20,8 kilogramm marixuana saqlanayotgan xonadon fosh etildi

Jamiyat 13:34 / 18.10.2019 8800

Bojxona organlari tomonidan yirik miqdordagi giyohvand moddalarning g‘ayriqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari viloyat Ichki ishlar boshqarmasi vakillari bilan hamkorlikda Termiz shahrida tezkor tadbir o‘tkazdi.

Tadbir davomida fuqaro X.B. boshqaruvida bo‘lgan “Spark” rusumli avtomashina to‘xtatilib, belgilangan tartibda nazoratdan o‘tkazildi.

Natijada, ushbu shaxsning egnidagi kiyimlari cho‘ntaklarida o‘n to‘rt dona qog‘oz parchalariga o‘ralgan 18,43 gramm “marixuana” giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda

Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, fuqaro X.B.ning ko‘rsatmasiga asosan, Termiz tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Sh.Sh.ning xonadoni ham xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Tekshiruv jarayonida hovli tomorqasida 1 tup nasha giyohvandlik o‘simligi parvarishlanayotganligi hamda yordamchi xo‘jalikda polietilen qoplar va gugurt kutilarida umumiy og‘irligi 20 kilogramm 825 grammni tashkil etuvchi “marixuana” giyohvandlik vositasi saqlab kelinayotganligi ma'lum bo‘ldi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: