Ko‘zi ojiz 4 mingdan ortiq fuqaro uchun Toshkent shahar kutubxonasi qachon ochiladi?

Jamiyat 10:45 / 15.10.2019 4871

Kun.uz tahririyatiga avgust oyi boshida Respublika markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasi xodimi Gulchehra Sultonmetovadan murojaat kelib tushgandi.

Unda aytilishicha, Toshkent shahar hokimiyatiga Toshkent shahar ko‘zi ojizlar kutubxonasini ochish bo‘yicha bir necha bor murojaat qilingan. Biroq xat ijrosi ta'minlanishi bilan bog‘liq muammolar kuzatilgan: ijrochi mehnat ta'tiliga ketgani ro‘kach qilinib, ijrosi paysalga solingan.  

Joriy yilning 11 iyun kuni Respublika markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasi tomonidan qayta yuborilgan 179-sonli xat ijrosi avgust oyiga qadar ta'minlanmagani ham murojaatda keltirib o‘tilgan.

Ushbu mavzuni o‘rganish maqsadida Kun.uz muxbiri Respublika markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasiga bordi.

Kutubxona direktori Rahim Ubaydullayevning ta'kidlashicha, Toshkent shahrida 4 mingdan ortiq ko‘zi ojiz fuqaro istiqomat qilayotgan bo‘lishiga qaramay ularga xizmat ko‘rsatadigan shahar kutubxonasi ham, tuman filiallari ham mavjud emas. Hozirgi paytda Respublika ko‘zi ojizlar kutubxonasi garchi shahardagi ko‘zi ojiz fuqarolarga xizmat qilayotgan bo‘lsa-da, bu hududdagi maxsus kutubxonaga ehtiyoji bor aholi qatlamini to‘liq qamrab ololmaydi.

Kutubxona rahbariyati tomonidan axborot berilishicha, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan 2017 yil 14 iyunda tasdiqlangan qo‘shma qarorda 250 nafar ko‘zi ojiz foydalanuvchilar yashaydigan tuman va shaharlarda Respublika va viloyat ko‘zi ojizlar kutubxonalarining filiallarini tashkil etish hamda bir stavka filial mudiri shtatini ajratish va har qo‘shimcha 150 nafar ko‘zi ojiz foydalanuvchi uchun 0.5 stavka kutubxonachi shtati ajratilishi belgilab qo‘yilgan.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2018 yil 18 sentyabrda qabul qilingan 739-sonli «Nogironligi bo‘lgan shaxslarga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorda ham «Maxsus axborot-kutubxona muassasalari tomonidan axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘liq qamrab olinishini ta'minlash maqsadida respublikadagi 1, 2 va 3-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning ro‘yxatini shakllantirish, ro‘yxatni har uch yilda yangilab borish. Shakllantirilgan ro‘yxat asosida 250 nafar ko‘zi ojiz nogironligi bo‘lgan shaxslar yashaydigan tuman(shahar)larda yangi ko‘zi ojizlar kutubxonasi filiallari tashkil etish choralarini ko‘rish» to‘g‘risida alohida band keltirilgan.

Bundan tashqari, ushbu hujjatda Toshkent shahrida yangi ko‘zi ojizlar kutubxonasini ochish to‘g‘risida ham alohida to‘xtalib o‘tilgan.

Lekin Toshkent shahrida 4 mingdan ortiq ko‘zi ojiz fuqarolar bo‘lishiga qaramay hanuz shahar kutubxonasi ochish ortga surib kelingan.

Vazirlar Mahkamasining «Nogironligi bo‘lgan shaxslarga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, shahar hokimligining ham uning ijrosini ta'minlash maqsadida alohida qarori va dasturi tasdiqlangan.

Ushbu hujjatda «Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatiladigan axborot-kutubxona xizmati sifatini yaxshilash, ularning axborotga bo‘lgan talabini qondirish va bo‘sh vaqtlari unumli o‘tishini ta'minlash borasida asosiy vazifalar belgilangan», lekin unda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan 20ta bandning atigi 2tasi aks etgan, xolos. Bular:

«1. Ko‘zi ojizlar kutubxonalari va ularning filiallari fondining saqlanishi, ularning harorat, namlik va yorug‘lik ta'sirini muntazam nazorat qilib boradigan jihozlar bilan ta'minlash choralarini ko‘rish.

Ko‘zi ojizlar kutubxonalari va ularning filiallarida xavfsizlikni ta'minlash maqsadida videokuzatuv moslamalari, signalizatsiya tizimlarini o‘rnatish choralarini ko‘rish. (2018-2022 yillar)

2. Maxsus axborot-kutubxona muassasalarida faoliyat yuritayotgan xodimlar hamda yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, ularning shart-sharoitlarini yaxshilash maqsadida joylarda imtiyozli ipoteka kreditlari hisobiga uy-joylar ajratish. (2018-2020 yillar)»

Yuqoridagi dastur ijrosi bo‘yicha mas'ullardan biri Toshkent shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Elbek Shukurov 2018 yil 28 dekabrda bu masalaga «Toshkent shahar hokimligi ko‘zi ojizlar kutubxonalari faoliyatini takomillashtirish hamda ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilishida va unda nazarda tutilgan tegishli tashkiliy ishlarda yaqindan yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini ma'lum qiladi», - deya fikr bildirgan.

Murojaat qilish ancha oldin boshlangan...

Markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasi tomonidan 2018 yil 5 oktyabrda Toshkent shahar hokimligiga qilingan murojaatda Vazirlar Mahkamasining qaroriga asoslanib, «Toshkent shahrida Respublika budjeti hisobidan yangi ko‘zi ojizlar kutubxonasini qurish 2020 yilga mo‘ljallangan. Shu munosabat bilan Toshkent  shahrining Chilonzor va Mirobod tumanlarida ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor fuqarolar zich joylashgani sababli ushbu tumanlarning birida joriy yilda shahar ko‘zi ojizlar kutubxonasi uchun mavjud bo‘lgan bo‘sh binolardan birini ajratish ehtiyoji sezilmoqda», - deya alohida ta'kidlab o‘tilgan.

Bundan tashqari, Madaniyat vaziri o‘rinbosari K.Akilova tomonidan ham Toshkent shahar hokimligiga alohida xat yuborilgan. Unda Toshkent shahar ko‘zi ojizlar kutubxonasini hamda tumanlarda uning filiallarini ochish, qo‘shimcha shtatlar ajratish, filiallarni talab darajasida bino va zaruriy moddiy vositalar bilan ta'minlashda  amaliy yordam va bu borada hamkorlik ishlarini olib borishga vazirlikning tayyorligi to‘g‘risida so‘z boradi.

Bino topilgan, lekin...

Yuqoridagi va boshqa murojaatlar asosida 2018 yil 2 noyabrida Toshkent shahar hokimligi Binolardan foydalanish departamenti Markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasiga shahar va tumanlarda kutubxona filiallari tashkil etilishi uchun bo‘sh turgan, ijara asosida foydalaniladigan, davlatga tegishli binolar bo‘yicha ma'lumot taqdim etadi.

Ayni mana shu ma'lumotnomada keltirilgan binolar ichidan ko‘zi ojiz fuqarolarga qulay bo‘lgan bino – Navoiy viloyati Tog‘-kon metallurgiya kombinatiga qarashli Toshkent shahri Yashnobod tumani M.Ashrafiy ko‘chasi 70-uyda joylashgan Toshkent moddiy tovar texnologik boshqaruv bazasining 125 kv.m. bo‘sh turgan xonalari tanlab olinadi va bu bo‘yicha Madaniyat vazirligi tomonidan NKMKga rasmiy xat yuboriladi.

O‘z navbatida, Navoiy viloyati Tog‘-kon metallurgiya kombinati ushbu murojaatga javoban, rozilik bildirib, ijaraga olish uchun Toshkent shahar davlat mulkini ijaraga berish markazi bilan bog‘lanish zarurligini  ta'kidlaydi.

«Biroq hali shtatlar ajratish va boshqa tashkiliy masalalar hal etilmasdan turib, binoni ijaraga olib bo‘lmas edi», - deydi Markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasi direktori.

«Internetda jar solish qoldi...»

Ayni mana shu jarayonda Markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasi direktori o‘rinbosari Gulchehra Sultonmetova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ishonch telefoni»ga murojaat qiladi. Uning murojaati  Toshkent shahar hokimligi madaniyat bosh boshqarmasiga yo‘naltiriladi.

«Madaniyat bosh boshqarmasi bizga va Toshkent shahar hokimligiga yo‘llagan javobida murojaat yuzasidan Respublika ko‘zi ojizlar kutubxonasi direktori va mas'ul xodimi Gulchehra Sultonmetova Bosh boshqarmaga chaqirtirilib, suhbat tashkil etildi, deb yozgan.

Lekin, aslida ular biz bilan hech qanaqa suhbat tashkil etishgani yo‘q.  

Bundan tashqari, shu xatda kutubxonamiz tomonidan rejalashtirilgan loyiha-takliflar o‘rnatilgan tartibda Mirobod va Chilonzor tumani hokimligiga kiritilishi lozimligi ta'kidlangan. Vaholanki, biz shahar kutubxonasini ochish to‘g‘risida so‘raganmiz», - deydi Gulchehra Sultonmetova.

Takroriy murojaatlar va qoniqarsiz javoblardan so‘ng Markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasi direktori R.Ubaydullayev Toshkent shahar hokimligiga 2019 yil 11 iyun kuni yana qayta murojaat qiladi.

«Shu kungacha hokimiyat mutasaddilari tomonidan hech qanday ijobiy xatti-harakatlar bo‘lmayapti. Faqat sizga takroriy murojaat qilish, bo‘lmasa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat qilish yoki internet tarmoqlarida jar solish qoldi», - deya yoziladi murojaatda.

Kitobga tashna qancha kitobxon bor...

Kutubxona mas'ullarining ta'kidlashicha, Uchtepa tumanida joylashgan shahardagi yagona ko‘zi ojizlar uchun ixtisoslashgan Markaziy kutubxona hamma foydalanuvchilar uchun ham qulay emas.

«Uyga kitob yetkazish xizmati» orqali hozir turli tumanlarda yashayotgan ko‘zi ojiz o‘quvchilarimizga Brayl yozuvidagi kitoblarni ham imkon boricha yetkazib berishga harakat qilyapmiz. Biroq ularni to‘liq qamrab olish oson emas. Agar shahar kutubxonasi va uning tuman filiallari ochilsa, kitobxonlarga ham ancha oson bo‘lardi», - deydi Gulchehra Sultonmetova.

Respublika Bosh Prokuraturasi tomonidan 2018 yil butun respublika bo‘yicha ko‘zi ojizlar kutubxonalari faoliyati tahlil qilinganda ham qator kamchiliklar aniqlanadi. Jumladan, «ko‘zi ojiz foydalanuvchilarni axborot-kutubxona xizmati bilan qamrab olish darajasi Toshkent shahri bo‘yicha 51 foizni tashkil etishi» ham Toshkent shahar ko‘zi ojizlar kutubxonasini ochish qanchalik zarur ekanini ko‘rsatadi.

Aslida, Respublika Markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasi ham 1966-1967 yillarda «Toshkent tramvay deposi» davlat tashkiloti uchun yotoqxona sifatida qurilgan binoda joylashgan bo‘lib, uning sharoiti ham juda havas qilgulik darajada emas.

«Ko‘zi ojiz kitobxonlarning ko‘ngli nozik...»

«Kitobxonlar ba'zida juda xursand kayfiyatda, ba'zida esa hassa o‘qtalib ham kirib kelishadi. Ularni tushunish kerak. Xodimlarimiz ularni avtobusga chiqarib qo‘yishadi, uylariga kitob yetkazib berishadi. O‘shanda ham har xil kayfiyatda kutib olishadi. Kitobxonlarni tushunishga doim harakat qilamiz.

Hozir ayni paytda mamlakatda kitobxonlikka jalb qilish bo‘yicha juda ko‘p ishlar qilinyapti. Lekin kitobga tashna ko‘zi ojiz kitobxonlar-chi? Yaqinda o‘tkazilgan bir yig‘ilishda «Sizlar kitobxonlikka qanday qilib jalb qilish haqida gapirasiz, biroq biz ko‘zi ojiz kitobxonlarimizga xizmat qilishga ulgurmay ham qolamiz. Sababi ularning eng katta umidi kitobdan», deya ta'kidlagan edim», - deydi Rahim Ubaydullayev.

Markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasi direktorining ta'kidlashicha, agar shahar kutubxonasi ochiladigan bo‘lsa, kitoblar va boshqa masalalarda yordamni Markaziy kutubxona ham o‘z zimmasiga oladi.

«Rahbarlar ham ularga o‘sha soha odamlari muammaoni qanday tushuntirsa, shunday xulosa chiqaradi. Masalan, quruvchi yoki shifokor muammoni tavsiflagani bo‘yicha keyin uning yechimi bo‘yicha chora-tadbir ishlab chiqiladi. Balki kutubxona bilan bog‘liq muammoni tegishli rahbarlarga mas'ul xodimlar to‘g‘ri yo‘nalishda tushuntirib berolmayotgandir», - deya o‘z fikrlarini bildirdi kutubxona direktori.

Mas'ul xodimlar mavzuni o‘rgandi

Kun.uz sayti ushbu masala yuzasidan Toshkent shahar hokimligi bilan bog‘lanib, masalani hamkorlikda o‘rganib chiqish uchun murojaat qildi.

Toshkent shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Elbek Shukurov masala muhokamasi uchun mas'ul xodimlari bilan birgalikda Respublika Markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasiga bordi.

Yuzma-yuz o‘tgan muloqotda muammo mohiyati to‘g‘ri tushuntirilib, shahar kutubxonasini ochish masalasi hokim o‘rinbosari nazoratiga olindi.

Avvalo, bino masalasini hal qilish uchun Navoiy viloyati Tog‘-kon metallurgiya kombinatiga qarashli Toshkent shahri Yashnobod tumani M.Ashrafiy ko‘chasi 70-uyda joylashgan Toshkent moddiy tovar texnologik boshqaruv bazasining 125 kv.m. bo‘sh turgan binosidan mart oyida ruxsat olingani, biroq undan buyon ancha vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay mas'ullar o‘sha kunning o‘zida binoni borib ko‘rishdi.

«Bitta ish boshlangandan so‘ng iloji boricha o‘sha kunning o‘zida yechimini topish kerak. Kutubxona ochilishi uchun harakat qilishni boshladikmi, demak, bugun Markaziy kutubxona tomonidan topilgan binoni ko‘rishimiz mumkin», - deya ta'kidladi Elbek Shukurov.

Shuningdek, uning qo‘shimcha qilishicha, hokimlik hal qilishi kerak bo‘lgan  turli masalalar orasida kutubxona masalasi mas'ul xodimlar tomonidan kerakli paytda to‘g‘ri tushuntirilmagani uchun muhimliligi jihatdan boshqa yechimini topishi kerak bo‘lgan muammolar orasida keyingi o‘rinlarga tushib qolgan.

Yechimgacha...

Kutubxona va mas'ul xodimlar NKMKga qarashli binoga borib, tegishli xodimlar bilan uchrashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Davlat mulki obektlaridan samarali foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar» to‘g‘risidagi farmoniga binoan, 2019 yilning 1 iyulidan boshlab, davlat ko‘chmas mulk obektlarini ijaraga berish bo‘yicha savdolar «E-I IJRO AUKSION» elektron savdo maydonchasi orqali amalga oshirilishiga asoslanib, bino ham auksionga qo‘yilgani ma'lum bo‘ldi.

Ayni paytda bino uchun qaysi tashkilot auksionda qatnashishi va undan keyingi ishlar qanday borishi bo‘yicha hokimlik va Markaziy kutubxona o‘rtasida kelishuv ishlari olib borilmoqda.

Tegishli odamlar bilan bog‘lanish va muammoni boricha tushuntirish imkoni bo‘lgani ham bundan keyingi ishlar tezroq hal bo‘lishiga va ko‘zi ojiz kitobxonlarga imkon qadar yaxshi bo‘lishiga yo‘l ochib beradi, degan umiddamiz.

Kun.uz bu mavzuga yana qaytadi.

Zilola G‘aybullayeva

Ko‘proq yangiliklar: