AQShning SpaceX kompaniyasi Starlink loyihasi doirasida Yer orbitasida qo‘shimcha 30 mingta sun'iy yo‘ldosh joylashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Xalqaro elektr aloqa ittifoqi vakiliga iqtibos keltirgan holda SpaceNews internet portali xabar berdi.
Shunda SpaceX’ning joylashtirishga ruxsat berilgan 11 mingta sun'iy yo‘ldoshi bilan umumiy yo‘ldoshlari soni 40 mingtadan oshadi. Bu esa orbitaga ilk sun'iy yo‘ldosh uchirilgan 1957 yildan beri u yerda joylashtirilgan barcha sun'iy yo‘ldoshlar sonidan (8,5 mingta) 5 marta ko‘proqni tashkil qiladi.
Ta'kidlanishicha, gap sun'iy yo‘ldoshlarni 328-580 km balandlikda joylashtirish haqida bormoqda. Kompaniya o‘z rejasini qanday muddatda amalga oshirmoqchi ekaniga aniqlik kiritilmagan.
Starlink loyihasi yuqori tezlikdagi internetga global kira olishni ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan. Ushbu loyihaning ilk bosqichi – 800 ta sun'iy yo‘ldoshni orbitaga olib chiqish 3,5 mlrd dollarlik sarmoyani talab qiladi. Barcha 11 mingta sun'iy yo‘ldoshni olib chiqish va foydalanishga kiritish 10 mlrd dollarga aylanadi. Kompaniya 2019 yil may oyida loyiha doirasida ilk 60 ta sun'iy yo‘ldoshni orbitaga olib chiqqan.