O‘zbekistondagi yirik muzeyning rekonstruksiya jarayonini Shveytsariya kompaniyasi nazorat qiladi

O‘zbekiston 23:06 / 19.10.2019 4582

Uning zamonaviy qiyofaga kirishida «Pritsker» mukofoti sovrindori, dunyoga mashhur yaponiyalik arxitektor Tadao Ando qatnashadi. Loyihaning bajarilishini esa Shveytsariyaning «AlternativWelt» kompaniyasi nazorat qiladi.

Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi rahbariyati hamda mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi, deb xabar bermoqda «Kun.uz» muxbiri.

Muassasa direktori Vasila Fayziyevaning aytishicha, mazkur madaniy obekt o‘ziga xos tuzilmasi va kolleksiyasi bilan Markaziy Osiyodagi yirik muzey hisoblanadi. U 1918 yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirgacha faoliyat yuritgan bino 1974 yil foydalanishga topshirilgan. 1992 yili rekonstuksiya qilinishiga qaramay, o‘tgan vaqt ichida muzey binosi ta'mirtalab holatga kelib qolgan. Shuningdek, kolleksiyalarni saqlash va tashrif buyuruvchilar uchun yetarli shart-sharoitlar ham achinarli ahvolda bo‘lgan.

O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 26 avgustda imzolangan «O‘zbekiston Respublikasida madaniyat va san'at sohasini innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan dasturga muvofiq muzey binosi 2020 yilda to‘liq rekonstruksiya qilinishi ko‘zda tutilgan. Kolleksiyalar va ashyolarni belgilangan me'yorlarda saqlash, namoyish etish uchun ko‘shimcha xonalarni qurish, binoning ichki va tashqi tomonlarini tubdan ta'mirlash, mehmonlarga zamon talabiga mos sharoit hamda qulayliklarni yaratish bo‘yicha keng miqyosdagi ishlar bajariladi.

Matbuot anjumanida Vena shahridagi «Albertin» muzeyi direktori, muzeylar kuratorligi, brendga aylantirish va boshqarish bo‘yicha yetakchi mutaxassis Klaus Albrext Shreder ham so‘zga chiqdi.

«Hozirgi davrda birorta ham muzey keng masshtabli rivojlanish rejasini ko‘z oldiga keltirmay turib, ishlolmaydi. O‘zbekiston davlat san'at muzeyini ravnaq toptirishdek mas'uliyatli va sharafli ish bilan shug‘ullanayotgan insonlarni jalb etib, muassasaning mohiyatini ochadigan va uning jamoatchilik oldidagi vazifasini ko‘rsatadigan muzey missiyasini ishlab chiqmoqchiman. Yana bir yildan so‘ng bu muassasa O‘zbekistonning butun an'analari va madaniyatini mujassam qiladigan yangi timsol bo‘lib yaraladi. U yurtingizning rang-barang va yorqin madaniyati hamda tarixini o‘zida mujassam etadi», dedi Klaus Albrext Shreder.

Brifingda ma'lum qilinishicha, mazkur majmuaning rekonstruksiya loyihalari uch bor - noyabr, dekabr va fevral oylarida namoyish etilib, undagi kamchiliklar mutaxassislar ishtirokida to‘ldiriladi. Jarayon esa bahorda boshlanadi.

Qayd etish joizki, muzeyda 100 mingdan ortiq eksponat mavjud bo‘lib, tashrif buyuruvchilar soni yiliga 350 mingdan oshadi.

Ko‘proq yangiliklar: