«Uchta taxmin bo‘yicha ish olib borilmoqda». Turkiyalik advokat Qodirova ishi bo‘yicha Kun.uz'ga ma'lumot berdi

Jamiyat 16:12 / 14.10.2019 55546

Turkiyada jinoiy ish bilan shug‘ullanayotgan prokurorga bosim o‘tkazilishi mumkin emas. Har bir ish qonun doirasida olib boriladi. Turkiyalik advokat Anna O‘zel Kun.uz muxbiriga intervyusi davomida shunday fikrlarni bildirdi.

O‘zbekistonlik Nodira Qodirova ishi yuzasidan Turkiya matbuotida turli xabarlar paydo bo‘lmoqda. Kun.uz muxbiri ushbu jinoiy ish bilan bog‘liq surishtiruv-tergov jarayoni qanday borayotgani bilan tanishish maqsadida Turkiya Respublikasida bo‘lib, Anqara shahri bosh prokurori Yuksel Kojaman va mazkur ish bilan birinchilardan bo‘lib tanishgan advokat Anna O‘zel bilan uchrashdi.

«Men 4 yildan buyon Turkiyada advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanaman. Yuridik fanlari magistriman. Nodira Qodirova ishi bilan birinchilardan bo‘lib tanishgan advokatlardan biri hisoblanaman», - deydi Anna O‘zel.

U mazkur ish haqida O‘zbekistonning Turkiyadagi Favqulodda va muxtor elchixonasidan xabar topgan. Uning aytishicha, mazkur jinoiy ish bilan shug‘ullanayotgan prokuror jinoiy ish doirasida o‘z joniga suiqasd, o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish yoxud qasddan qotillik bo‘yicha ehtimollarni ko‘rib chiqayotganini bildirgan.

Anna O‘zel

«Men ushbu ish haqida O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasidan xabar topdim. Elchixona bu ishni maxsus nazoratiga olgan. Ish bilan tanishish asnosida prokurorning menga tushuntirishicha, turli taxminlar bo‘yicha ish olib borilmoqda. Bular o‘z joniga suiqasd, o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish yoxud qasddan qotillik. Prokuratura ishni Turkiya qonunchiligi doirasida olib bormoqda. Tergov ishlari olib borilmoqda», - dedi advokat.

U, shuningdek, turli nashrlarda paydo bo‘layotgan xabarlar, jumladan, Nodira Qodirova murdasi ekspertiza qilinmaganiga oid xabarlarga izoh berdi.

«Men ish bilan shaxsan tanishdim. Men ko‘rganimda jinoiy ish to‘plami 200 sahifalar atrofida edi. Prokuror yaxshi ishlamoqda. Ekspertiza o‘tkazish uchun marhum jasadidan namunalar olingan va sud-tibbiy ekspertizaga topshirilgan. Tahlil natijalari tayyorlanadi», - deya ta'kidladi O‘zel.

Advokat turk qonunchiligi bo‘yicha tergov jarayoni qancha muddat davom etishi mumkinligiga doir savolga ham oydinlik kiritdi.

«Turkiyada tergov muddati qonunda ma'lum bir sana bilan belgilanmagan. Ammo, ma'qul muddatda, deya qayd etilgan. Odatda tergov jarayoni olti oydan bir yilgacha davom etishi mumkin», - dedi Anna O‘zel.

Advokat xonim Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashar ekan, Turkiyada tergov harakatlari siyosiy yoki boshqa qandaydir ta'sir tufayli to‘xtatilishi mumkin emasligini ta'kidladi.

«Men Turkiyada 4 yildan buyon advokatlik qilsam, asosan, jinoiy ishlar bilan shug‘ullanaman. Shu vaqtgacha men biror ishning deputat yoki siyosiy nuqtai nazardan yopilganiga duch kelganim yo‘q. Chunki, Turkiya o‘zining odil sud tizimini qadrlaydi.

Bundan tashqari, Turkiya odil sud tizimi doimiy ravishda takomillashib bormoqda. Shunga ko‘ra, biror deputat yoxud siyosiy arbob sababli ishni yopish yoinki biror dalilni yo‘qotishga doir urinishlar bo‘lmaydi», - deya qayd etdi advokat.

Anna O‘zel, shuningdek, gumonlanuvchilar yoxud ularning yuqori martabali do‘stlari prokuratura, ichki ishlarning tergov olib borishiga, sudning odil sudlovni ta'minlashiga qanchalik ta'sir ko‘rsatishi yoki bosim o‘tkazishi mumkinligi haqidagi savolga ham javob berdi.

«Bilasizmi, mening shaxsiy tajribamdan kelib chiqqan holda ayta olaman, politsiya yoki jandarmeriyaning quyi idoralariga ta'sir qilishlari mumkindir, lekin prokuratura yoki sudga bosim o‘tkazishlari mumkin emas, deb hisoblayman.

Istanbulda bo‘lib o‘tgan saylov natijalarini ham misol keltirsa bo‘ladi. Hukmron partiya bu shaharda yutqazdi. Saylov natijasiga qandaydir ta'sir qilish holati kuzatilmadi. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, Nodira Qodirova ishi, unda hukmron AKP deputatining yoki oilasining nomi bo‘lgani uchun yopiladi, deb o‘ylamayman. Qolaversa, bu ish O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi tomonidan qat'iy nazoratga olingan», - dedi advokat.

Anna O‘zel ijtimoiy mediadagi xabarlarga ham o‘z munosabatini bildirdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda bu ish bo‘yicha zaharlash kuzatilmoqda. Bilasizmi, ijtimoiy tarmoqdagilar, ular ish materiallari bilan tanish emas, ular barchasi qayerda ro‘y berganini, ishtirokchilarini ham bilishmaydi, har bir inson bundan foydalanishga urinadi», - dedi Anna O‘zel.

Tolib Rahmatov, Kun.uz muxbiri

Mavzuga doir: 

O‘zbekistonlik qiz Turkiya parlamenti deputatining uyida o‘zini otib qo‘ydi. Marhumning akasi politsiya xulosasidan shubhada

Nodira Qodirova ishi. Yaqinlari marhumning zo‘rlanganini taxmin qilayotgan bir paytda prokuror uni fohishalikda gumon qilyapti

Nodira Qodirova ishi. Turkiya parlamentining muxolif deputati Adliya vaziridan 6ta savolga javob talab qildi

TIV: Nodira Qodirovaning o‘limi bilan bog‘liq vaziyat nazorat ostida

Huquqshunos: «Ular Nodira Qodirovani fohishalikda ayblash orqali o‘zlarini oqlab olishmoqchi»

Nodira Qodirova ishi bo‘yicha deputatning o‘zi qanday ko‘rsatma bergani ma'lum – OAV

Qodirovaning Turkiyada ishlash uchun ruxsatnomasi bo‘lmagan. Ijtimoiy tarmoqlarda norozilik kampaniyasi boshlandi

«Nodira Qodirovani o‘ldirishgan degan gaplarning hammasi yolg‘on» – Turkiya ichki ishlar vaziri

Turkiya parlamenti deputati Shirin Unal Nodira Qodirova o‘limi yuzasidan ilk bayonotini berdi

Ko‘proq yangiliklar: