«Qop-qop va'dalar qopning ichida qolmoqda». Furqat tumanidagi qo‘rg‘onchaliklar suvsizlikka mahkum 

Jamiyat 16:43 / 14.10.2019 11746

Xonadoningizda toza ichimlik suvidan muammo yo‘qligi – farovonlikning bir belgisidir. Biroq uzoq vaqt davomida mamlakatdagi turg‘unlik sabab ko‘plab muammolar ildiz otib ketdi. Jumladan, ichimlik suvi sohasi ham egasiz qoldi. Navbatdagi murojaat bizni ayni shu muammo ortidan Farg‘ona viloyati, Furqat tumani, Qo‘rg‘oncha qishlog‘i sari yetakladi.

Husanjon Mahmudov:

– Ancha vaqtlardan beri mahallani ichimlik suvi muammosi qiynab kelmoqda. Katta yo‘l yoqasidan borib uzoq hududlardan suv tashib kelinadi. Ayollar, bolalar, keksalar qish kunlarida ham suv tashishadi. Murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Bajaramiz, bajaramiz, bahorga, martga, aprelga, keyin kuzga deya oradan yillar o‘tmoqda. Qop-qop va'dalar faqat qopning ichida qolib ketyapti. Shu yo‘ldan katta-katta rahbarlar, hattoki viloyat hokimi ham o‘tadi. Lekin birorta odam «sen suvni qayerdan tashib olib kelyapsan», demaydi. Bolalar katta-katta idishlarda suv tashib kelishadi. «Suvoqova» tashkilotidan kelib, va'dalar berishyapti, biroq natija yo‘q. Keyingi yili dasturga kiritilgan, degan yillarning anchasi o‘tib ketdi. Yo‘q suv uchun «uyingizga hisoblagich qo‘ying» deganlar ham bo‘ldi. Qachongacha suvsiz yashashimiz noma'lumligicha qolmoqda.

Vasila Roziqova:

– Biz mahalladagilar pul yig‘ib suv minorasi tashkil qildik. Lekin odam ko‘pligidan navbat yetmaydi. Shu sababli baribir «vodxoz»ga boramiz. Ba'zi vaqtlarda u yerlarda yig‘ilish bo‘ladi. Nima qilishni bilmay yana qaytib kelamiz. Kechasi bilan o‘sha yerdan suv tashib ichamiz. Shu sabab kasalliklar ham ko‘payib ketdi. Hatto, ariq suvi ham muammo. Chunki u ham fermerlardan oshmaydi-da.

Matluba Rahmonova:

– Mening kichik o‘g‘lim katta yo‘ldan borib suv tashib keladi. Baklajkalarda suv olib keladi. Bir safar mashina urib yubordi, baxtimizga omon qoldi. Besh yoshli qizim ham yonimda yurib, men bilan suv olib kelishga boradi. Yo‘l chekkasidan borishini tayinlab, ilhaq bo‘lib o‘tiraman. Ertalab ham maktabga borgunigacha suv olib kelib berishadi. Ariq suvi umuman yo‘q. Sigir-buzoqlarimizga ham shu suvdan beramiz. Ro‘zg‘or ishlari, idish-tovoq, kir yuvishlarga ham juda qiynalamiz. Komissiyalar juda ko‘p keladi, muammolar bilan qiziqadi. Darrov suv haqida aytamiz, lekin inobatga olinmaydi. Yozmagan joyimiz qolmadi, natijadan esa darak yo‘q.

Mohira Roziqova:

– Boshqa joylarga borsak, ularning xonadonlaridagi suvlarni ko‘rib havas qilib kelamiz. Kir, idish-tovoqlarni yuvganda ham juda suvni ehtiyotlab ishlatamiz. Bolalarimni hadeb suvga jo‘natmay deb suvni tejaymiz. Uyimizga mehmon kelib qolsa, juda qiynalamiz. Choynak ko‘tarib qo‘shnimizning uyiga chiqamiz. Ularda ham yo‘q bo‘lsa, mehmonlarimizning oldida ham sharmanda bo‘lamiz. Bitta luqma non yesangiz ham suv kerak.

Suvsiz umr kechirayotgan qishloq aholisi qiziq holat haqida aytib qolishdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, qishloqning bir keksa vakili vafotidan oldin «agar kimdir qishloqqa suv olib kelsa, uyim unga beriladi», deya hovlisining bir qismini vasiyat qilib qoldirib ketgan ekan. Biz o‘sha marhum insonning xonadonida bo‘lib, umr yo‘ldoshi bo‘lgan 81 yoshli Jo‘raxon Ummatova bilan uchrashdik. Ulug‘ yoshdagi onaxon ham ayni suv muammosidan aziyat chekayotgan qishloq ahlining ohlari Hudoga yetib borishini so‘rab tun-u kun duoda.

Qo‘rg‘onchaliklarning juda ko‘pchilik qismi bu muammodan aziyat chekmoqda va bu ularning haqli noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Suvsizlik aholi, ayniqsa yosh bolalar salomatligiga xavf solayotgani ham bor gap.

Mazkur qishloqdagi suvsizlik muammosini hal etish bo‘yicha qanday ishlar olib borilayotgani bilan qiziqib, tuman "Suvoqova" bo‘limida bo‘ldik.

Vohidjon Zokirov, tuman "Suvoqova" bo‘limi rahbari:

– Imkoniyatimizdan kelib chiqib «vodxoz» degan joydan 650 metr suvoqovadan truba tortildi. Suvning bosimi yetmagani sababli nasos oldik. Mana, 3 kun bo‘ldi Yagona darchaga shartnomalarini qilib to‘lovlarini qilib qo‘ydik. Endi elektr tarmoqlari elektr liniyasini tortib bersa, nasosni qo‘yib suv bosimini kuchaytiramiz. Lekin, bu qishloq yuz foiz suv bilan ta'minlanadi, degani emas. Undan nariyog‘ida 3ta mahalla bor. Bu yo‘lni qisqartirish uchun qilingan. «Obod mahalla» dasturiga eng og‘ir hududlar tushgan, bularning ichida «Bekobod» mahallasi ham bor. Bunda o‘sha joyga bitta quduq qazish taklifini kiritganmiz. Tumanimiz o‘zi kichkina bo‘lib, 34ta MFY mavjud. Aksariyat qismida ishlar yakunlangan. Suv bilan ta'minlanmagan 10ta mahalla qoldi. U joyda bir yillar ichida bo‘lib qoladi. Oldin hamma narsa dastur bo‘yicha bo‘lardi. Oldingi dasturlar o‘zini oqlamadi. Hozir endi «Obod mahalla» dasturi bo‘yicha qilinmoqda. Unda yuz foiz suv bilan ta'minlanadi. Hozircha dastur yo‘q. «Obod mahalla»da bir hududni to‘liq suvlashtirish nazarda tutiladi. Misol uchun, bitta hududni suvlashtirish uchun 8 kilometr suv tortilsa, oldingi dasturlarda 1 kilometr rejalashtirilgan, xolos. Biz mahallaning hamma joyini o‘rganib shunga qarab ish qilmoqchimiz. Bu 100 foiz suvlashdi degani.

Ko‘rib turganingizdek, Qo‘rg‘oncha qishlog‘ida uzoq yillardan buyon yechimini topmay kelayotgan bu muammoning qachon hal etilishi aniq emas. Umuman, hal etiladimi yoki yo‘qmi, bu savolga ham tayinli javob yo‘q.

Bahodir Ahmedov – muxbir
Nuriddin Nursaidov - tasvirchi

Ko‘proq yangiliklar: