarda bunday dorilarni yetkazishda qisqa muddatli uzilishlar bo‘lib, dori zaxirasi kamaydi. Davlatimiz tomonidan bu muammoga o‘z vaqtida yechim topishning shoshilinch choralari ko‘rildi.

Shu bois, 2019 yil iyul oyida Sog‘liqni saqlash vazirligi immunosupressor dori vositalarini yetkazib berish bo‘yicha tanlov o‘tkazdi. Bemorlarni ushbu zarur dori vositalari bilan ta'minlash «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonunga asosan ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida amalga oshirildi. Buning natijasida, Sog‘liqni saqlash vazirligi va «PharmHealth» MChJ o‘rtasida Hindistonda ishlab chiqarilgan «Roligraf», «Allosept» immunosupressor dori vositalarini xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzildi. Hozirgi paytda buyrak va jigar transplantatsiya qilingan bemorlarning immunosupressor dori vositalariga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qoplandi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, «Allosept» va «Roligraf» dori vositalari respublikamiz hududida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan va tegishli muvofiqlik sertifikatlariga ega. Roligrafning tarkibi bemorlarga ilgaridan berib kelingan «Pangraf»ning tarkibi bilan mutlaqo bir xil. «Allosept» dorisiga kelsak, u ham ilgaridan ishlatib kelinadigan «Maysept» dorisining analog shaklidir. Ushbu dori vositalari zarur ishlab chiqarish amaliyoti — GMP talablariga muvofiq ishlab chiqarilgan bo‘lib, o‘z davlatida va boshqa xorijiy davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazilib, tibbiyot amaliyotida qo‘llashga ruxsat etilgan. Shu o‘rinda takror aytamizki, har bir dorivositasi GMP, ya'ni xalqaro talablarga muvofiq ishlab chiqarildimi, demak, unga nisbatan shubha bo‘lishi noo‘rin hisoblanadi.

Internet tarmog‘ida, shuningdek, hozirda O‘zbekistonda iste'molda bo‘lgan «Allosept» dorivositasi qadog‘ini xalqaro reyestrlardan topa olmaganliklari haqida ham fikr bildirilgan. Buning sababi shuki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 27 oktyabrdagi «Dori vositalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida»gi qaroriga muvofiq, dori vositasini mamlakatimizda ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida uning O‘zbekistondagi iste'molchiga mo‘ljallangan o‘ramining maketi tasdiqlanadi. Shuning uchun ushbu maket boshqa davlatlar reyestriga kiritilishi talab etilmaydi. Har bir mamlakatda mazkur davlat talablariga muvofiq dori vositasi o‘ramining maketi tasdiqlanadi.

Yana bir murojaatda bemorlar «Pangraf», «Maysept» dori vositalaridan «Allosept», «Roligraf» preparatlariga o‘tishganida ich ketishi, ko‘ngil aynishi, holdan toyish kabi holatlarni boshdan kechirganliklari aytiladi. Ammo, Sog‘liqni saqlash vazirligiga bugungi kungacha bu borada biror bir rasmiy murojaat kelib tushmagan. Bunday murojaatlarga javoban shuni aytishimiz mumkinki, ayni paytda akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida buyrak transplantatsiya o‘tkazilgan bemorlar «Roligraf» va «Allosept» immunosupressiv dori vositalari bilan davolanyapti. Bundan tashqari, ayni paytda yurtimizda ro‘yxatga olingan 664 nafar bemordan 278 nafar kishi ham aynan ushbu dori vositalarini iste'mol qilishmoqda. Mana qariyb ikki oydirki, ular aynan shu dorilarni qabul qilayapti, ammo nojo‘ya ta'siri haqida shikoyat bo‘lmadi. Hozirgi kunda Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ham ushbu dori vositasini qabul qilgan bemorlar soni 30 nafardan ortiq kishini tashkil etadi. Shu kungacha ushbu bemorlarda ham nojo‘ya ta'sir kuzatilgani yo‘q.

Aslida, hech qanday dori vositasi yo‘qki, nojo‘ya ta'sir kuzatilmasa. Hatto oldin qabul qilingan dorilarda («Maysept», «Pangraf») ham nojo‘ya ta'sir tez-tez kuzatilib turgan. Bunday holatda darhol shifokor bilan maslahatlashish lozim. Agar nojo‘ya ta'sir aynan shu dori vositasidan bo‘layotgani aniqlansa, dorining dozasini vaqtincha kamaytirish yoki zarur bo‘lsa boshqa zarur davo muolajalari tavsiya etiladi. Bunday taktik tavsiyalar butun dunyo transplantolog shifokorlari tomonidan deyarli bir-xilda olib boriladi.

Shu o‘rinda bu dorilar haqidagi ma'lumotlarni duch kelgan shifokordan emas, immunosupressant dorilar bilan ishlashni biladigan, bu borada tajribasi, eng muhimi, bunday dorilarni ishlatishga yuridik huquqi bo‘lgan shifokorlardan so‘rashingizni iltimos qilgan bo‘lardik. Aks holda, bu dorilar «noqonuniy sexlarda tayyorlangan» kabi isbot qilinmagan taxminlar yuzaga kelaveradi.

Buyrak transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkazilgan bemorlarning barchasigabir xil dori buyurilishi masalasida ham har xil mulohazalar yuritilayapti. Avvalo, transplantatsiyadan keyingi davrda barcha bemorlar immunosupressant dorilarni doimiy ravishda qabul qilib borishi hayoti uchun muhim. Bu yo‘nalishda keng tarqalgan davolash uslubi uch komponentli sxema bo‘lib, birinchi navbatda aynan tarkibida takrolimus elementini saqlovchi dorilarni berishdan iboratdir. Demak, takrolimusdan tashqari boshqa dorini bera olmaymiz. Aks holda transplantatsiya qilingan azo zararlanib, ish faoliyatini yo‘qotadi. Takrolimusni qaysidir sabablarga ko‘ra bemor qabul qila olmasagina (nojo‘ya tasirlar rivojlangan hollarda), uni faqat tarkibida siklosporin saqlovchi doriga almashtirishimiz mumkin. Dunyo statistikasiga etibor bersak, transplantatsiyani boshidan o‘tkazgan bemorlarning 80 foizi takrolimusni, qolgan 20 foizi esasiklosporinni qabul qilib keladi.

Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda buyrak va jigar transplantatsiya o‘tkazilgan bemorlarning dori ta'minotida xavotirga o‘rin yo‘q. Bu borada barcha jarayonlar, jumladan, dorilarning sifati, o‘z vaqtida yetkazilishi va bemorlarning kuzatuvi Sog‘liqni saqlash vazirligining qat'iy nazoratida.

Botir DAMINOV, Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori

Ulug‘bek YO‘LDOSheV, Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh transplantologi

Zohid MATKARIMOV, Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi qon-tomir jarrohi, nefrolog».

Mazkur bayonot holat yuzasidan e'tiroz bildirayotgan bemorlarni qoniqtirmasligi aniq. Demak bu masalaga yakuniy nuqta qo‘yildi, deb bo‘lmaydi. Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Abror ZOHIDOV, jurnalist.

Doniyor YaKUBOV, tasvirchi.

Ko‘proq yangiliklar: