Xivada elektr ta'minoti korxonasining yangi binosi foydalanishga topshirildi

Jamiyat 16:34 / 19.10.2019 4363

So‘nggi yillarda prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizning barcha sohalarida bo‘lgani kabi elektr energetikasida ham tub o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan qisqa davrda elektr energetikasi tizimiga oid hamda sohani kompleks rivojlantirishga qaratilgan qator farmon, qarorlar buning yaqqol dalilidir.

Ushbu sa'y-harakatlarning mantiqiy davomi sifatida 18 oktabr kuni Xorazm viloyatining Xiva shahrida elektr ta'minoti korxonasining yangi, 2 qavatli zamonaviy binosi qayta rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Natijada, Xiva tumani va Xiva shahri aholisi uchun elektr energetikasi ta'minoti yanada yaxshilanib, malakali mutaxassislar tomonidan iste'molchilarga eng zamonaviy texnologiyalar asosida innovatsion xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari yaratildi.

Binoning ochilish marosimida Xorazm viloyati hokimi F.Ermanov va «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ raisining birinchi o‘rinbosari R.Rayimov, «Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» AJ direktori M.Bazarimbetov qatnashdilar va so‘zga chiqdilar.

«Xiva tuman va shahar elektr tarmoqlari» korxonasi tasarrufida 11 ming km elektr uzatish tarmoqlari mavjud bo‘lib, iste'molchilar soni 46 mingdan oshadi. Tabiiyki, elektr energiyasini aholiga uzluksiz va sifatli yetkazib berish uchun elektr tarmoqlarini tizimli ravishda yangilash va rekonstruksiya qilish kerak bo‘ladi. Shu maqsadda 2019 yilning 9 oyi davomida 351 transformator punktlari rekonstruksiya qilindi. Iste'molchilarga uzluksiz va sifatli xizmat ko‘rsatish, murojaatlarga o‘z vaqtida javob berish hamda aholiga zamonaviy xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoit yaratildi», - deydi «Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» AJ direktori M.Bazarimbetov.

Zamonaviy bino barcha qulaylikka ega bo‘lib, so‘nggi rusumdagi texnikalar bilan ta'minlangan. Ro‘yxatga olish ishlarini tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish maqsadida monitorlar hamda yuqori tezlikda ishlovchi internet, fuqarolar qabulxonasi va korxona yuristkonsulti, dispetcherlik xonasi va xodimlar uchun oshxona mavjud.

Binoning ochilish marosimida qatnashganlar unda yaratilgan sharoitlar, mavjud texnik va texnologik uskunalari bilan tanishdilar.

«Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» AJ matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: