TIV Singapurga borayotgan O‘zbekiston fuqarolariga eslatma bilan chiqdi

Jamiyat 10:06 / 17.10.2019 29189

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Singapurga borayotgan o‘zbekistonliklarga eslatma bilan chiqdi

Singapur Respublikasidagi elchixonaning mazkur mamlakat TIVga tayangan holda ma'lum qilishicha, Singapur Immigratsiya va nazorat-o‘tish punktlari xizmati 2019 yil 14 avgustdan boshlab Singapurga kirishni qayd etish (SG Arrival Card) elektron xizmatining tajriba versiyasini sinovdan o‘tkazmoqda.

Mazkur dastur Singapurga kelayotgan shaxslar tomonidan mamlakatga kelishlaridan avval o‘zlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni taqdim qilishlari bilan bog‘liq jarayonni tezlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan. Dastur bosqichma-bosqich 2021 yilgacha amaldagi hujjatlarni qog‘oz shaklida to‘ldirish tizimi o‘rnini egallaydi.

Singapurga borishni rejalashtirayotgan chet el fuqarolari barcha mavjud elektron platformalar orqali mamlakatga kelishlaridan oldin 14 kun ichida zarur shaklni to‘ldirishlari mumkin. Dastur xizmatlaridan foydalanish tekin, ammo viza tizimi o‘rnatilgan davlatlarning fuqarolari uchun viza olish bilan bog‘liq jarayonni bekor qilmaydi.

Hozirda mazkur qulaylikdan Singapurga faqatgina havo transporti vositasida keluvchi shaxslar foydalanishlari mumkin.

TIV Konsullik-huquqiy departamenti Singapur, Avstraliya va Yangi Zelandiya hududida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda mamlakatning Singapurdagi elchixonasiga +65 6734 3942 telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tdi.

Ko‘proq yangiliklar: