IIV Buxorodagi to‘yxonada bo‘lgan janjalga IIB xodimlari kelmagani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

Jamiyat 20:40 / 13.10.2019 17134

Ichki ishlar vazirligi telegramdagi «SizdanTelegram» kanaliga 11 oktabr, juma kuni joylashtirilgan «Janjal payti IIBga qo‘ng‘iroq qildik, ammo hech kim kelmadi» sarlavhali videolavhaga munosabat bildirdi.

«Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasining ma'lumotiga ko‘ra, haqiqatan ham 9 oktabr, chorshanba kuni taxminan soat 21:00larda Buxoro tumanida joylashgan «Parizod» to‘yxonasining hovlisida bir necha odam gap tortishib, baland ovozda shovqin qilgan. Ushbu holat noma'lum shaxs tomonidan «Janjal davom etsa-da, ichki ishlar xodimlaridan darak yo‘q» mazmundagi gaplar bilan tasvirga tushirilgan.

Mazkur holat to‘y marosimiga qatnashayotganlarning o‘zaro kelishmovchiliklari oqibatida sodir etilgani, uning oqibatida hech kimga tan-jarohati yetmagani hamda tortishuv sodir bo‘lgani haqida biror bir fuqaroning ichki ishlar organlariga murojaat qilmagani aniqlandi.

O‘z o‘rnida, fuqarolarimizdan shu kabi holatlarning guvohi bo‘lganda befarqlikka yo‘l qo‘ymasdan, «tomoshabin» sifatida voqeani kuzatib turmay, zudlik bilan «102» telefon raqami orqali yoki voqea joyiga yaqin bo‘lgan ichki ishlar organlarining bo‘linmalariga murojaat qilishlarini so‘raymiz», — deyiladi vazirlik axborotida.

Ko‘proq yangiliklar: