Toshkentda pediatrlarning VIII s'yezdi o‘z ishini boshladi

Jamiyat 15:28 / 15.10.2019 1863

Toshkentda pediatrlarning VIII s'yezdi o‘z ishini boshladi. Unda Rossiya, AQSh, Germaniya, Italiya, Litva, Turkiya, Bolgariya, Qirg‘iziston, Tojikiston va boshqa xorijiy mamlakatlardan 60dan ortiq taniqli olimlar, yetakchi mutaxassis va shifokorlar ishtirok etmoqda. 

Tadbirda Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov so‘zga chiqdi.

«Ta'kidlanganidek, bolalarga pediatriya sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun yurtimizda Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan bir qatorda Perinatal, Skrining, Aholi reproduktiv salomatlik markazlari va uning quyi tizimlari ham tashkil etildi.

So‘nggi uch yilda ushbu tizimda ro‘y bergan o‘zgarishlardan biri shuki, endilikda qishloq oilaviy poliklinikalarida umumiy amaliyot shifokorlari qatorida pediatr, terapevt, ginekolog, stomatolog va UTT shifokori kabi tor mutaxassislar tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.

Hozirgi kunda bolalarda uchraydigan xirurgik kasalliklar, jumladan, kardioxirurgiya, otorinolaringologiya, neyroxirurgiya va boshqa sohalarda tug‘ma va orttirilgan kasalliklarda rekonstruktiv-tiklovchi va endovaskulyar operatsiyalar muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda.

Ushbu yo‘nalishda tibbiyot kadrlarini tayyorlash va mutaxassislarning malakasini oshirishga ham katta e'tibor qaratilmoqda. So‘nggi ikki yarim yil ichida 150dan ortiq mutaxassis Rossiya, AQSh, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Avstriya, Janubiy Koreya, Xitoy, Bolgariya, Slovakiya, Chexiya, Turkiya, Belarus, Ukraina singari xorijiy mamlakatlarning yetakchi universitet va klinikalarida malaka oshirdi.

Tibbiyot tizimida amalga oshirilgan bunday muhim islohotlar natijasida go‘daklar, neonatal va bolalar o‘limi keskin kamayishi kuzatildi. So‘nggi uch yil ichida go‘daklar o‘limi 11,4 promillidan 9,9 promilliga kamaydi.

S'yezd ishida 2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish Konsepsiyasiga ko‘ra hududlar miqyosida muammolar muhokama qilinib, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tadbirlar rejasiga va hududlarda bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini oshirish hamda respublikada pediatriya xizmatini rivojlantirishning asosiy tendensiyalari, istiqbollari va ularga erishish yo‘llarini belgilashga, yangi ishlab chiqilgan innovatsion texnologiyalar hamda ularni amaliyotga keng tatbiq etishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Ushbu Konsepsiyaning 2019-2021 yillarda amalga oshirilishi doirasida sog‘lom bola tug‘ilishi, bolalar sog‘lig‘ining shakllanishi, orfan va boshqa irsiy-genetik kasalligi bo‘lgan bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha bugungi kunda juda muhim bo‘lgan bir nechta me'yoriy-huquqiy hujjatlar, ya'ni «Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida»gi qonun va «Kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatishni yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi. Kuni kecha «Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to‘g‘risida»gi qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Tadbir doirasida bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatish, xususan, kasalliklar profilaktikasi, tashxislash va zamonaviy davolash usullarini amaliyotga keng qo‘llash bo‘yicha o‘zaro muloqotlar bo‘lib o‘tmoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: